Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 9 sentyabr kuni maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi sohasidagi islohotlar ijrosi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Mamlakat kelajagi, iqtisodiyot rivoji, avvalo, bilimli avlodga bog‘liq. Shu maqsadda yurtimizda bog‘cha va maktablar qurish, zamonaviy o‘quv dasturlarini qo‘llash, ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinmoqda.

O‘qituvchilarning oylik maoshiga 10 dan ortiq ustamalar joriy qilindi. Bugun o‘z ustida ishlagan 60 mingdan ortiq pedagog 10-12 million so‘m maosh olayapti. Yangi baholash tizimi bo‘yicha ijobiy natija ko‘rsatgan 300 ta maktabning butun jamoasi 40 foizgacha ustama olmoqda. Shu oydan maktab direktorlari, bog‘cha mudiralari va ularning o‘rinbosarlari oyligi ham 10 million so‘mdan oshdi.
Yil boshidan buyon xalqaro fan olimpiadalarida yurtimiz o‘g‘il-qizlari 195 ta medalni qo‘lga kiritgan. Xorijiy til egalari jalb qilingan mingdan ziyod maktabda til bo‘yicha sertifikat olgan o‘quvchilar soni bir yilda 2,5 barobar ko‘paygan.

Yig‘ilishda sohadagi islohotlarni davom ettirib, ta’limning barcha yo‘nalishlarida katta o‘zgarish qilish zarurligi ta’kidlandi.
Bu yil maktabgacha ta’limda o‘rinlar sonini 182 mingtaga ko‘paytirish rejalashtirilgan. Ularning 82 mingtasi yangi bog‘chalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan 100 ming o‘rin eski bog‘chalarni ta’mirlash orqali hamda xususiy sektor ishtirokida tashkil etiladi.

Buning uchun maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman va shaharlarda bo‘sh yerlar auksionga chiqariladi. Ularda davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘chalar qurish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqiladi. Bunday muassasalarga subsidiya berish, tarbiyachilar maoshini qisman qoplash tartibi joriy qilinadi.
Yangi bino, sharoit bilan birga bog‘cha xodimlarining salohiyati ham shunga yarasha yuqori bo‘lishi kerak. Yoz mavsumida 118 ming nafar tarbiyachining malakasi oshirildi. Lekin, bu hali kam. Davlat bog‘chalaridagi tarbiyachilarning 38 foizi, xususiylarda 24 foizi oliy ma’lumotli.

Shu bois yangi o‘quv yilidan o‘rta maxsus ma’lumotli tarbiyachilar uchun 5 kun ishlab, 1 kun o‘qiydigan bakalavr ta’lim shakli joriy qilinadi. Bu orqali bog‘chalarga har yili qariyb 10 ming oliy ma’lumotli mutaxassis kirib keladi.
Kelasi yili har bir viloyatda bog‘cha tarbiyachilarining pedagogik mahoratini oshirishga metodik ko‘maklashuvchi “Yangi avlod” bog‘chalari barpo qilinadi.
Yig‘ilishda maktab ta’limidagi sharoit bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.

So‘nggi uch yilda iqtidorli o‘quvchilar uchun 201 ta ixtisoslashgan maktab tashkil qilingan. Lekin 12 tasida qurilish-ta’mirlash ishlari hali yakunlanmagan.
Olis hududlardagi 74 ming o‘quvchi maktabga 5-7 kilometrdan qatnayapti. Qashqadaryo va Surxondaryodagi 100 ta maktabga bepul avtobus qo‘yilgan. Bu zarurat boshqa viloyatlarda ham ilgari surilmoqda.
O‘tgan yildan boshlab 1-sinflarda informatika dars soatlari yo‘lga qo‘yildi. Keyingi o‘quv yilidan yuqori sinflarga sun’iy intellekt bo‘yicha darslar kiritiladi. Buning uchun 2 mingta sinf xonasi kompyuter va interaktiv doskalar bilan ta’minlanishi aytildi.

Iqtidorli yoshlarga sharoit yaratish uchun viloyatlarda axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan Al-Xorazmiy, muhandislik bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek, tabiiy fanlar yo‘nalishida Ibn Sino maktablari filiallari tashkil etiladi. Ular hududlardagi texnika oliy o‘quv yurtlariga biriktiriladi. Yaxshi natijaga erishgan bitiruvchilar ularning 2-kursiga qabul qilinadi.
Keyingi yil maktab o‘quvchilari o‘rtasida eng nufuzli 2 ta – xalqaro kimyo va informatika olimpiadalari ilk bor O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi.
Mutasaddilarga shu boradagi vazifalar bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yoshlar tarbiyasi va bandligi masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Qayd etilganidek, endi yosh toifalari bo‘yicha milliy tarbiya modeli yaratiladi. Bu orqali bolalar zamonaviy kompetensiyaga ega mutaxassis, milliy qadriyatlarga sodiq inson bo‘lib tarbiyalanadi.
Bolalar kontentini rivojlantirish markazi, Qori Niyoziy nomidagi tarbiya pedagogikasi milliy instituti tomonidan haftalik mavzularidan kelib chiqib, qiziqarli videoroliklar ishlab chiqiladi. Ular “Milliy tarbiya” platformasiga joylashtirib boriladi.
Yoshlarning qobiliyatini yuzaga chiqarish, ularni har tomonlama shakllantirishda maktabdan tashqari ta’lim va sportning ahamiyati katta. Shu bois bu tizimni yangi bosqichga olib chiqish, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha Prezident qarori imzolandi.
Unga ko‘ra, joylardagi 219 ta “Barkamol avlod” maktabi, “Yoshlik” sport jamiyati, O‘quvchi yoshlar markazi va O‘zbekiston bolalar tashkiloti negizida respublika, hudud va tumanlarda “Kelajak” markazlari tashkil etiladi. Bu markazlar maktablar bilan uzviylikni jonlantirib, o‘quvchilarni muhandislik, ilm-fan, madaniyat, san’at, kitobxonlik, sport va ekologiya yo‘nalishlari bo‘yicha to‘garaklarga jalb qiladi.
Buning uchun har bir o‘rta maktabda maslahatchi lavozimi joriy qilinadi. Ular o‘quvchilarning qobiliyati va qiziqishiga qarab, til, kasb, muhandislik, ijod, san’at va sport to‘garaklarini tashkil qiladi. Ushbu to‘garaklar va olimpiadalarda erishgan natijalari bo‘yicha yoshlarning “raqamli portfolio”si shakllantirilib, elektron shahodatnomada ko‘rsatiladi.
Davlatimiz rahbari yoshlarimizni kasb-hunarli qilib, doimiy daromad topishi uchun sharoit yaratish eng dolzarb masala ekanini ta’kidladi.
Yurtimizda 450 ming o‘quvchini qabul qila oladigan 598 ta texnikum bor. Lekin ularga yoshlarning qiziqishi, kasb topish ko‘rsatkichi yuqori emas. Shuning uchun, Prezident va ixtisoslashgan maktablar tajribasi asosida, barcha texnikumlarga xalqaro standart bo‘yicha zamonaviy kasbga o‘qitish muhitini olib kirish zarurligi ta’kidlandi.
Bu ishlarni yagona siyosat asosida olib borish uchun Kasbiy ta’lim agentligi tashkil qilinadi. Endi investorlar buyurtmasi bilan texnikumlarda kadrlar maqsadli tayyorlanadi. Texnikum bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan korxonalarga imtiyozli kredit ajratiladi.
Rivojlangan davlatlar tajribasi asosida kasbga o‘rgatuvchi ustaxonalar tashkil qilish, xorijiy tillarni o‘qitishni kengaytirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Yig‘ilishda mutasaddilar va pedagoglar bilan muloqot bo‘ldi.
O‘zA
- Qo'shildi: 10.09.2025
- Ko'rishlar: 85
- Chop etish