Har qanday jamiyatning davlat organlariga bo‘lgan ishonchi, avvalo, davlat xizmatchilarining jamoatchilikka ochiqligi, hisobdorligi va yuksak muloqot madaniyatida namoyon bo‘ladi. Bu borada OAV vositalari bilan hamkorlik ahamiyatli bo‘lib ushbu jarayon O‘zbekistonda oxirgi o‘n yilda faollashdi. “Hukumatga kirish” uchun “eshiklar”lar ochildi. Mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim qarorlarni qabul qilishda xalqqa o‘z pozitsiyasini bildirish uchun shart-sharoit yaratildi.
Tabiiyki, boshqaruvdagi ushbu burilish davlat xizmatchilarining kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish zaruratini paydo qildi. Ushbu maqolada davlat xizmatchilari va OAV o‘rtasidagi muloqotning bir qismi, ya’ni, noqulay yoki provokatsion savollar negizida muloqotni tashkil etish, ushbu tipdagi savollarga javob berish usullari rivojlangan demokratik davlatlar amaliyotlari asosida tahlil qilinadi va tavsiyalar beriladi.
Yaqinda ijtimoiy tarmoq orqali rasmiy internet nashrining hokimlik binosiga kirib, mas’ul rahbarni provakatsion savollarga tutayotgani videosi e’lon qilindi. Ogohlantirilmagan “tashrif” va provakatsion savollar oldida, tabiiyki, mas’ul “qotib qoldi”. Na jurnalist professional faoliyat normalariga rioya qildi va na davlat xizmatchisining bu holat bo‘yicha kasbiy ko‘nikmasi ko‘zga tashlandi. Vaholanki, bugun ushbu sohaning huquqiy bazasi ancha mustahkamlangan. “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi kabi bir qatorqonunlar, “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksda ham yo‘nalishdagi munosabatlar tartibga solingan. Shunga qaramay, davlat xizmatiga oid professional kasb etikasi, jumladan, xolislikka amal qilmasdan e’lon qilinayotgan materiallar soni ko‘zga tashlanyapti.
Zamonaviy jamiyatda davlat boshqaruvi tizimining ochiqligi va hisobdorligini ta’minlashda OAV muhim ijtimoiy institut sifatida faoliyat yuritadi. OAV nafaqat axborot tarqatish, balki jamoatchilik fikrini shakllantirish, davlat siyosatining mazmunini keng aholi qatlamiga yetkazish, xalq hamda davlat o‘rtasida muloqot ko‘prigi vositasi sifatida ham xizmat qiladi. Shu nuqtai nazardan, davlat xizmatchilari va jurnalistlar o‘rtasida samarali hamkorlik — zamonaviy boshqaruv amaliyotining ajralmas qismiga aylandi.
Ushbu munosabat ishtirokchisi kimlar?
Davlat fuqarolik xizmati lavozimida o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi davlat fuqarolik xizmatchisidir (“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun, 10-modda). Jurnalist esa mehnatga oid yoki boshqa shartnomaviy munosabatlar asosida ommaviy axborot vositalari uchun xabarlar va materiallarni to‘plash, tahlil etish, tahrir qilish, tayyorlash hamda tarqatishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi shaxs. (Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun, 3-modda). Har qanday qonunchilikka ko‘ra, ular shaxsning huquqlari va erkinliklarini, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishi shart. “Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari” ga ko‘ra, davlat xizmatchilari ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik qilishi, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritilishiga ko‘maklashishi kerakligi belgilab qo‘yilgan. Provokatsion savollar esa ataylab shubha uyg‘otuvchi, tajovuzkor yoki javob beruvchini qattiq holatga solish uchun beriladigan savollar. Bunday savollar ko‘p hollarda odatda haqiqiy javobni olishga emas, balki shov-shuv chiqarishga qaratiladi.
Tadqiqotlarga ko‘ra, jurnalistlar provokatsion savollarni bir necha sabablarga ko‘ra berishadi. Buning ichida jamiyat manfaatlarini himoya qilishdan tortib, shaxsiy yoki ommaviy axborot vositasi imijini oshirishgacha bo‘lgan maqsadlar bor. Ko‘p hollarda ular davlat va jamoatchilik o‘rtasida ochiqlikni ta’minlash, mas’ul rahbarning liderlik salohiyatini baholash, auditoriyani jalb qilish, jamoatchilik manfaatini himoya qilish va manipulyativ maqsadlar uchun provakatsion savollardan foydalanishadi. Ba’zi hollarda savollar “haqiqat izlash”dan ko‘ra “qarama-qarshilik yaratish”ga ham xizmat qiladi. Bu professional jurnalistikaning etikasiga zid. Biroq, amaliyotda uchraydi.
Bunday savollar ko‘pincha jamoatchilik bilan uchrashuvlarda, matbuot anjumanlarida, OAVda va ijtimoiy tarmoqlarda beriladi. Misol uchun, "Haqiqatni aytishga tayyormisiz yoki siz ham boshqalar kabimi?", “Siz faqat qog‘ozda islohot qilyapsizmi?, “Nega oddiy maktablarda dars sifati past va nega u maktabda sizni farzandingiz o‘qimayapti?” kabi shunga o‘xshash savollar beriladi. Bunday holatlarda qanday yo‘l tutish bo‘yicha xalqaro standartlar mavjud. Deylik, davlat xizmatchilari uchun muloqot strategiyalari va jamoatchilik bilan samarali aloqa o‘rnatishga qaratilgan tadqiqotlar olib borgan Robert Gibsonning "Provokatsion savollarga diplomatik javob berish" modeli mashhur. R.Gibson davlat xizmatchilariga provokatsion savollarga javob berishda quyidagi strategiyalar tavsiya etgan:
Javobni kechiktirish: Agar savol juda noqulay yoki xato bo‘lsa, uning aniqligini tekshirish va javob berishdan oldin vaqt olish tavsiya qilinadi.
Javobni rad etish: Agar savol davlat siri yoki xizmatchining kasbiy pozitsiyasini buzsa, uni rad etish mumkin.
Javobni yumshatish: Agar savolga javob berish kerak bo‘lsa, uni yumshatib, diplomatik tilda javob berish kerak bo‘ladi.
Javobni qayta shakllantirish: Savolga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob berish o‘rniga, unga o‘xshash boshqa mavzudagi savol bilan javob berish mumkin.
Javobni haddan tashqari rad etish: Agar savol yolg‘onga qurilgan bo‘lsa, uni rad etish va bu haqda umuman ma’lumot bermaslik mumkin. Bu strategiyalar davlat xizmatchilarining muloqot davomida professionalligini saqlab qolishga yordam beradi.
Sohada o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, xorijiy mamlakatlarda ayrim yuqori lavozimdagi shaxslarda “distansiyali diplomatik nutq” ko‘rinishi shakllangan. Ammo ko‘p holatlarda xizmatchilar so‘z erkinligi va tanqidiy savollarga munosabatda himoyaviy yoki emotsiyaga asoslangan javoblar berishadi. Bu holat matbuot anjumanlari va jonli efirlarda yaqqolroq ko‘zga tashlanadi. Tahlillarga ko‘ra, xorijiy mamlakatlarda bunday holatlarga nisbatan institutsional yondashuv mavjud bo‘lib, xizmatchilar doimiy ravishda “krizis kommunikatsiya” va “jamoatchilik oldida so‘zlash” bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tishadi. Jumladan, malakali davlat xizmatchilari ishtirokidagi matbuot anjumanlari, intervyular “kontent-tahlil”dan o‘tkaziladi. Davlat xizmatchilari ishtirokida savolnomalar o‘tkazilib, shunday tipdagi intervyular yuzma-yuz tashkil etiladi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki(manba), provakatsion savollarga puxta javob berish — davlat xizmatchisining kasbiy salohiyati, emotsional intellekti va stressni boshqarish qobiliyatiga bog‘liq. Eng ko‘p provokatsion savollar korrupsiya, xizmatdagi qoidabuzarliklar va adolatsizlik mavzulariga oid ekanligini kontent tahlillar ko‘rsatgan.
Mutaxassislar davlat xizmatchilariga OAVning noqulay va provakatsion savollariga javob berish jarayonida quyidagilarga amal qilishni tavsiya qiladi(manba):
- Aniq ma’lumotlardan foydalaning;
- Professional iboralarga e’tiborli bo‘ling (ko‘p ishlatmang);
- Savol boshida jurnalist noo‘rin(haqiqatdan yiroq) ishlatgan faktlarga aniqlik kiriting;
- Sizni asosiy masaladan chalg‘ituvchi so‘zlarga e’tibor bermang;
- Jurnalist sizning nomingizdan berishini o‘zi istayotgan “iqtibos”ga hushyor bo‘ling;
- Raqobatchilaringizni tanqid qilmang;
- Jurnalist orqali auditoriya bilan muloqot qilayotganingizni yodda tuting;
- Muloqot oxirigacha o‘zingizni tabiiy tuting;
- Javobingiz faqat axborot berish emas, ko‘proq tahliliy fikrlardan iborat bo‘lsin;
- Adabiy til normalariga rioya eting;
- Aniq “ha” yoki “yo‘q” degan javobni imkon qadar ishlatmang;
- Javob berayotganda o‘zingizni himoya qilayotgandek tutmang;
- Bir fikrdan ikkinchisiga tezda o‘tib ketishga shoshilmang (orada kichik pauza qiling);
- Jurnalist bilan tortishmang;
- "uch soniya qoidasi"ni qo‘llang. Жавоб berishdan oldin nafas oling, tanangizni tik tuting va so‘z boshlang;
- Shaxsiy hayotingiz bilan bog‘liq savollarga javob bermaslikka haqlisiz.
- Neytrallik va emotsional barqarorlikni saqlang.
- Etika va professional standartlarga amal qiling.
- Savolni muallaq qoldirmang(shaxsiy hayotingizga tegishli ma’lumotlardan tashqari).
Shu o‘rinda mavzuga doir, amaliyotda muhokama bo‘lgan keysni ko‘rib chiqamiz.
Davlat xizmatidagi mas’ul rahbar joyiga chiqib, tegishli ijrochilar bilan birga qurilish sifatini tekshiryapti, ya’ni xizmat faoliyatini olib boryapti. OAV vakili kelib, unga provakatsion savollar bera boshladi. “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasiga muvofiq, OAV erkin va qonunga muvofiq ish olib boradi. Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini, ommaviy axborot vositalarining mulk huquqini, davlat organlarining g‘ayriqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilinishini kafolatlaydi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi. Demak, jurnalist qonuniy faoliyat olib bormoqda.
Endi holatning ikkinchi tomonini ham ko‘rib chiqamiz. Ayni shu qonunning 351-moddasiga ko‘ra, “Ommaviy axborot vositasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risida axborot olishga doir so‘rov bilan ularga og‘zaki yoki yozma shaklda (shu jumladan elektron hujjat shaklida) murojaat etish huquqiga ega. Ommaviy axborot vositasining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risida axborot olishga doir, shuningdek mansabdor shaxslarning intervyusini tashkil etish to‘g‘risidagi so‘rovi ko‘pi bilan yetti kun muddatda ko‘rib chiqiladi. Agar ommaviy axborot vositasining so‘rovini ko‘rib chiqish davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining vakolatlari jumlasiga kirmasa, so‘rov so‘ralayotgan axborotni taqdim etish o‘zining vakolatiga kiritilgan organga ro‘yxatdan o‘tkazilgan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida yuboriladi, ommaviy axborot vositasi esa bu haqda xabardor qilinadi. Demak, siz OAV vakilining murojaatiga javob berish uchun ko‘pi bilan yetti kun muddat olishga haqlisiz. Qolaversa, “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksga ko‘ra(198-modda), hokimiyat vakilining qonuniy talablarini bajarmaslik yoki xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish ta’qiqlanadi. Demak, xizmat faoliyatingizni olib borayotgan davrda ushbu huquqingizdan ham foydalanishingiz mumkin.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, zamonaviy davlat xizmatchisi faoliyatiga qo‘yilayotgan talablar faqat samaradorlik bilan cheklanib qolmay, balki ochiqlik, shaffoflik, institutsional hisobdorlik va jamoatchilik oldida javobgarlik kabi demokratik boshqaruv tamoyillariga ham asoslanadi. Bu esa davlat xizmatchisidan nafaqat axborotni uzatish, balki ijtimoiy kommunikatsiya jarayonida faol ishtirok etish, OAV orqali jamoatchilik bilan interaktiv muloqot olib borish qobiliyatini ham talab qiladi. Bunday sharoitda, noqulay yoki provokatsion diskurs shaklidagi savollardan qochish emas, aksincha, ularga kasbiy standartlar va kognitiv kompetensiyalar asosida munosib javob berishni — xalq ishonchini mustahkamlash imkoniyati sifatida qabul qilish lozim. Ushbu ikki tomonlama hamkorlik — davlat va jamiyat o‘rtasidagi muvozanatni saqlash, fuqarolar faolligini rag‘batlantirish hamda samarali boshqaruv muhitini yaratadi. Davlat xizmatchilari o‘z vazifalarini astoydil, ongli ravishda amalga oshirsa, tabiiyki, OAVning har qanday professional javob berish imkoniyati ham kengayadi. Natijada, davlat boshqaruvida interaktiv muloqot, transparent mexanizmlar(shaffoflikni ta’minlovchi usullar) va jamoatchilik bilan ijobiy aloqalar rivojlanadi.
Gulchehra ASHUROVA,
mustaqil tadqiqotchi
O‘zA
- Qo'shildi: 17.06.2025
- Ko'rishlar: 57
- Chop etish