“Mutlaqo nomaqbul” - O‘zbekiston Isroilning Dohadagi operatsiyasini qoraladi

O‘zbekiston Dohadagi binoga Isroil tomonidan zarba berilganiga munosabat bildirib, buni Qatar suverenitetini buzish, chegaralar daxlsizligi va xavfsizligiga tajovuz deb baholadi. “Bunday xatti-harakatlar mutlaqo nomaqbul bo‘lib, BMT Nizomini hamda xalqaro huquqning asosiy me’yor va tamoyillarini jiddiy ravishda mensimaslik hisoblanadi”, – deyiladi rasmiy Toshkentning bayonotida.

O‘zbekiston Isroil tomonidan Qatar hududida amalga oshirilgan operatsiyani qoralab bayonot berdi.

“O‘zbekiston Respublikasi Isroilning Doha shahridagi turar joy hududiga uyushtirgan hujumlarini qoralaydi va buni Qatar Davlati suverenitetini buzish, chegaralar daxlsizligi va xavfsizligiga tajovuz deb baholaydi.

 

Bunday xatti-harakatlar mutlaqo nomaqbul bo‘lib, BMT Nizomini hamda xalqaro huquqning asosiy me’yor va tamoyillarini jiddiy ravishda mensimaslik hisoblanadi.

O‘zbekiston xalqaro munosabatlarda kuch ishlatishning har qanday ko‘rinishiga va Yaqin Sharqdagi murakkab vaziyatni yanada keskinlashtiradigan qadamlarga izchil ravishda qarshi ekanini bildiradi”, – deyiladi TIV bayonotida.

9 sentabr kuni Isroil tomoni HAMAS guruhining Dohadagi a’zolari joylashgan binoga zarba berdi.

Bugungi HAMASning eng yuqori darajadagi rahbarlariga qarshi amalga oshirilgan operatsiya to‘liq mustaqil Isroil amaliyoti bo‘ldi. Isroil uni boshladi, Isroil uni o‘tkazdi va Isroil unga to‘liq mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi”, deya bayonot berdi Isroil bosh vaziri idorasi.

Qatar Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, zarba HAMAS siyosiy byurosining bir necha a’zolari istiqomat qilayotgan turar-joy binolariga berilgan.

“Bu jinoyatkorona hujum barcha xalqaro qonunlar va me’yorlarni ochiqchasiga buzish bo‘lib, Qatar fuqarolari va rezidentlarining xavfsizligiga jiddiy tahdid soladi”, deya bayonot berdi rasmiy Doha.

Qatar TIV mamlakat xavfsizligi va suverenitetini buzuvchi bunday harakatlarga mutlaqo toqat qilmasligini bildirib, hozirda eng yuqori darajada tergov ishlari olib borilayotgani, qisqa vaqt ichida qo‘shimcha tafsilotlar ma’lum qilinishini bildirdi.

HAMAS rasmiylarining Al-Jazeera'ga aytishicha, Dohada sulh taklifini muhokama qilayotgan yig‘ilishdagi barcha a’zolar Isroilning suiqasdga urinishidan omon qolgan.

Kun.uz

Powered by GSpeech