Zamonaviy hayot sharoitida odamlar ko‘proq vaqti cheklangani sababli ko‘cha ovqatlari, kafe, restoran yoki umumiy ovqatlanish joylaridan foydalanishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa bunday muassasalarda taqdim etilayotgan ovqatlarning sifati va xavfsizligini eng muhim masalaga aylantirmoqda. Chunki bu joylarda buzilgan sanitar-gigiyenik talablar natijasida salbiy holatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri inson salomatligiga xavf tug‘diradi.
Qolaversa, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi iste’molchilar huquqlarining ajralmas qismidir. Har bir fuqaroning toza va sog‘lom ovqatlanishga bo‘lgan haqqi bor. Shu bois davlat tomonidan ushbu sohada qat’iy nazorat va tizimli islohotlar olib borilmoqda.
Xususan, respublikamizda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida faoliyat yuritib kelayotgan Sanepidqo‘mita ushbu yo‘nalishdagi asosiy nazorat organi sanaladi. 2024 yil davomida amalga oshirilgan 15 mingdan ortiq tekshiruvlar davomida 2 mingga yaqin umumiy ovqatlanish maskanlarida turli xil qoidabuzarliklar aniqlangan. Ulardan 100 dan ortig‘i jiddiy xavf tug‘dirgani sababli vaqtincha faoliyati to‘xtatilgan.
Ko‘pchilik muassasalarda saqlash muddati o‘tgan mahsulotlardan foydalanish, oziq-ovqat zanjiri sanitariya talablariga javob bermasligi, xodimlar tibbiy ko‘rikdan o‘tmasligi kabi holatlar qayd etilgan. Ayniqsa, kichik qadoqlanmagan mahsulotlarning yaroqlilik muddatini aniqlashda kamchiliklar borligi aniqlangan.
Rivojlangan davlatlar tajribasiga tayansak, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda nafaqat nazorat, balki tizimning ochiqligi, jamoatchilik ishtiroki va texnologik yondashuvlar muhim rol o‘ynaydi.
Masalan, AQSHda Federal oziq-ovqat va dori-darmon xavfsizligi xizmati (FDA) tomonidan qat’iy tartibda nazorat qilinadi. Har bir ovqatlanish maskanida sanitariya ballari ochiq e’lon qilinadi. Yevropa Ittifoqida esa oziq-ovqat mahsulotlariga “yashil” yoki “qizil” yorliqlar qo‘yiladi, bu iste’molchi uchun ochiq axborot manbai hisoblanadi.
Yaponiya, Germaniya, Singapur kabi davlatlarda har bir restoran va oshxonaning faoliyati ustidan jamoatchilik ham kuzatuv olib boradi. Mobil ilovalar orqali iste’molchilar real vaqt rejimida o‘sha joyning sanitar holati, xodimlarning sertifikatsiyasi va ovqat tarkibi haqidagi ma’lumotlarni ko‘rishlari mumkin.
Mamlakatimizda ham oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida tizimli o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Prezident qaroriga asosan Sanepidqo‘mita vakolatlari kengaytirildi, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etildi. Hozirda har bir hududdagi risk-guruhdagi muassasalar “Risk-ssv.uz” elektron platformasi orqali baholanmoqda.
Biroq shunga qaramay, amaliyotda ayrim muassasalar nazoratdan chetda qolmoqda. Ayrim joylarda tekshiruvlar formallikka aylanib qolgan. Shuningdek, ta’minotchilarning (yoki yetkazib beruvchilarning) muvofiqlik sertifikatlari, mahsulot tarkibi, kelib chiqish manbai to‘g‘risida yetarli ochiqlik yo‘qligi ham mavjud asosiy muammo hisoblanadi.
Mutaxassislarning fikricha, ushbu yo‘nalishda quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq:
– Ommaviy ovqatlanish muassasalarining sanitariya holati ochiq reyting asosida e’lon qilinishi;
– “Risk-ssv.uz” bazasiga jamoatchilik va iste’molchilar uchun kirish imkoniyatini yaratish;
– Mobil ilova orqali har bir muassasa haqida real vaqt ma’lumot olish imkoniyati;
– Iste’molchilar shikoyatini tez va samarali qabul qilish tizimini joriy etish;
– Xodimlarning tibbiy malakasi, gigiyena sertifikatlari va muassasa faoliyatining ochiqligini kafolatlaydigan majburiy talablar kiritish.
Ta’kidlash joizki, oziq-ovqat xavfsizligi faqatgina davlat nazorati bilan emas, balki iste’molchi, tadbirkor va jamoatchilikning o‘zaro hamkorligi orqali ta’minlanadi. Har bir fuqaro shaffoflikni talab qilish huquqiga ega. Ommaviy ovqatlanish maskanlari esa o‘z navbatida sifatlilik va xavfsizlik mezonlariga javob berishi, ishonchli muhit yaratishi shart. Shundagina, sog‘lom avlod va xavfsiz kelajak barpo etiladi.
Maftuna Saidova,
Sanepidqo‘mita axborot xizmati rahbari.
O‘zA
- Qo'shildi: 28.05.2025
- Ko'rishlar: 187
- Chop etish