Jahon miqyosida mamlakat imiji qanday ekanini bilish hamda davlatning rivojlanish tendensiyalarini dunyo mamlakatlari bilan solishtirish va ob’ektiv baholashning eng samarali vositalaridan biri – xalqaro tashkilotlar, xorijiy nohukumat va ayrim tijorat tashkilotlari tomonidan tuziladigan xalqaro reyting va indekslarni o‘rganishdir.
Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva respublikaning ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi ko‘rsatkichlari, ularning jamiyat hayotidagi tutgan o‘rni haqida ma’lumot berdi:
– Siyosiy-huquqiy sohadagi ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi ko‘rsatkichlarga e’tibor qaratsak. Jahon bankining Boshqaruv sifati indikatorlari – 30 dan optiq mustaqil manba asosida 213 mamlakatda davlat boshqaruvi sifati va samaradorligini global darajada o‘rganishga doir 6 ta mustaqil indikatordan tashkil topgan.
2023 yil sentyabrda e’lon qilingan hisobotda O‘zbekiston mustaqil indikatorlarning 3 tasi ya’ni, Zo‘ravonlik va terrorizmning mavjud emasligi va siyosiy barqarorlik, Korrupsiyani tiyib turish hamda Huquq ustuvorligi indikatorlari bo‘yicha ko‘rsatkichlarni yaxshilashga erishdi.
“Jahon odil sudlov loyihasi” (World Justice Project) xalqaro nohukumat tashkilotining Huquq ustuvorligi indeksi – huquq ustuvorligi sohasidagi ma’lumotlarni ekspertlar va aholi o‘rtasida o‘tkaziladigan so‘rovlar orqali tadqiq etib, 8 indikator va 44 subindikator bo‘yicha dolzarb ma’lumotlarni aks ettiradi.
2023 yil oktyabrda e’lon qilingan Huquq ustuvorligi indeksida dunyoning 142 ta davlati orasida O‘zbekiston 78-o‘rinni egalladi.
Ta’kidlash lozimki, 2016 yildan 2023 yilga qadar mamlakatimiz huquq ustuvorligi eng tez yaxshilangan davlatlar orasida 8,9 foiz o‘sish ko‘rsatkichi bilan birinchi o‘rinni egallagani e’tirof etildi.
“Transparency International” xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan e’lon qilingan Korrupsiyani qabul qilish indeksida davlatimizda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari ijobiy baholanmoqda.
Indeksning 2023 yilgi nashrida O‘zbekiston 180 ta mamlakat orasida 121-o‘rinni egallab, o‘z ko‘rsatkichlarini 2022 yilga nisbatan 5 pog‘onaga yaxshiladi.
Shuningdek, mamlakatimiz “Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan tuziladigan Matbuot erkinligi indeksining 2023 yil yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan hisobotida 180 ta davlat ichida 148-o‘rinni egalladi.
O‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonning siyosiy – huquqiy sohadagi reytinglardagi o‘rnini yaxshilash uchun parlament nazoratini yanada kuchaytirish, fuqarolarning davlat boshqaruvidagi faolligini oshirish, qonun hujjatlari normalarining aniq va bir xilda amalga oshirilishini ta’minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, jurnalistlarning huquqlarini ta’minlash hamda shaffoflik mexanizmlarini yanada samarali yo‘lga qo‘yish talab etiladi.
Xalqaro reytinglar va indekslarda mamlakatimiz o‘rnini mustahkamlashga davlat darajasida e’tibor qaratilib, bu borada huquqiy va institutsional asoslar takomillashtirilmoqda.
Aytib o‘tish kerakki, O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rnini monitoring qilish va baholash milliy tizimi joriy qilindi. O‘zini o‘zi baholash uchun ustuvor xalqaro reytinglarning mezonlari va indikatorlari asosida milliy indekslar ishlab chiqilmoqda.
Mamlakat hududlarida huquq ustuvorligi holatini baholash va yaxshilashning samarali mexanizmi sifatida Butunjahon odil sudlov loyihasi metodologiyasi asosida “Huquq ustuvorligi” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishga tushirilgan. Bu tizim orqali hududlarning huquq ustuvorligi indeksi aniqlanadi.
N.Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 29.07.2024
- Ko'rishlar: 1514
- Chop etish