Oʻzbekiston Interpoli tomonidan odam savdosi va firibgarlik uchun qidirilayotgan ikki ayol fuqaro Ummondan ekstraditsiya qilindi

Interpolning Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markaziy byurosi xodimlari kuzatuvi ostida xalqaro qidiruvda boʻlgan ikki nafar ayol fuqaro Maskat shahridan Toshkentga olib kelindi.

Qayd etilishicha, keng qamrovli tezkor-qidiruv tadbirlari va xorijiy hamkorlar bilan samarali axborot almashinuvi natijasida Ummon Sultonligi hududida xalqaro qidiruvda boʻlgan ikki nafar ayol fuqaroning qayerda ekani aniqlandi va ular ushlandi. Joriy yilning 23-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Interpol Milliy Markaziy Byurosi xodimlari tomonidan ularning ekstraditsiyasi amalga oshirildi. Ikkala ayol ham firibgarlik va odam savdosi bilan ayblanib, qidiruvda boʻlgan edi.

Firibgarlik bilan bogʻliq xatti-harakati uchun qidiruvda boʻlgan shaxslarni ekstraditsiya qilish jarayonini amalga oshirish maqsadida kuzatuv guruhi Ummon Sultonligining Maskat shahriga joʻnab ketdi. Interpol Maskat Milliy markaziy byurosi vakillari bilan uchrashuv davomida, Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan xalqaro miqyosda qidiruv eʼlon qilingan, odam savdosi bilan shugʻullanishda gumon qilinayotgan yana bir jinoyatchi ayol qoʻlga olingani maʼlum boʻldi. Oʻtkazilgan uchrashuv natijasida soddalashtirilgan ekstraditsiyani amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Shu tariqa, oʻrnatilgan hamkorlik munosabatlari va ikki tomonlama amalga oshirilgan saʼy-harakatlar natijasida qidiruvdagi shaxslar sud oldida javobgarlikka tortilishi va munosib jazo olishi uchun Oʻzbekiston Respublikasidagi Interpol Milliy markaziy byurosi xodimlariga topshirildi.

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»

Powered by GSpeech