Munosabat
Ayni kunlarda dunyo davlatlari hamda xalqaro tashkilotlar, nufuzli va yetakchi ommaviy axborot vositalari nigohi O‘zbekistonga qaratilgan. Sababi, joriy yil 5-9 aprel kunlari Toshkent shahri tarixiy va geosiyosiy jihatdan muhim xalqaro siyosiy maydonga aylanadi. Bu sanada O‘zbekiston poytaxtida Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi bo‘lib o‘tadi. Ushbu tadbir nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan eng yirik parlamentlararo anjuman sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu Parlamentlararo ittifoq 1889 yilda tashkil etilgan bo‘lib, dunyodagi qonun chiqaruvchi organlarning eng yirik va nufuzli xalqaro tuzilmasidir. Unga 180 dan ziyod mamlakat a’zo bo‘lgan, shuningdek, 15 ta mintaqaviy parlament va 15 ta kuzatuvchi tashkilot faoliyat yuritadi. Uning asosiy maqsadi – demokratiyani mustahkamlash, parlamentlararo muloqotni rivojlantirish, inson huquqlari va global muammolar bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishdir.
O‘zbekiston 1992 yilda Parlamentlararo ittifoqga a’zo bo‘lgan, 2017 yilda a’zolik faoliyatini qayta jonlantirdi. Shundan buyon O‘zbekiston parlamentining xalqaro faolligi ortdi, qonunchilikda ochiqlik va parlament nazorati kuchaydi.
Toshkentdagi 150-yubiley Assambleyaning asosiy mavzusi “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” deb nomlangan bo‘lib, tadbir doirasida kambag‘allikni qisqartirish va tenglikni ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish va parlament nazorati, ijtimoiy inklyuziya va imkoniyatlar tengligi, barqaror rivojlanish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash hamda yoshlar, ayollar va ijtimoiy zaif guruhlarning huquqlarini himoya qilish kabi masalalar muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, kun tartibida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan barcha masalalarda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda keng ko‘lamli ijobiy islohotlar amalga oshirib kelinmoqda. Buni iqlim o‘zgarishi, barqaror rivojlanish ko‘rsatkichlariga erishish, ijtimoiy himoya, davlat boshqaruvida parlamentning o‘rni va rolini oshirish kabi islohotlar misolida ham ko‘rish mumkin. Shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida ham ushbu vazifalarni amalga oshirishga oid bir qator maqsad va ko‘rsatkichlar belgilangan.
Ayni vaqtda bu mavzular jahon miqyosida ham dolzarb bo‘lib, Assambleya muhokamalari global siyosiy yondashuvlarni shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi. Qolaversa, Toshkentda o‘tkaziladigan Assambleyaning O‘zbekiston va Markaziy Osiyo taraqqiyoti uchun ham ahamiyati yuqori.
Jumladan, Toshkentda bunday yirik forumning o‘tkazilishi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi siyosiy nufuzini mustahkamlaydi. Bu mamlakatning ochiqlik va hamkorlik siyosatini amalda namoyon etadi. Markaziy Osiyoda birinchi marta o‘tayotgan Parlamentlararo ittifoq assambleyasi O‘zbekistonning mintaqada parlamentlararo diplomatiya markaziga aylanayotganidan dalolat beradi. Tadbir orqali milliy parlamentimiz faoliyatining xalqaro standartlarga moslashishiga, qonunchilik jarayonlarida shaffoflik va jamoatchilik nazoratining kuchayishiga turtki beriladi.
Shuningdek, ushbu nufuzli tadbirning iqtisodiyot va turizm salohiyatidagi o‘rni ham yuqori. Minglab delegatlar va mehmonlarning tashrifi orqali mamlakatdagi servis sohasi, logistika, turizm va mehmonxona biznesi faoliyati jadallashadi. Forum doirasida yoshlar parlamentlari, ayol deputatlar va turli fuqarolik jamiyatlari ishtirokida alohida sessiyalar tashkil etiladi. Bu ijtimoiy tenglik va inklyuziv siyosatning amaliy ifodasidir.
Umuman olganda, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi O‘zbekiston uchun xalqaro siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylanishda muhim bosqich bo‘ladi. Bu tadbir nafaqat milliy parlamentarizmni rivojlantirish, balki mintaqadagi barqarorlik, adolat va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bois ushbu anjuman tarixiy voqea sifatida yuksak baholanmoqda va uning natijalari xalqaro maydonda katta ahamiyat kasb etadi.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Ekologiya va atrof-muhitni
muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA
- Qo'shildi: 27.03.2025
- Ko'rishlar: 353
- Chop etish