O'zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 30 iyunda qabul qilingan “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni, bir tomondan, Harakatlar strategiyasidagi ustuvor vazifalarni to'liq bajarish, ikkinchi tomondan, odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurash sohasida, mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy imijini olg'a surishda davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirishning ta'sirchan tizimini yaratish uchun xizmat qiladi.
Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida ham kechagi uslub, qotib qolgan qarashlardan voz kechish fursati allaqachon yetgan. Bugun odamlardan, Internetdan hech narsani yashirib bo'lmaydi. Joylarda goh tibbiyot xodimlari, goh o'qituvchilar, gohida esa tarbiyachilar turli xo'jalik ishlariga majburiy ravishda jalb etilgani haqidagi xabarlar qulog'imizga chalinib turibdi.
Bunday ma'lumotlarning biri tasdig'ini topmayotgan bo'lsa, tasdig'ini topgan holatlarda tegishli mas'ul shaxslar qonun oldida javobgarlikka tortilmoqda.
Qachonki, joylarda har bir katta-kichik rahbar bu masalada ham yangicha fikrlab, bugungi islohotlar talabiga mos ish olib borsa, shunda odam savdosi va majburiy mehnatni bartaraf etish bo'yicha ishlarimiz samaradorligi yuqori bo'ladi.
Darvoqe, 30 iyul kuni Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuniga bag'ishlab bir qancha muhim ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o'tkazildi. Ushbu uchrashuv va muloqotlar doirasida milliy, xorijiy va xalqaro ekspertlar ayni mavzuda o'zaro fikr almashdilar.
Xususan, “Odam savdosi jabrdiydalarini kelib chiqish mamlakatiga qaytarish jarayonida inson huquqlariga amal qilish bo'yicha Dasturulamal printsiplar”
to'plamining o'zbek tilidagi nashri taqdimoti shunday tadbirlardan biridir. Mazkur qo'llanma Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi (DIIHB) tomonidan tayyorlangan.
Kitobning o'zbek tiliga tarjimasi Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan amalga oshirilgan. Nashr taqdimoti YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi hamda YeXHT/DIIHB bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Taqdimot marosimida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, shuningdek, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi vakillari, shuningdek, YeXHT/DIIHB ekspertlari ishtirok etdi va so'zga chiqdi.
Muhokamalar jarayonida odam savdosi jabrdiydalarini kelib chiqish mamlakatiga qaytarish jarayonida olingan saboqlar, erishilgan natijalar va YeXHT mintaqasi mamlakatlarining oldida turgan vazifalar xususida fikr almashildi. O'zbekistonning odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi tajribasi haqida so'z yuritildi.
Anjuman qatnashchilariga odam savdosi jabrdiydalarini qayta yo'naltirish milliy mexanizmini rivojlantirish bo'yicha YEXHT/DIIHB tavsiyalari taqdim etildi. Taqdimotda “Odam savdosi jabrdiydalarini kelib chiqish mamlakatiga qaytarish jarayonida inson huquqlariga amal qilish bo'yicha Dasturulamal printsiplar” to'plamining mazmun-mohiyati va ahamiyati e'tirof etildi.
Ma'lumki, 2010 yil 30 iyulda BMTning Bosh Assambleyasi 64/293-rezolyutsiyasi bilan Odam savdosiga qarshi kurashish bo'yicha BMTning Global harakat dasturi qabul qilingan. Mazkur Harakat dasturida ushbu jinoyatning oldini olish, jabrdiydalarning himoyasi, jinoyatchilarni ta'qib etish va barcha yo'nalishlarda hamkorlikni mustahkamlash bo'yicha chora-tadbirlar ko'zda tutilgan. 2013 yilda esa 30 iyul – BMT tomonidan Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni deb e'lon qilindi.
YeXHT/DIIHB 2008 yilda bir qancha mamlakatlarda odam savdosi jabrdiydalari va noqonuniy immigrantlarni kelib chiqish mamlakatlariga qaytarish yuzasidan tadqiqotlar o'tkazish tashabbusini boshlab berdi. Bunda odam savdosi jabrdiydalarini qaytarish jarayonlarining turli jihatlari va YEXHT inson huquqlari sohasidagi standartlari va majburiyatlariga bu jarayonlarning qanchalik muvofiqligini o'rganishga alohida e'tibor qaratildi.
Natijada aksariyat mamlakatlarda bu borada foydalanish imkoniyati bo'lgan dasturulamal ko'rsatmalarning mavjud emasligi aniqlandi. Jumladan, hukumat organlari va fuqarolik jamiyati sub'ektlari uchun odam savdosi jabrdiydalarini qaytarish jarayonida qo'llash mumkin bo'lgan standartlarga talab kuchli ekani oydinlashdi.
YeXHT/DIIHB tomonidan mazkur to'plam ayni shu muammoni ijobiy hal etish maqsadida tayyorlangan. Qo'llanma YeXHT mintaqasida jabrdiydalarni qaytarish sohasidagi siyosat, tartib va amaliyotni qo'llashga ko'maklashish uchun odam savdosi jabrdiydalarini qaytarish jarayonida ishtirok etayotgan manfaatdor tomonlarga mo'ljallangan.
Qo'llanmaning birinchi qismida taqdim etilgan yetti dasturulamal printsip YeXHT mintaqasida qo'llaniladigan xalqaro normalardan kelib chiqadi. Har bir printsip qisqa bayon etilgan hamda davlat organlari va fuqarolik jamiyati uchun asosiy omillar va tavsiyalar ko'rsatilgan. Ikkinchi qismda ushbu dasturulamal printsiplar uchun asos bo'lgan xalqaro-huquqiy normalar haqida atroflicha tushuncha berilgan.
Qo'llanma odam savdosi jabrdiydalarini himoya qilishni yaxshilashga ko'maklashishga da'vat etilgan. Shu bois ushbu nashr davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari uchun zarur manba hisoblanadi. To'plam jabrdiydalarni qaytarish masalasiga qonunchilik yoki dasturiy siyosiy yondashuvlarni ishlab chiqish bilan shug'ullanayotgan davlat tuzilmalari uchun ham foydali bo'lishi mumkin.
Taqdimot doirasida Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuniga bag'ishlangan brifing o'tkazildi. Brifing moderatorlari O'zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida 2008 yil 17 aprelda “Odam savdosiga qarshi kurashish to'g'risida”gi qonun qabul qilinganiga e'tibor qaratdilar.
Qonunga muvofiq, odam savdosiga qarshi kurashish – odam savdosining oldini olish, uni aniqlash, unga chek qo'yish, uning oqibatlarini minimallashtirish, odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko'rsatish bo'yicha faoliyatni o'z ichiga oladi. Prezidentimiz Farmonida ushbu Qonunga tegishli o'zgartish va qo'shimchalar kiritish vazifasi kun tartibiga qo'yildi.
Mamlakatimizda odam savdosiga qarshi kurashish sohasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Keyingi yillarda ushbu sohada jinoyatlarning oldini olish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bu, o'z navbatida, odam savdosi jardiydalarining huquq va erkinliklarini ta'minlash, mamlakatda kriminogen vaziyatni sezilarli darajada yaxshilash imkonini berdi.
Tahlillar ushbu jinoyat yuzasidan sudlangan shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish borasidagi ko'rsatkichlarda pasayish tendentsiyasi kuzatilayotganini ko'rsatmoqda. Bu ijobiy omil, albatta, amalga oshirilayotgan ta'sirchan chora-tadbirlar o'z samaralarini berayotgani bilan bog'liqdir.
Xususan, o'tgan yili odam savdosiga qarshi kurashish yo'nalishida 123 ta jinoiy ish qo'zg'atilgan. 2017 yilda bu ko'rsatkich 305 tani tashkil etgandi. Ya'ni, odam savdosiga qarshi kurashish yo'nalishida qo'zg'atilgan jinoiy ishlar soni bir yilda 60 foiz kamaygan.
Bu borada jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar soni ham kamaymoqda. O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi ma'lumotlariga qaraganda, odam savdosi bilan bog'liq jinoyatni sodir etganlik aybi bilan 2017 yilda – 401, 2018 yilda – 234, 2019 yilning 6 oyida esa 70 nafar shaxs sudlangan. Ularning 55 nafari, ya'ni 71 foizi ayollardir. Shuningdek, odam savdosidan jabrlanganlarning 70 foizini ham xotin-qizlar tashkil etadi.
E'tibor bering: 2018 yilda 249 nafar kishi odam savdosiga doir jinoyatlar qurboni sifatida e'tirof etilgan. 2017 yilda ushbu ko'rsatkich 501 kishini tashkil etgandi. Ya'ni, bu borada bir yilda ikki barobar pasayish kuzatilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 5 noyabrdagi 240-son qaroriga muvofiq, Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish va ularni himoya qilish bo'yicha respublika reabilitatsiya markazi tuzilgan. O'tgan davrda Markaz tomonidan odam savdosi jabrdiydalarining 3 ming nafardan ortig'iga huquqiy, ijtimoiy, tibbiy va boshqa xil yordamlar ko'rsatilgan.
Shu o'rinda O'zbekiston 2013 yildan buyon Xalqaro mehnat tashkiloti metodologiyasi bo'yicha va ushbu xalqaro tashkilot ekspertlarining bevosita ishtirokida qishloq xo'jaligi sohasida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanish holati yuzasidan muntazam monitoring olib brayotganini alohida ta'kidlash lozim.
Natijada Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon bankining 2013-2018 yillardagi monitoringi yakunlari O'zbekistonda paxta yig'im-terimi mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan yalpi foydalanish holatlari kuzatilmaganini ko'rsatdi.
Bu yo'nalishdagi ishlarni yanada yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkmasi tomonidan 2018 yil 10 mayda “O'zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaror qabul qilindi. Qaror ijrosi doirasidagi izchil ishlar natijasida bugungi kunda mamlakatda fuqarolarni majburiy mehnatga yalpi jalb etish holatlari barham topdi.
Xorijiy va xalqaro hamkorlarimiz O'zbekistonning bu boradagi sezilarli sa'y-harakatlarini e'tirof etmoqdalar. Xususan, kechagi hafta mamlakatimizda bo'lgan AQSH Savdo vakili ofisi delegatsiyasi O'zbekistonda so'nggi ikki yil ichida amalga oshirilayotgan islohotlar majburiy mehnatning har qanday shakliga yo'l qo'ymaslik borasida jiddiy yuksalishlar ketayotganidan darak berishini qayd etdi.
Ayniqsa, yurtimizda majburiy mehnatga jalb etish holatlari bo'yicha bevosita murojaat etish uchun imkoniyatlarining kengaytirilgani katta ahamiyatga ega bo'ldi. Natijada keyingi davrda, bir tomondan, majburiy mehnatga jalb etish masalalari bo'yicha murojaatlar miqdori sezilarli darajada ortgan bo'lsa, ikkinchi tomondan, bu borada huquqbuzarlik qilganlarga nisbatan chora ko'rish holatlari ham ko'paydi.
Keyingi davrda mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solishni yanada takomillashtirishga qaratilgan qo'shimcha chora-tadbirlar ko'rilmoqda.
Mamlakat tashqarisida ishlaydigan O'zbekiston fuqarolarining ijtimoiy va mehnatga doir huquqlariga rioya etilishini ko'zda tutadigan davlatlararo darajadagi bir qator hujjatlar imzolangani shular jumlasidandir.
O'zbekiston tomonidan Xalqaro mehnat tashkilotining bolalar mehnati va majburiy menat bo'yicha konventsiyalari ratifikatsiya qilingan. Mazkur xalqaro-huquqiy hujjatlar talablarini amalga oshirish bo'yicha ayni paytda Milliy harakat rejalari hayotga tatbiq etilmoqda.
Majburiy mehnatga yo'l qo'ymaslik uchun nazoratni kuchaytirishda, albatta, qabul qilinayotgan huquqiy va tashkiliy-amaliy choralar katta ahamiyat kasb etmoqda. Ayni vaqtda bu boradagi milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga uyg'unlashtirish ishlari jadal bormoqda.
Jumladan, 2018 yil 16 oktyabrda “Xususiy bandlik agentliklari to'g'risida”gi qonun qabul qilingan. Shuningdek, Mehnat kodeksi, Jinoyat kodeksi, Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga qo'shimcha va o'zgartirishlar kiritish to'g'risidagi hamda bir qancha yangi qonun loyihalari ustida izchil ishlar davom etmoqda.
G'ulom Mirzo,
O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist
- Qo'shildi: 10.08.2019
- Ko'rishlar: 8281
- Chop etish