20-21 noyabr Moskvada "Nyurnberg tribunalining 75 yilligi: tarixiy haqiqatlar va yangi davr da'vatlari" mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy forum bo'lib o'tdi. Tadbir Rossiya
Federatsiyasining G'alaba muzeyi tomonidan Prezident grantlari fondi ko'magida va Bosh prokuratura, Tergov qo'mitasi, Tashqi ishlar vazirligi, Adliya vazirligi kabi o'ndan ortiq davlat tashkiloti, nodavlat tashkilotlar hamda ilmiy muassasalar hamkorlignda tashkil etildi.
Xalqaro ilmiy-amaliy forumda dunyoning 30 mamlakati va Rossiya Federatsiyasining 85 sub'ektidan vakillar qatnashdi. Ishtirokchilar tarkibi davlat va siyosat arboblari, adliya, prokuratura va tergov organlari, jamoat tashkilotlari va madaniyat muassasalari xodimlari, shuningdek olimlar va ilmiy tadqiqotchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari, ta'lim muassasalari o'qituvchilari va talabalaridan iborat bo'ldi.
Xalqaro anjuman doirasida ikkita yalpi majlis, to'qqizta sho''ba bahs-munozaralari va madaniy-ma'rifiy tadbirlar tashkil etildi. Xususan, Nyurnberg merosining xalqaro va milliy huquq tizimlariga ta'siri mavzuiga bag'ishlangan sho''ba yig'ilishining ertalabki onlayn sessiyasida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etdi va ma'ruza qildi.
Ma'lumki, 1945 yil 20 noyabrda Germaniyaning Nyurnberg shahrida Uchinchi reyxning yuqori martabali rahbarlari ustidan sud jarayoni boshlangandi. Unda jahon urushini qo'zg'agan va o'n millionlab odamlarning umriga zomin bo'lgan siyosiy rejimning jinoiy qilmishlari ko'rib chiqilgan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta'biri bilan aytganda, "Bugun fashizmga qarshi kurashda halok bo'lgan minglab vatandoshlarimizning so'nmas xotiralarini yod etib, ularning ruhi poklariga hurmat bajo keltirish – biz uchun ham qarz, ham farzdir. Qonli jang maydonlarida mardlik ko'rsatgan, front ortida mehnat qilib, bugun hayotimizga fayz bag'ishlab yurgan muhtaram faxriylarimiz oldida barchamiz bosh egib ta'zim qilamiz".
Akademik A.Saidov ta'kidlaganidek, biz Ikkinchi jahon urushi davrida o'n millionlab kishilar qurbon bo'lganligi bilan bog'liq insoniyat boshiga tushgan bunday ulkan fojeani hamisha yodda saqlashimiz kerak. Bashariyat XX asrda inson zotiga nisbatan sodir etilgan bu qadar shafqatsizliklarga jahon tarixi davomida sira duch kelmagandi.
Birgina misol: shu vaqtga qadar respublikamiz hududida o'sha davrda yashagan 6 million 551 ming kishidan salkam 1 million 500 ming nafari urushda ishtirok etgan deb hisoblanardi. So'nggi ma'lumotlar esa, O'zbekistondan frontga qariyb 1 million 951 ming kishi safarbar etilganidan dalolat bermoqda. Bu o'zbekistonliklarning har uchtasidan bittasi qo'liga qurol olib, fashizmga qarshi jangga otlangan, deganidir.
Shu ma'noda, Nyurnberg protsessi – nafaqat harbiy jinoyatchilarga nisbatan odil sudlov, balki insoniyatga shaxsni, uning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida ulkan tarixiy saboq chiqarish imkonini bergan «tarixiy sud» hamdir. Nyurnberg tribunali o'z ishini boshlagan sanadan 75 yillik masofada turib, u tarixiy, huquqiy va ijtimoiy-siyosiy sohalar rivojida naqadar ulkan rol` o'ynaganligini yaqqol ko'rish mumkin.
XX asrning ikkinchi yarmida xalqaro hamjamiyat insonning asosiy huquqlari va erkinliklarini himoya qilish bo'yicha qat'iy normalar nafaqat davlatlarning milliy huquqida, balki xalqaro huquqda ham mustahkamlab qo'yilishi zarur, degan xulosaga keldi. Boshqacha aytganda, Nyurnberg jarayoni dunyoda yangicha huquqiy tartib-taomillar qaror topishiga muayyan darajada ko'maklashdi.
Xalqaro harbiy tribunal Nizomiga muvofiq, inson huquqlari sohasiga doir bir qancha xalqaro-huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi. Bu hujjatlarda davlatlarning inson huquqlarini hurmat qilish va ularni ta'minlash borasidagi umumiy majburiyatlari mustahkamlandi. Shuningdek, xalqaro jinoyatlarga yo'l qo'ymaslik yoki ularning oldini olish bo'yicha aniq normalarni o'zida aks ettirgan qator xalqaro konventsiyalar tasdiqlandi.
Nyurnberg jarayoni saboqlari xalqaro-institutlashgan odil sudlov organlari uchun zamin bo'lib xizmat qildi. Nyurnberg jarayoniga qadar xalqaro huquqda faqat davlatlarning javobgarligigina ko'zda tutilgan bo'lib, bu ham ko'p jihatdan jamoaviy javobgarlik hisoblanardi. Nyurnberg jarayoni - dastlabki xalqaro odil sudlov timsolida - ana shu vaziyatni tubdan o'zgartirdi.
Tribunal hozirgi zamon xalqaro sudlari tizimini barpo etish uchun namunaviy model vazifasini ham o'tadi. Xalqaro jinoyat sudi shu negizda tashkil etilgani ushbu fikrimizni tasdiqlaydi. Bu, o'z navbatida, xalqaro gumanitar huquq va xalqaro jinoyat huquqi rivojiga turtki berdi.
Nyurnberg jarayoni saboqlari insoniyat faqat birdamlikdagi sa'y-harakatlari bilan zulmga bas kelishi mumkinligini o'rgatdi. Aynan Nyurnberg tribunali Nizomidagi printsiplar keyinchalik BMT Bosh Assambleyasi tomonidan xalqaro huquqning insoniyatga qarshi jinoyatlar bilan kurashish sohasidagi umume'tirof etilgan printsiplari sifatida tasdiqlangan.
Nyurnberg jarayoni inson huquqlarini himoya qilishning ta'lim va axborot-ma'rifatga doir asoslarini yaratdi. Xalqaro hamjamiyat tinchlik madaniyati, inson huquqlari bo'yicha ta'lim sohasida BMT o'n yilligi, tinchlik va zo'ravonlikka yo'l qo'ymaslik madaniyati g'oyalarini ham aynan Nyurnberg printsiplari asosida e'lon qilgani e'tiborlidir.
Nyurnberg jarayoni inson huquqlarini rivojlantirish yo'nalishlarini belgilab olishga o'z ta'sirini ko'rsatgani juda muhimdir. Avvalambor, Nyurnberg jarayoni xalqaro jinoyatlarning yangi turlarini belgilab berdi. Keyinchalik bu yangiliklar xalqaro huquq va aksariyat davlatlar milliy qonunchiligidan mustahkam o'rin oldi.
Nyurnberg jarayoni zamonaviy xalqaro huquqni hamda uning tinchlik va asosiy inson huquqlariga rioya etishga taalluqli printsiplarini izchil rivojlantirishda yetakchi rol` o'ynadi. BMT Bosh Assambleyasi 1946 yilning dekabrida Nyurnberg odil sudlovi printsiplari amaldagi xalqaro huquqning tarkibiy qismi hisoblanishini e'lon qildi.
Ayni chog'da, Nyurnberg jarayoni bergan saboqlar bugungi kunda ham biz uchun ulkan ahamiyat kasb etadi. Xalqaro huquqning eng muhim printsiplari ishlab chiqilgani va qabul qilingani, shu printsiplarning amalda tatbiq etilishi tufayli insoniyat tinchlik va xavfsizlikni, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari himoyasini imkon qadar ta'minlab kelayotgani buning yaqqol dalolatidir.
A.Saidov qayd etganidek, Nyurnberg tribunali insoniyatning barcha muammolariga yechim topib bera olgani yo'q, albatta. Ammo, uning qat'iy qarorlari bo'lmaganida, hozirgi dunyo odamzod ko'ziga bu qadar jozibador ko'rinmagan bo'lur edi.
Koronavirus pandemiyasi, bir tomondan, butun insoniyatning bunday global tahdidlar qarshisida ojizligini ko'rsatgan bo'lsa, ikkinchi tomondan, Yer yuzidagi barcha davlatlar va dunyo xalqlari bir-birlari bilan o'zaro bog'liq ekanini yana bir bor tasdiqladi. Binobarin, jahon hamjamiyati a'zolari o'rtasidagi muntazam muloqotlar, ishonch va yaqin hamkorlik alohida ahamiyatga ega.
Insoniyat bir yaqqol haqiqatni yana e'tirof etdi. Bu ham bo'lsa, hukumatlar, parlamentlar, fuqarolik jamiyati sa'y-harakatlarini birlashtirish, yalpi javobgarlik, xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va o'zaro muvofiqlashtirish printsiplarini mustahkamlash zaruratidir.
Pirovarida, A.Saidov ta'biri bilan aytganda, Nyurnberg tribunali inson huquqlari bo'yicha xalqaro huquqni mustahkamlash borasida ulkan rol` o'ynagani, eng muhimi, jahon hamjamiyatiga o'zaro yaqin qo'shni, do'st va hamkor bo'lib tinch-osoyishta yashash mumkinligini ko'rsatib bergani shubhasiz.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 21.11.2020
- Ko'rishlar: 3966
- Chop etish