O'zbekiston Respublikasi prezidenti hokimlar, Qurilish vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo'mitasi va hamda boshqa vakolatli davlat organlari rahbarlarini Konstitutsiyaning xususiy mulkning daxlsizligi, iqtisodiy faoliyat va tadbirkorlik erkinligini ta'minlash, tajovuzlardan himoya qilish, xususiy mulkni saqlash va yanada ko'paytirish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish to'g'risidagi normalarini so'zsiz ijro etish va ularga qat'iy rioya qilish bo'yicha shaxsan javobgar ekanligi to'g'risida ogohlantirdi. Bu haqda davlat rahbari tomonidan kuni kecha imzolangan Farmonda aytiladi.
Bosh prokuratura va O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakili:
xususiy mulkdorlarga ularning huquqlarini buzgan holda zarar yetkazilishiga, shu jumladan, mulk huquqini noqonuniy cheklash va (yoki) undan mahrum qilish, xususiy mulkka, jumladan, avval xususiylashtirilgan mulkka tajovuz qilish, mulkdorga qasddan nomaqbul shartlarni, shu jumladan, mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishga doir asossiz talablarni qo'yish, shuningdek, mulkni olib qo'yish yoxud mulk egasini shaxsiy mulk huquqidan voz kechishga majbur qilishga yo'l qo'yilmasligi ustidan tizimli nazorat (kontrol`) o'rnatadi;
mansabdor shaxslar tomonidan suiiste'mol va qonunbuzarlik holatlarining oldini olish va bunga yo'l qo'ymaslik yuzasidan zarur choralarni ko'radi.
Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda ushbu Farmon qoidalarini hisobga olgan holda qonun hujjatlariga, shu jumladan, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi qonuniga mulkdorlarning xususiy mulk daxlsizligi, o'ziga tegishli bo'lgan mol-mulkka mustaqil egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqlarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish, mulkdorlarga davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo'yilgan yer maydonining bozor qiymatida to'liq qoplanishini nazarda tutuvchi o'zgartirish va qo'shimchalar to'g'risida takliflar kiritadi.
Farmonga ko'ra, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimliklariga quyidagilar taqiqlandi:
— tadbirkorlarni o'z faoliyatidan tashqari, shu jumladan, homiylik va xayriya yordami ko'rsatish, hududlarni obodonlashtirish, ko'kalamzorlashtirish, temir-tersak va
makulatura yig'ish ishlariga majburiy jalb qilish;
— tadbirkorlarni qishloq xo'jaligidagi mavsumiy ishlarga (ekish va yig'ib olish) va mehnat resurslari, pul mablag'lari va boshqa moddiy boyliklarni yo'naltirish bilan bog'liq boshqa tadbirlarga jalb qilish;
— tadbirkorlar ishtirokida majburiy tartibda, shu jumladan, ularga nisbatan ma'muriy va boshqa choralarni qo'llash tahdidi ostida yig'ilishlar va boshqa tadbirlarni o'tkazish.
2020 yil 1 yanvardan boshlab Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlarining quyidagi vakolatlari tegishli xalq deputatlari Kengashlariga beriladi:
— qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan yer uchastkalarini olib qo'yish va bir fermer xo'jaligidan boshqasiga o'tkazish;
— jismoniy va yuridik shaxslar egaligida bo'lgan, ular foydalanadigan va mulki bo'lgan yer uchastkalarini jamoat va davlat ehtiyojlari uchun olib qo'yish.
Ma'lumot uchun: O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik sub'ektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to'g'risida»gi farmoni 2019 yil 13 avgustda qabul qilindi. Farmondan ko'zlangan maqsad xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini yanada kuchaytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qo'shimcha turtki berish, tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini qo'llab-quvvatlash, tadbirkorlik sub'ektlarining moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, joylarda ijtimoiy qamrov darajasini oshirishdir.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 14.08.2019
- Ko'rishlar: 7261
- Chop etish