Bu yil 3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni ana shunday shior ostida nishonlanmoqda. YUNESKO tomonidan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tashkil etiladigan global kampaniya ham xuddi shu nom ostida bo'lib o'tadi.
Ertaga butun dunyoda jurnalistika erkinligiga bag'ishlangan tadbirlar, jumladan, onlayn-muloqot va seminarlar o'tkaziladi. Keyingi kunlarda ham Facebook Live, YouTube, Microsoft Teams kabi yirik axborot platformalarida yuqori darajadagi muloqotlar, vebinar va bahs-munozaralar tashkil etilishi mo'ljallangan.
Ushbu muhim xalqaro sana arafasida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Maxsus ma'ruzachisi Devid Kaye dunyoning barcha davlatlarini o'z kasbiy vazifasini bajarishi asnosida hibsga olingan jurnalistlarni ozodlikka chiqarishga chaqirdi. U, shuningdek, mustaqil matbuot vakillariga, jumladan, koronavirus haqidagi yolg'on axborotlarni fosh etish bilan shug'ullanayotgan xodimlarga qarshi tazyiq o'tkazishni to'xtatishga da'vat etdi.
«Erkin matbuot borligi tufayli odamlar har qanday mazmundagi axborotdan xabardor bo'lish imkoniyatiga ega va bu jamiyatning sog'lig'ini saqlash sohasidagi hozirgi inqiroz davrida ayniqsa muhimdir. Keyingi oylarda mustaqil matbuot ommabop axborotning asosiy manbaiga aylandi; ayni shu matbuot vakillari ma'murlarning yolg'onlarini fosh etmoqda, har bir inson butun bashariyat boshidan kechirayotgan inqirozning mohiyati va ko'lamlarini tushunib yetishiga ko'maklashmoqda», - deya bayonot berdi BMTning Erkin fikr bildirish huquqini himoya qilish masalasi bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Devid Kaye.
Jahon matbuoti erkinligi kuni munosabati bilan shu yil 1 may kuni "BMT yangiliklari" (news.un) saytida e'lon qilingan mazkur bayonotida BMT eksperti davlatlar ommaviy axborot vositalari vakillarini ta'qib etish emas, balki ularning faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratilishini ta'minlash majburiyatini zimmasiga olganini eslatdi. Pandemiya davrida jurnalistlarning tergov hibsxonalarida ushlab turilishi va mahkumlar zich joylashgan qamoqxonalarda saqlanishi ularga koronavirus yuqishi xavfi keskin ortishiga olib keladi.
«COVID-19 avjga chiqa boshlagan davrdan buyon menga jurnalistlarning go'yoki dezinformatsiya tarqatganligi uchun ta'qib ostiga olinayotgani haqidagi tashvishli xabarlar kelib turibdi», - dedi BMT Maxsus ma'ruzachisi. U jamoatchilikdan yashirilgan dalillarni oshkor qilish yoki g'irt yolg'on axborotni fosh etishga intiladigan mustaqil matbuot vakillarini ta'qib ostiga olish va jazolashga qaratilgan har qanday harakatni qoraladi.
Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi tahlillariga qaraganda, bugungi kunda OAVning 250 nafar vakili o'z kasbiy vazifalarini bajarganligi uchun qamoqxonalarda og'ir sharoitlarda ushlab turilibdi. O'z navbatida, «Chegarasiz muxbirlar» tashkiloti ham pandemiya davrida matbuot erkinligining buzilishi bilan bog'liq ko'plab holatlar haqida BMTga ma'lum qilgan.
BMT eksperti jurnalistikani kriminallashtirishga zudlik bilan chek qo'yish va tez fursatlarda ushbu soha vakillarining barchasini ozodlikka chiqarishga chaqirdi. U har qanday axborot vositalarining xodimlari o'z xavfsizligidan xavotir olmay ishlash imkoniga ega bo'lishi zarurligiga e'tiborni qaratdi.
G'ulom Mirzo tayyorladi
- Qo'shildi: 02.05.2020
- Ko'rishlar: 4081
- Chop etish