Munosabat
So‘nggi sakkiz yilda O‘zbekiston zamonaviy transport yo‘laklari va logistika yechimlarini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarda faol ishtirok etmoqda. Mamlakatda barqaror transport-logistika infratuzilmasini shakllantirish, savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar samarali amalga oshirilmoqda.
Jumladan, joriy yilda hamkorlar bilan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi boshlandi, “O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya” transport yo‘lagi orqali yuk tashish hajmi sezilarli darajada oshdi. Xalqaro transport yo‘laklari va infratuzilmasini jadal rivojlantirish uchun o‘zaro muvofiqlashgan harakatlar davom etmoqda. Buni “O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish va uni qurilayotgan "Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston" temir yo‘l magistrali bilan tutashtirish loyihasi misolida ham ko‘rish mumkin.
O‘zbekiston Prezidentining Turkmanboshi shahridagi “Avaza” milliy turizm hududida bo‘lib o‘tgan BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasidagi ishtiroki va unda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar kelgusida xalqaro hamkorlik rivojiga hamda Markaziy Osiyoda tinchlik va farovonlikni mustahkamlashga muhim hissa qo‘shishi bilan yanada ahamiyatlidir.
Qolaversa, mamlakatimizning ko‘p vektorli transport strategiyasi allaqachon o‘zining aniq natijalarini bera boshlagan. Tranzit hajmi oshib bormoqda, O‘zbekistonning Yevroosiyo asosiy logistika markazi sifatidagi roli mustahkamlanmoqda. Dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyati yo‘qligiga qaramay, mamlakat geografik cheklovlarni muvaffaqiyatli yengib, ularni global jahon iqtisodiyotiga integratsiyalash yo‘lida strategik ustunlikka aylantiryapti.
Jumladan, 2025 yil aprel oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” sammitida yangi strategik “yo‘l xaritasi” qabul qilingan edi. Uning maqsadi ham mintaqaning YeI bilan transport va xomashyo integratsiyasini kuchaytirish va Transkaspiy yo‘lagi orqali jahon bozorlariga xavfsiz chiqishni ta’minlashdan iborat. Shu bois, ushbu maqsad va “yo‘l xaritasi” ham Avaza siyosiy deklaratsiyasiga hamohangdir.
Qolaversa, Turkmanistonda o‘tkazilgan uchrashuvlar Markaziy Osiyo davlatlari uchun muhim voqelik bo‘ldi. Bu uchrashuvlarda mintaqa yetakchilari o‘zaro muloqot olib bordi va bu orqali qo‘shnichilik, iqtisodiy hamkorlik va xavfsizlik borasidagi munosabatlar yanada mustahkamlandi. Aynan shunday tashriflar orqali biz, mintaqadagi qo‘shni davlatlar, bir-birimizni yaxshi tushunamiz va kelajakdagi rivoj uchun umumiy yo‘nalishlarni belgilaymiz. Shu jihatdan qaraganda, Ozarbayjonning ushbu muloqotlarga qo‘shilishi juda katta ahamiyatga ega. Chunki u nafaqat qo‘shni davlat, balki mintaqada muhim iqtisodiy o‘ringa ega hamkor hisoblanadi.
Boisi, Ozarbayjon bilan hamkorlik mamlakatlarimiz iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldirib, o‘zaro foydali munosabatlarni rivojlantirish imkonini beradi. Xususan, hududiy infratuzilmalarni birgalikda qurish orqali tovarlar aylanmasini ko‘paytirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va joriy etish orqali qishloq xo‘jaligini samarali rivojlantirish mumkin.
Umuman olganda, Avaza konferensiyasida O‘zbekiston yetakchisi tomonidan logistika sohasini rivojlantirishga oid aniq tashabbuslarning ilgari surilishi Markaziy Osiyo, xususan, dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlar uchun strategik ahamiyatga ega loyihalar hisoblanadi. Shu bois, Turkmanistonda o‘tkazilgan uchrashuvlarni nafaqat amaliy tashrif, balki kelajakka qaralgan, aniq maqsadlar asosida qurilayotgan hamkorlikning yorqin namunasi deyish mumkin.
Xulosa qilib aytganda, biz bir-birimizni qo‘llab-quvvatlasak, hamkorlikni mustahkamlasak va umumiy manfaatlarni ko‘zlasak Markaziy Osiyo va unga tutash davlatlar barqaror va gullab-yashnagan mintaqaga aylanadi.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA
- Qo'shildi: 08.08.2025
- Ko'rishlar: 155
- Chop etish