Ota-onalik huquqidan mahrum qilishning qanday huquqiy asoslari va ijtimoiy oqibatlari bor?

Bolaning tarbiyasi, ta’limi, sog‘lig‘i va huquqlarini ta’minlash ota-onaning asosiy vazifalaridan biridir. Ammo, ba’zi hollarda ota-onalar o‘z vazifalarini bajarmay, bolaga nisbatan beparvolik yoki zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yadi. Bunday hollarda sud tomonidan ota-onalik huquqidan mahrum qilish chorasi qo‘llanilishi mumkin.

Bu qanday tartibda amalga oshiriladi? Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari – Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Bobir Islomov bilan shu haqda suhbatlashdik.

– Konstitutsiyaning 77-moddasiga ko‘ra, ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar. 

Oila kodeksining 79-moddasiga asosan, 
ota-ona o‘z majburiyatlarini bajarishdan bosh tortsa, shu jumladan, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlasa, uzrsiz sabablarga ko‘ra o‘z bolasini tug‘uruqxona yoki boshqa davolash muassasasidan, tarbiya, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasi va shunga o‘xshash boshqa muassasalardan olishdan bosh tortsa, ota-onalik huquqini suiiste’mol qilsa, bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo‘lsa, jumladan, jismoniy kuch ishlatsa yoki ruhiy ta’sir ko‘rsatsa, muttasil ichkilikbozlik yoki giyohvandlikka mubtalo bo‘lgan bo‘lsa, o‘z bolalarining hayoti yoki sog‘lig‘iga yoxud eri (xotini)ning hayoti yoki sog‘lig‘iga qarshi qasddan jinoyat sodir qilgan bo‘lsa, ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi mumkin.

Agar bolalarga nisbatan ota-ona emas, balki oila a’zolari shafqatsiz muomalada bo‘lsalar, bolaning ota va onasi bunga qarshilik qilmasa, bunday ota-onalarning ota-onalik huquqlari Oila kodeksining 83-moddasiga muvofiq cheklanishi mumkin.

Bolaning hayoti va sog‘lig‘iga qarshi ota-ona tomonidan qasddan jinoyat sodir qilinishi o‘ta og‘ir va jamoat uchun xavfli hisoblanadi. Bunday asoslarga ko‘ra ota (ona)ni ota-onalik huquqidan mahrum qilishga faqat sudning qarori bo‘lgandagina yo‘l qo‘yiladi.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi hal qiluv qarorining nusxasi sud tomonidan vasiylik va homiylik organiga va bolaning tug‘ilgani qayd etilgan fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga yuborilishi lozim.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-ona qaysi bolaga nisbatan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan bo‘lsa, shu bolaga nisbatan bo‘lgan qarindoshlik faktiga asoslangan barcha huquqlardan, shu jumladan, undan ta’minot olish, shuningdek, bolali fuqarolar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va nafaqalar olish huquqlaridan mahrum bo‘ladi.

– Ota-onalik huquqidan mahrum qilish ota-onani o‘z bolasiga ta’minot berish majburiyatidan ozod qiladimi? 

– Bolaga ta’minot berish majburiyati saqlanib qoladi. Ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-ona (ulardan biri)ning bundan keyin bola bilan birgalikda yashash yoki yashamaslik masalasi sud tomonidan uy-joy to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda hal qilinadi.

Bola farzandlikka olingan bo‘lmasa, turar joyga bo‘lgan mulk huquqini yoki turar joydan foydalanish huquqini saqlab qoladi. Shuningdek, ota (ona)si va boshqa qon-qarindoshlari bilan tug‘ishganlik faktiga asoslangan barcha mulkiy huquqlarini, jumladan, meros olish huquqini saqlab qoladi.

Bolani ota yoki onasiga berishning imkoniyati bo‘lmagan yoki ota-onaning har ikkalasi ham ota-onalik huquqidan mahrum qilingan taqdirda, bola vasiylik va homiylik organining qaramog‘iga olib beriladi.

Oila kodeksining 81-moddasiga muvofiq, ota-onalik huquqidan mahrum qilish ota-onani bolalarini ta’minlash majburiyatidan ozod qilmaydi. Shu sababli, sud javobgarni ota-onalik huquqidan mahrum qilishda Fuqarolik protsessual kodeksining 251 va 254-moddalarining qoidalariga asoslanib, undan aliment undirish to‘g‘risidagi masalani, bunday da’vo qo‘zg‘atilgan-qo‘zg‘atilmaganidan qat’i nazar, birgalikda hal etishi shart.

Oila kodeksining 107-moddasiga asosan, voyaga yetmagan bolani 
ota-onasidan olish va uni bolalar tarbiya muassasasiga joylashtirish to‘g‘risidagi hal qiluv qarorini chiqarishda sud ota va onaning har biridan mazkur bola foydasiga ushbu kodeksning 99-moddasida belgilangan miqdorlarda alimentlar undiradi. Bunda undirilgan alimentlar mazkur bola nomiga ochilgan bank hisobvarag‘ida jamlanadi va u voyaga yetganda to‘lanadi.

– Ushbu yo‘nalishdagi sud amaliyotiga to‘xtalib o‘tsangiz.

– Mazkur turkumdagi ishlar sudlarda ko‘rilganda, eng avvalo, ota-onalik huquqidan mahrum qilish oxirgi chora ekaniga alohida ahamiyat qaratiladi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahar fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlari tomonidan 2024 yil davomida ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqida 226, 2023 yil davomida esa 239 fuqarolik ishi ko‘rilgan.

2024 yil davomida ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqidagi ko‘rilgan ishlarning 59,7 foizi qanoatlantirilgan, 22,6 foiz da’vo arizalarni qanoatlantirish rad qilingan, 17,7 foiz da’vo arizalar ko‘rmasdan qoldirilgan.

– Ota-onalik huquqidan mahrum bo‘lgan shaxslar bu huquqni qayta tiklay oladimi? 

– Oila qonunchiligida ota-onalik huquqidan mahrum qilish tartibidan tashqari, o‘z xatti-harakatlarida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarga erishgan ota yoki onaning huquqlarini tiklash ham belgilangan.

Oila kodeksining 82-moddasiga asosan, ota-ona (ulardan biri) o‘z xulq-atvorini, turmush tarzini va bola tarbiyasiga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirgan hollarda ota-onalik huquqi tiklanishi mumkin.

Ota-onalik huquqini tiklash ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-ona (ulardan biri)ning da’vosiga binoan sud tartibida amalga oshiriladi. Ota-onalik huquqini tiklash to‘g‘risidagi ishlar vasiylik va homiylik organining, shuningdek, prokurorning ishtirokida ko‘rib chiqiladi.

Agar ota-onalik huquqining tiklanishi bola manfaatlariga zid bo‘lsa, sud bolaning fikrini hisobga olgan holda ota-ona (ulardan biri)ning ota-onalik huquqini tiklash to‘g‘risidagi da’vosini qanoatlantirishni rad qilishga haqli.

O‘n yoshga to‘lgan bolaga nisbatan ota-onalik huquqining tiklanishiga faqat uning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. Bola farzandlikka olingan va farzandlikka olish bekor qilinmagan bo‘lsa, ota-onalik huquqini tiklashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Oila kodeksining 82-moddasiga muvofiq, sudlar ota-onalik huquqini tiklash to‘g‘risidagi da’volarni ko‘rishda ota-onalarning xulq-atvori va turmush tarzi o‘zgargan-o‘zgarmaganini, ularning bolalarini tarbiya qila olish-olmasliklarini sinchiklab tekshirishi lozim. Ota-onalik huquqini tiklash bolaning manfaatlariga mos kelsagina amalga oshiriladi. 

Sud ota-onalik huquqini tiklash to‘g‘risidagi masalani ota yoki ona ota-onalik huquqidan sudning fuqarolik yoki jinoyat ishi bo‘yicha chiqargan qaroriga binoan mahrum qilinganiga qaramasdan, fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida hal etadi.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish instituti bola huquqlarini himoya qilishda muhim vosita hisoblanadi. Biroq, bu chora faqat yuqori standartlar asosida, bola manfaatini ustuvor qilib, adolatli va shaffof sud tartibida amalga oshirilishi lozim. Sud amaliyotida bir xil yondashuv, huquqiy yordamni ta’minlash va bola fikrini inobatga olish kabi tamoyillar kafolatlanishi shart.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish – bola huquqlarini himoya qilish sohasidagi eng keskin va ta’sirchan huquqiy choralardan biri bo‘lib, uning amalga oshirilishi bolaning hayoti va kelajagi uchun uzoq muddatli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu bois, mazkur institutdan foydalanish faqat favqulodda va zarur holatlarda, bolaning huquqlari va manfaatlari avvalgi o‘ringa qo‘yilgan holda amalga oshirilishi lozim.         

Norgul Abduraimova,

O‘zA

Powered by GSpeech