NCA: AQSH va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi inklyuziv hamkorlik sari
Vashingtonda o‘tkaziladigan Qo‘shma Shtatlar, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston yetakchilari ishtirokidagi C5+1 sammiti davomida ushbu formatning 10 yilligi ham nishonlanadi, deya xabar bergan “News Central Asia” nashri.
Muallif Tariq Said yozishicha, yetakchilar iqtisodiy barqarorlikdan xavfsizlikkacha, barcha umumiy ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha yakdil fikrni ilgari surishi va umuman har qanday samarali muloqot Markaziy Osiyo taraqqiyotiga xizmat qilishini ta’kidlagan.
– Bu hazilakam tadbir emas, – deb yozadi mualif. – Ma’lumki, Markaziy Osiyoning geografiyasi va tarixi mintaqani Xitoy, Rossiya, Eron, Afg‘oniston kabi yaqin davlatlar bilan tabiiy yaqin munosabatni taqozo etgan. Xususan, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi infratuzilmaga milliardlab mablag‘ sarfladi, Rossiyaning energetika va xavfsizlik bilan bog‘liq loyihalari ham hudud rivojida muhim o‘rin tutadi. AQSH siyosatchilarining maqsadi mazkur integratsiya jarayoniga xalaqit berish emas, balki bu munosabatlarni saqlab qolgan holda Amerika sarmoyasi uchun ham joy ajratish. Zero, inklyuziv yondashuv AQSH manfaatiga ham xizmat qiladi. Masalan, texnologiya, energetika va qishloq xo‘jaligi sohasidagi xususiy sektor gigantlariga Markaziy Osiyoning ulkan salohiyatidan samarali foydalanish imkonini beradi.
Mintaqaning “Tolibon” hukumati ostidagi Afg‘onistonga nisbatan pragmatik siyosatini olaylik. Markaziy Osiyo davlatlari ushbu mamlakat bilan mustahkam iqtisodiy almashinuvni saqlab qolib, hududga barqaror gumanitar yordam ko‘rsatmoqda. Bunday muvozanatli strategiya chegara ortidan giyohvand moddalarning ehtimoliy toshqini, ekstremizm yoki terrorizm tarqalishini to‘xtatishga yordam berdi. Demak, mintaqaviy barqarorlik kaliti ihotalash emas, balki jalb qilishda ekani ayon.
Amerikaning haqiqiy kuchi xususiy sektorda.Mamlakatshu orqali Eron va Rossiya bozoriga qayta kirishdan ulkan foyda ko‘radi. Ayni maqsad ro‘yobi uchun ko‘prik vazifasini bajaradigan, bugungi kunda yanada teran bog‘langan Markaziy Osiyo mazkur imkoniyatni faqat kengaytiradi, mintaqani Vashington uchun yanada kuchli, ishonchli hamkorga aylantiradi.
Tramp ma’muriyatining moslashuvchanligi so‘nggi payt Pusan sulhidan tortib, keng ko‘lamli diplomatik burilishgacha to‘liq namoyon bo‘ldi. C5+1 muzokarasi bu jarayonga uyg‘unlashishidan umid bor.
Xavfsizlik va iqtisodiy masalalar kun tartibida yetakchi o‘rinni egallashi, muhim foydali qazilmalar hamkorlik uchun asosiy yo‘nalish sifatida ilgari surilishi kutilyapti. Resurslar va yo‘nalishlardan tashqari, sammit suvdan foydalanish va iqlim barqarorligi kabi umumiy dolzarb muammolarni hal qilishi mumkin. Orol dengizi qurishi ekologiya muammolari haddan oshib ketayotganini yaqqol eslatadi. Bu borada Amerikaning yashil texnologiya sohasidagi tajribasi mintaqaviy sa’y-harakatlar bilan mos kelishi tayin.
Markaziy Osiyoning ko‘p qirrali diplomatiyasini tan olish, kuchlarni begonalashtirmasdan muvozanatlash orqali AQSH global barqarorlikni ta’minlash, farovonlikni oshirishga hissa qo‘shadi.
Vashingtondagi sammit shunchaki uchrashuv emas, balki yanada chuqur hamkorlikka asoslangan dunyo tartibida burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin.
O‘.Alimov tayyorladi.
O‘zA
Ўзбекча
English
Русский