Rossiyaning xalqaro ilmiy hamjamiyatdan ajralib qolishi texnologik bo‘shliqni kengaytirdi. Rossiyalik olimlarning ogohlantirishicha, sanksiyalar va kadrlarning chiqib ketishi Rossiyada tadqiqotlarning keyingi rivojiga tahdid solmoqda.
Ukrainada urush boshlanganidan keyin xorijlik hamkasblar bilan ilg‘or g‘oyalar almashinuvi to‘xtatilgani sababli Rossiya ilm-fani jahon ilm-fanidan bir necha yil orqada qoldi. Bu haqda RBK radiosi efirida Rossiya Iqtisodiyot maktabi (RESh) ilmiy direktori Ruben Yenikolopov ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kechikish uch yilga yetishi mumkin, chunki asosiy kashfiyotlar haqidagi maqolalar yetakchi ilmiy jurnallarda aynan shunday kechikish bilan chop etiladi.
«Siz ikki-uch yil avval faol bo‘lgan narsani o‘qiyapsiz. Eng so‘nggi qiziqarli g‘oyalar [xalqaro] konferensiyalarda jonli ravishda muhokama qilinadi. Shunchaki uchish ancha qiyinlashdi, qimmatroq bo‘ldi», — dedi Yenikolopov. Uning ta’kidlashicha, Rossiyaga qarshi sanksiyalar zamonaviy tadqiqotlarga kirishni qiyinlashtirgan. «Odamlar, hatto jurnallarga kirish huquqini to‘lashni va sotib olishni xohlasa ham, bu taqiqlangan», dedi RESh ilmiy direktori. Uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik olimlar xalqaro munozaralardan xabardor bo‘lish uchun vaqtinchalik yechim izlashi kerak.
Qiyinchiliklarga Rossiya ilmiy tashkilotlarida xodimlarning qisqarishi qo‘shildi. Shu tariqa, 2015 yildan 2024 yilgacha mamlakatda fan doktorlari soni qariyb 23 foizga, 21 705 nafargacha, nomzodlar soni esa 19 foizga, 67 881 nafargacha qisqardi, deb yozadi «Vedomosti» gazetasi Rosstatga tayanib.
Kun.uz
- Qo'shildi: 11.09.2025
- Ko'rishlar: 122
- Chop etish