O‘zbekiston Rahbari G‘azo sektoridagi mavjud vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish zarurligini qayd etdi

2025 yilning 1 sentyabr kuni Xitoyning Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tgan «Shanxay hamkorlik tashkiloti plyus» formatidagi yig‘ilishdagi nutqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugungi notinch xalqaro sharoitda SHHT barqaror va adolatli jahon tartibotini ta’minlashning ishonchli tayanchiga aylanayotganini ta’kidladi. Nizo va mojarolar to‘lqinini to‘xtatish, ishonchni qayta tiklash, tinch-totuv hayotga intilish, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyil va me’yorlarini hurmat qilish muhimligi qayd etildi.

Bu o‘rinda O‘zbekiston Rahbari G‘azo sektoridagi vaziyat tobora keskin tus olayotganini va gumanitar ahvol yomonlashayotganini ta’kidladi. Shavkat Mirziyoyev Falastin–Isroil muammosini «ikki xalq uchun ikki davlat» tamoyili asosida adolatli hal etishgina Yaqin Sharqdagi mojaroni to‘xtatishi mumkinligini yana bir bor qayd etdi. 

Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda Falastindagi, jumladan G‘azo sektoridagi vaziyat jahon hamjamiyatining diqqat markazida turibdi. Bugungi kunda Falastin aholisining dori-darmon, oziq-ovqat, toza suv va boshqa hayotiy resurslardan foydalanish imkoniyati cheklangan. 

Bu o‘rinda, O‘zbekiston harbiy harakatlar boshlanganidan buyon ushbu mojaroni xalqaro huquq normalari asosida tinch yo‘l bilan tezroq hal etish tarafdori bo‘lib kelmoqda. O‘zbekiston Prezidenti G‘azodagi murakkab gumanitar holatni yaxshilash, mintaqada tinchlik va barqarorlik qaror topishiga oid intilishlarini va takliflarini Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti kabi yirik xalqaro tashkilotlar minbarlaridan turib xam bildirib o‘tgan.

O‘zbekiston tomoni mojaroni murosa va siyosiy-diplomatik vositalar bilan xal qilishga chaqiribgina qolmay, G‘azo sektoridagi mavjud og‘ir gumanitar xolatni yaxshilash uchun o‘zining amaliy va beg‘araz yordamini xam ko‘rsatmoqda. 

Jumladan, 2023 yilda Shavkat Mirziyoyev G‘azo sektori aholisiga baholi qudrat yordam ko‘rsatish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharq agentligiga 1 million 500 ming dollar ajratish haqida qaror qabul qildi. 2024 yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan 100 nafar falastinlik yarador ayollar va bolalar o‘z hamrohlari bilan birga O‘zbekistonga vaqtincha evakuatsiya qilindi. Ular reabilitatsiya markazlari va shifoxonalarga joylashtirildi. 

O‘zbekiston Rahbariyati bunday ishlar bilan cheklanmagan holda, falastinlik mehmonlarning jamiyatimizga moslasha olishlariga ko‘mak ko‘rsatish maqsadida qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rmoqda. Shu munosabat bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025 yilning 14 avgustida O‘zbekistonga kelgan Falastin fuqarolariga doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Yordamni muvofiqlashtirish maqsadida falastinlik bemorlar va ularga hamrohlik qiluvchilarni O‘zbekistonga yashashga moslashtirish jarayoniga ko‘maklashish bo‘yicha Respublika komissiyasi tuzildi. Ushbu komissiyaning ishchi organi etib Ijtimoiy himoya milliy agentligi belgilandi. Joylarda mehmonlar bilan bevosita ishlash «mahalla yettilik» va «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan amalga oshiriladi. Har bir oila uchun bir oy muddatda respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, shuningdek, ularning bo‘linmalari tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatishning individual rejasi ishlab chiqiladi.

Prezident, bundan tashqari, mamlakatda Falastin fuqarolarining yashash sharoiti va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun Ijtimoiy himoya milliy agentligida maxsus jamg‘arma tashkil etilishini ma’qulladi. Mazkur jamg‘arma mablag‘lari mehmonlarga sharoit yaratish va zarur xizmatlar ko‘rsatish, ularning xarajatlarini qoplash, moddiy yordam ko‘rsatish va boshqa bir qator qo‘llab-quvvatlash tadbirlariga yo‘naltiriladi.

O‘zbekiston Rahbarining G‘azodagi gumanitar vaziyatni yanada barqarorlashtirish, mojaroning tez fursatlarda murosa yo‘li bilan hal etishga qaratilgan chaqiruvlari, shuningdek Falastin aholisiga ko‘rsatayotgan yuksak ehtiromi va amaliy harakatlari oliyjanob o‘zbek xalqining hohish-irodasini yaqqol namoyon etib turibdi. 

O‘zbekiston Prezidentining tegishli tashabbuslari bilan G‘azoda murakkab ahvolga tushib qolgan aholiga xar tomonlama beg‘araz gumanitar ko‘mak ko‘rsatilayotgani mamlakatimizning umuminsoniy qadriyatlarga xurmatini, millatlararo va dinlararo o‘zaro totuvlik tamoyillariga, qo‘shni mamlakatlar bilan ahil qo‘shnichilik siyosatini olib borishga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi. Ta’kidlash o‘rinliki, bugungi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta konfessiya vakillari bag‘rikenglik tamoyili asosida tinch-totuv yashab kelmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yaqin Sharqdagi ushbu mojaroning xalqaro xuquq me’yorlari asosida tinch yo‘l bilan hal etishga qaratilgan bunday jadal amaliy harakatlarining tub zamirida tinchliksevar pragmatik tashqi siyosat yotibdi. Tinchlik va barqarorlik hukm surgan mintaqada izchil taraqqiyot, iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish va ertangi kunga ishonch bo‘ladi. 

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining SHHT minbaridan turib tinchlik va osoyishtalik ertangi kun taraqqiyotining asosiy kaliti ekanligini, bu o‘rinda turli nizo va mojarolarning to‘lqinini uzish, G‘azodagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etilishiga qaratilgan murojaati tinchliksevar o‘zbek xalqining hohish-irodasini, maqsad va istaklarini o‘zida aks ettirdi. Bu o‘rinda Davlatimiz Rahbarining jaxon hamjamiyatining mojaroni hal qilishda yanada faol harakatlarni amalga oshirishga oid chaqiruvi ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda xalqaro xavfsizlikni ta’minlash masalalariga e’tiborni kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.

Sarvar Kamolov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 
huzuridagi SMTI bosh ilmiy xodimi

Powered by GSpeech