Qamoqqa olingan shaxsni hibsxonada majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish haqidagi qonun imzolandi

Bu qamoqqa olingan shaxslarga nisbatan qiynoqqa solish holatlarining oldi olinishga qaratilgani ta’kidlanmoqda.

«Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimcha kiritildi.

Unga ko‘ra, qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga joylashtirilishidan oldin hibsxonaning o‘zida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

 

Majburiy tibbiy ko‘rik qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga keltirilgan paytdan e’tiboran 2 soat ichida o‘tkaziladi.

Bunda qamoqqa olinganning roziligi bilan uning advokati ham ishtirok etishi mumkin.

Majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha belgilangan namunadagi tibbiy ma’lumotnoma rasmiylashtiriladi.

Tibbiy ko‘rik chog‘ida qamoqqa olinganning tanasida jarohat, shikastlanish va yaralar aniqlanganda, ular belgilangan tartibda qayd etilib, bu haqda qamoqqa olinganga ma’lum qilinadi va zudlik bilan prokurorga xabar beriladi.

Kun.uz

Powered by GSpeech