2025 yilning 11-12 sentyabr kunlari Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari Bolalar ombudsmanlarining birinchi xalqaro forumi bo‘lib o‘tadi.
Birlashgan Millatlar tashkiloti (BMT)ning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) hamda Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan xalqaro anjuman “Markaziy Osiyo davlatlarida bola huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirishning dolzarb masalalari: Bolalar ombudsmanlari mintaqaviy hamkorligi istiqbollari” mavzusiga bag‘ishlanadi.
O‘zbekiston Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova mazkur xalqaro forum haqida so‘zlab berdi:
– Keyingi yillarda mamlakatimizda bolalar manfaatlarini ishonchli ta’minlash yo‘lida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bolalar mehnatiga barham berish, ularni turli zo‘ravonliklardan himoya qilishga qaratilgan amaliy ishlar xalqaro miqyosda ham e’tirof etilayotir.
O‘zbekistonda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan ochiq, pragmatik va ko‘p qirrali tashqi siyosat bolalar huquqlari sohasida ham o‘zining samarali ifodasini topmoqda. Bolalar manfaatlari yo‘lida xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlari kengaymoqda.
Xalqaro darajadagi yirik tashkilot – YUNISEF bilan O‘zbekistonning hamkorligi mustahkamlanib bormoqda. O‘zaro hamkorlikda ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirildi.
Bolalar duch kelayotgan murakkab holatlarni davlatlararo hamkorlik asosida hal etish bo‘yicha qo‘shma ishlar olib borilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Bolalar ombudsmani boshqa davlatlar Bolalar ombudsmanlari bilan samarali aloqalarni izchil yo‘lga qo‘ygan.
Jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari Bolalar ombudsmanlarining yaqindan aloqalari va birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasida ijtimoiy og‘ir ahvolda bo‘lgan bolalarni xorijdan o‘z Vataniga qaytarish choralari ko‘rilmoqda. Bunday bolalarning buzilgan huquqlarini tiklash, ularga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish hamda zarur hujjatlar rasmiylashtirish, vasiylikka berish kabi amaliy ishlar bajarilmoqda.
Aytish joizki, bola huquqlarini himoyalash sohasida mintaqada ilg‘or davlatlardan bo‘lgan O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari Bolalar ombudsmanlari muloqoti mintaqaviy platformasini yaratish tashabbusini ilgari surdi.
Buning amaliy natijasi sifatida poytaxtimizda bo‘lib o‘tadigan birinchi xalqaro forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad – bolalarni himoya qilish sohasida konstruktiv tajriba almashish, umumiy muammolarni optimal hal etishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilashdir.
Mintaqaviy va transmilliy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha yagona yondashuvlarni ishlab chiqish uchun Markaziy Osiyo davlatlarining Bolalar ombudsmanlari o‘rtasidagi muloqot o‘zaro hamkorlikning samarali mintaqaviy platformasiga aylanadi.
Mamlakatimiz mezbonlik qilayotgan xalqaro anjumanda Markaziy Osiyo davlatlari – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston Bolalar ombudsmanlari bilan bir qatorda Finlyandiya, Norvegiya, Xorvatiya kabi Yevropa mamlakatlari Bolalar ombudsmanlari va Yevropa Bolalar ombudsmanlari tarmog‘i (ENOC) vakillari ham ishtirok etishi kutilmoqda.
Forumda mamlakatimiz parlamenti vakillari, mutasaddi davlat idoralari, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda OAV vakillari qatnashadi.
Ikki kunlik xalqaro forum doirasida bola huquqlarini ta’minlashning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan plenar sessiyalar o‘tkaziladi.
Markaziy Osiyo davlatlarining bola huquqlariga oid xalqaro hujjatlar normalarini milliy qonunchilikka joriy etish tajribasi, mintaqada bolalar vaziyatining milliy monitoringi, Bolalar ombudsmanlarining mintaqalararo va xalqaro hamkorligini rivojlantirish istiqbollari, Internet makonida bolalarning xavfsizligini ta’minlash, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllarining oldini olishning samarali mexanizmi, bolalarning odil sudlovdan samarali foydalanish imkoniyatlarini ta’minlash kabi dolzarb masalalar e’tibor markazida bo‘ladi.
Keng muhokamalar va o‘zaro fikr almashinuv natijasida Markaziy Osiyo davlatlari Bolalar ombudsmanlarining muloqot va o‘zaro hamkorlik mintaqaviy platformasini yo‘lga qo‘yish, bola huquqlarini himoya qilishga qaratilgan milliy strategiya va rejalardagi sa’y-harakatlar hamda xalqaro tashabbuslarni integratsiya qilish, shuningdek, mintaqa mamlakatlari Bolalar ombudsmanlarining salohiyatini oshirish vazifalari ko‘rib chiqiladi.
Anjuman yakunida bola huquqlarini ta’minlash va himoya qilish sohasida Markaziy Osiyoda mintaqalararo hamda xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Markaziy Osiyo davlatlari Bolalar ombudsmanlari forumi Deklaratsiyasi qabul qilinadi.
O‘zbekiston tashabbusi bilan ilk bor Toshkentda tashkil etilgan Markaziy Osiyo davlatlari Bolalar ombudsmanlari forumi kelgusida har yili o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Umuman, doimiy asosdagi mintaqaviy platformaning yo‘lga qo‘yilishi bolalar manfaatlarini himoya qilish sohasida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida yagona muloqot maydonining mustahkam asosi bo‘lib xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 09.09.2025
- Ko'rishlar: 2
- Chop etish