Samarqand – ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, investitsiya va eksportda namunali hudud bo‘ladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 noyabr kuni ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonlari bilan tanishish hamda kelgusidagi vazifalarni faollar ishtirokida belgilab olish uchun Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari Samarqandga tashrifini taomilga ko‘ra, Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilish bilan boshladi. Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi.

Prezidentimizning tashabbusi bilan mazkur majmua buyuk muhaddis bobomizning islom olamida tutgan yuksak mavqei, ulkan salohiyatiga munosib tarzda qaytadan bunyod etildi. Umumiy maydoni 45 gektarni tashkil etadigan hududda ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid va ma’muriyat binosi, muzey, kirish va chiqish ayvonlari qurildi. Ziyoratgohning 4 burchagidagi 75 metrlik minoralar unga mahobat bag‘ishlagan.
Bu joy faqat ziyorat emas, ilm-ma’rifat, tarbiya va ibrat maskani bo‘lishi, Imom Buxoriyning buyuk izlanishlari, bilimi hamda kamoloti ziyoratchilar, ayniqsa, yoshlar uchun ezgu namuna bo‘lishi kerakligi e’tiborga olinib, majmuada innovatsion muzey tashkil etildi. U islom olamida muhaddislar sultoni deya e’tirof etilgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom ma’rifati rivojiga qo‘shgan hissasini namoyon etadi.
Majmua avval bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozir 65 ming nafar mehmonga xalqaro standartlarga mos xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan.
Bundan tashqari, hududda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi joylashgan.
Ziyoratgoh atrofida 570 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, mehmonxonalar va savdo-servis nuqtalari tashkil etildi. Bunda 1 ta to‘rt yulduzli, 2 ta uch yulduzli mehmonxonalar hamda 22 ta oilaviy mehmon uyi qurilgan. Mazkur ob’ektlar to‘liq kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlanib, hududi obodonlashtirilgan. 2026 yilga qadar hududda ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish hamda avtoturargohlarni tashkil etish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari Imom Buxoriy ziyoratgohi xalqimizning boy ma’naviy merosi va bunyodkorlik salohiyatining yorqin namunasi bo‘lganini ta’kidlab, majmuada ayni paytda olib borilayotgan so‘nggi obodonlashtirish ishlarini sifatli va o‘z vaqtida bajarish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berdi.
Prezidentimiz Oqdaryo tumani Dahbed shaharchasida joylashgan Mahdumi A’zam majmuasida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari shu yilning mart oyida viloyatga tashrifi chog‘ida Mahdumi A’zam qadamjosini obod qilishga oid loyiha bilan tanishgan edi.
Asli hozirgi Kosonsoy tumanida tug‘ilgan so‘fiy olim naqshbandiya ta’limotining rahnamolaridan biri bo‘lgan. Yoshlik chog‘larida Farg‘onadagi madrasada savod chiqarib, Samarqandda Xoja Ahror Valiyning shogirdi mavlono Muhammad Qoziy qo‘lida pirlik darajasiga yetishadi. Keyinchalik o‘zi tariqat ilmiga doir 30 dan ziyod asar yozgan, ko‘plab shogirdlar yetishtirgan.
Bu zotga ilm yo‘lidagi xizmatlari uchun Mahdumi A’zam unvoni beriladi. Ilm va din yo‘lidagi uzoq safardan so‘ng Samarqandda abadiy qo‘nim topgan.
Samarqand hukmdori bo‘lgan Yalangto‘sh Bahodir Mahdumi A’zam qabri ustida daxma qurdirgan hamda bu yerda yirik masjid, ilm toliblari uchun madrasa barpo qilgan. U vafot etganidan so‘ng o‘z vasiyatiga ko‘ra, shu yerda dafn etilgan. Umuman, ziyoratgohda 50 dan ziyod qabrtosh saqlangan bo‘lib, aksariyati kimning sharafiga qo‘yilgani aniqlangan. Bu yerda ko‘plab allomalar qatorida ikki nafar Afg‘oniston hukmdori (Shoh Hidoyat ibn Shoh Qosim (1668 yil), Shoh Saodat ibn Shoh Hidoyat) ham dafn etilgan.
Alloma mangu qo‘nim topgan ziyoratgohda loyiha doirasida keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda.
Mahdumi A’zam ziyoratgohining umumiy maydoni qariyb 5 gektarni tashkil etadi. Bu maskanga keluvchi ziyoratchilar ham ko‘p. Ularga sharoitlarni yaxshilash maqsadida Mahdumi A’zam maqbarasi yonida uch qavatli zamonaviy avtoturargoh, kirish darvozasi, kushxona va ma’muriy binolar, tahoratxona, ming kishilik masjid va qo‘shimcha ayvonlar qurilmoqda.
Ta’mirlash ishlaridan so‘ng bir vaqtning o‘zida 35 ming ziyoratchini qabul qilish imkoniyati yaratiladi. Avvallari 5 ming ziyoratchi qabul qilingan.
Shuningdek, hududda ziyoratchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida obodonlashtirish ishlari olib borilib, 40 dan ortiq savdo va servis ob’ektlari tashkil etiladi.
Alloma yodga olinib, Qur’on tilovat qilindi. Prezident ziyoratgohda daraxt ekdi.
Ziyoratgohni yanada obodonlashtirish, bog‘da ko‘p yillik daraxt ko‘chatlari o‘tqazib, tashrif buyuruvchilar uchun qulayliklar yaratish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Davlatimiz rahbari Samarqand shahridagi Hazrati Hizr majmuasida ham bo‘lib, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasiga gul qo‘ydi.
Qur’on oyatlari tilovat etilib, duo o‘qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Samarqand – Urgut” yangi temir yo‘l liniyasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Ushbu temir yo‘l qurilishi joriy yil fevral oyida boshlangan bo‘lib, umumiy uzunligi 55 kilometrni tashkil etadi. Loyiha doirasida ikkita vokzal, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida ikkita yuk stansiyasi hamda bir qator ko‘priklar barpo etildi. E’tiborlisi, mazkur liniyani kelgusida to‘liq elektrlashtirish rejalashtirilgan.
Yangi yo‘nalish ikki juft shaharlararo poyezd va to‘qqiz juft yuk poyezdi qatnovini ta’minlash imkoniyatiga ega. Loyihani shu yil oxiriga qadar yakunlash ko‘zda tutilgan. Poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi orqali yiliga 359 ming yo‘lovchi va 8,2 million tonna yuk tashish imkoni yaratiladi.
Yo‘nalish Samarqand shahri, Toyloq va Urgut tumanlari aholisi uchun xavfsiz va zamonaviy transport xizmati taqdim etishi bilan ahamiyatli. Shuningdek, ichki turizm rivojiga ham katta turtki beradi.
Temir yo‘l infratuzilmasi iqtisodiyotning asosiy tarmoqlaridan biri bo‘lib, ushbu loyiha “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi. Yangi yo‘nalish ishga tushishi natijasida 130 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Davlatimiz rahbari jamoatchilik vakillari bilan birga mazkur yo‘nalishda harakatlanuvchi poyezdda Urgutga bordi.
Safar chog‘ida Prezidentimiz temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, yo‘lovchilar uchun qulayliklarni yanada oshirish, temir yo‘llarni elektrlashtirish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish yuzasidan mutasaddilarga qo‘shimcha topshiriqlar berdi. Shuningdek, yo‘l bo‘ylab amalga oshirilayotgan qurilish va obodonchilik ishlariga e’tibor qaratdi.
Urgut tumani katta salohiyatga ega hudud sifatida tobora muhim o‘rin egallab borayotgani ta’kidlandi. Bu yerdagi aholi ishbilarmon, tadbirkorlik ruhi kuchli. Mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan bunday hududlarni rivojlantirishda esa zamonaviy logistika va infratuzilma hal qiluvchi omil hisoblanadi.
Yangi temir yo‘lning kelishi bilan Urgutda iqtisodiy o‘sishni cheklab turgan to‘siqlar, logistik “tromb”lar bartaraf etiladi. Yuk tashish tezlashadi, mahsulotlar bozorlarga arzon va vaqtida yetkaziladi, investorlar uchun qulayliklar yanada ortib, hududning raqobatbardoshligi oshadi.
Eng muhimi, hududda yaratilayotgan yangi imkoniyatlar aholining turmush darajasiga bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Infratuzilma rivojlangan joyda ish o‘rinlari ko‘payadi, xizmatlar yaxshilanadi, tadbirkorlik faollashadi.
Ta’kidlanishicha, mazkur loyiha temir yo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qilish va kengaytirishga qaratilgan ishlarning muhim qismi hisoblanadi. Bu jarayonda ishlarni o‘z vaqtida va yuqori sifatda amalga oshirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hamda xarajatlarni optimallashtirish zarurligi aytildi.

Safar chog‘idagi suhbatda davlatimiz rahbari Samarqandda bo‘layotgan ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlarning odamlar hayotidagi ijobiy aksi yaqqol ko‘zga tashlanayotgani, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlari sifatida tarbiyalash haqida so‘z yuritdi. Urgutgacha tortilgan temir yo‘lga tutash yerlarni o‘zlashtirish, ularda qishloq xo‘jaligi madaniyatini yuksaltirish, ta’lim sohasida, shu jumladan, qo‘shni davlatlar bilan xalqaro hamkorlikni mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.

Urgut vokzali yangi yo‘nalishning asosiy nuqtalaridan biri. Prezidentimiz vokzal infratuzilmasi, xizmat ko‘rsatish tizimi va yo‘lovchilar harakatini tashkil etish masalalariga e’tibor qaratdi. Turistlar uchun qulayliklarni yaxshilash muhimligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari shu yerda Urgut tumani faollari bilan samimiy muloqot o‘tkazdi. Suhbatda hududlardagi o‘zgarishlar, aholi turmush tarzi va tinchlik qadri haqida fikr almashildi.
Odamlarning turmush sharoitlarini yaxshilash, daromad va farovonlikni oshirish, mahallalarni obod qilish davlat siyosatida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanayotgani ta’kidlandi. Iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlar natijasida sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm, transport va energetika sohalarida yirik loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Nuroniylar bu o‘zgarishlar aholi hayotida sezilarli natija berayotgani, xalqimiz islohotlarga yuqori baho berayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, Prezidentimiz vokzal atrofida aholi farovonligi va hududning iqtisodiy jozibadorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha loyihalar taqdimoti bilan ham tanishdi. Tadbirkorlar tashabbusi asosida yaqin hududlarda avtovokzal, choyxona, ekobozor, turar joy binolari, xususiy maktab va bog‘chalar barpo etish rejalashtirilmoqda.
Ushbu ishlar amalga oshirilishi natijasida aholiga yangi xizmat turlari yaratiladi, hududning ijtimoiy infratuzilmasi yaxshilanadi, tadbirkorlik muhiti yanada faollashadi. Eng muhimi, 350 nafarga yaqin fuqaroning doimiy bandligi ta’minlanib, hududning iqtisodiy o‘sishiga qo‘shimcha turtki beriladi.
Davlatimiz rahbari Urgut tumanidagi “Ferre Group” korxonasining maishiy texnika ishlab chiqarish loyihasi faoliyati bilan tanishdi.
“Urgut” erkin iqtisodiy zonasidagi mazkur korxona keyingi yillarda yurtimizda tadbirkorlik sub’ektlariga yaratilgan qulay imkoniyat va ishonchli investitsiya muhiti natijasida tashkil etilgan zamonaviy ishlab chiqarish majmuasi sanaladi.
Dastlab xorijdan keltirilgan butlovchi buyumlar asosida bir necha turdagi maishiy texnika vositalarini yig‘ish bilan faoliyat boshlagan korxona bugunga kelib muzlatkich, gaz plita, kichik pech, changyutkich, dudburon va boshqa uy-ro‘zg‘or buyumlari, zamonaviy temir eshiklar ishlab chiqarish bo‘yicha Markaziy Osiyoda mustahkam o‘ringa ega yirik kompaniyaga aylangan.
Bu yerda “Dorsa”, “Kleo”, “Ferre” kabi brendlar ostida “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig‘i bilan tayyorlanayotgan mahsulotlar Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjonga eksport qilinmoqda. Ichki bozordagi raqobat muhitida ham “Ferre” o‘z o‘rnini topgan brendga aylangan. Korxonaning yillik quvvati hozirda o‘rtacha 440 milliard so‘mlik 250 ming dona mahsulotni tashkil etib, bu ko‘rsatkich yil sayin oshib bormoqda.
Ishlab chiqarish jarayonida "Embraco", "LG", "DOW", "Midea" kabi dunyodagi yetakchi kompaniyalar materiallari va butlovchi qismlaridan foydalaniladi. Bugungi kunda korxona mahsulotlarining mahalliylashtirish darajasi qariyb 85 foizni tashkil etadi.
Loyihaning umumiy qiymati o‘ttiz million AQSH dollari bo‘lib, xorijiy investitsiya va bankning imtiyozli kreditlari jalb etilgan. Mingga yaqin ish o‘rni yaratilgan. Ishlab chiqarish uskunalari Germaniya, Turkiya, Italiya va Xitoyning eng so‘nggi rusumdagi texnologiyalari hisoblanadi.
Shavkat Mirziyoyev bu yerdagi ishlab chiqarish jarayonini kuzatdi, korxona mas’ullari va mutaxassislar bilan suhbatlashib, xalqaro standartlarga mos mahsulotlar turini oshirish va xorij bozoridagi o‘rnini yanada mustahkamlash zarurligini ta’kidladi. Bu borada davlat tomonidan yaratib berilgan imkoniyat va imtiyozlardan unumli foydalanish zarurligi qayd etildi.
O‘z brendiga asos solib, yurtimiz dovrug‘ini dunyoga taratayotgan tadbirkorlar doimo qo‘llab-quvvatlanishi aytildi. Ular qo‘shimcha qiymat yaratib, minglab odamlarni doimiy daromadga ega qilmoqda.
– Tadbirkorni qo‘llab-quvvatlamasdan yangi O‘zbekistonni barpo qila olmaymiz. Agar sizlar tinimsiz izlanib, birlashsangiz, Samarqandda kambag‘al degan qatlam qolmaydi. Harakatda bo‘lib, O‘zbekiston nomini jahonga tanitishdek imkoniyatga egasiz, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida bu kabi ishlab chiqarish korxonalarini ko‘paytirish orqali qo‘shimcha qiymat yaratish va yangi ish o‘rinlari ochishning muhimligini ta’kidlab, mas’ullarga topshiriqlar berdi.
Shu yerda Prezident investitsiya loyihalari, Samarqand viloyatidagi yetakchi sanoat korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi.
Taqdimotda sog‘liqni saqlash, tog‘-kon sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, texnopark, ipakchilik va metallurgiya yo‘nalishlaridagi qator loyihalar haqida ma’lumot berildi.
Samarqand shahrida Turkiyaning nufuzli kompaniyalari bilan hamkorlikda davlat-xususiy sherikligi asosida ko‘p tarmoqli shifoxona tashkil etish loyihasi amalga oshiriladi. Ushbu loyiha doirasida 1 ming nafar ish o‘rni yaratiladi.
Bulung‘ur tumanida esa Xitoy kompaniyasi bilan tibbiy preparatlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu loyiha doirasida ham 1 ming nafar odamning bandligi ta’minlanadi.
Shuningdek, Xitoy kompaniyalarining Urgut tumanida ipak tolasi hamda mato ishlab chiqarish, Nurobod tumanida texnopark maxsus sanoat zonasini tashkil etish, Samarqand shahrida po‘latni eritishda foydalaniladigan kimyoviy qotishmalar tayyorlash, Pastdarg‘om tumanida ko‘chma inshootlar yasash kabi loyihalari taqdim etildi.
Loyihalarni o‘z vaqtida sifatli va tezkor amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Shundan so‘ng xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqib, avvalo, viloyat jamoatchiligi bilan ko‘rishib turganidan mamnunligini ta’kidladi. Viloyatda erishilgan yutuqlar va hali ishga solinmagan imkoniyatlarga to‘xtaldi.
– O‘zida ko‘p ming yillik tarix va qadriyatlarni mujassam etgan, zamonaviy me’morchilik an’analari asosida kundan-kunga chiroy ochib borayotgan bu ulug‘ zamin dunyo sivilizatsiyasida o‘z o‘rnini tobora mustahkamlab bormoqda, – dedi Prezidentimiz.
Xususan, “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi barpo etilgani, 40 dan ziyod muqaddas ziyoratgohlar obod bo‘lgani, “Samarqand” xalqaro aeroporti yangidan qurilgani, o‘nlab xalqaro brend mehmonxonalar ish boshlagani viloyat turizm salohiyatini yangi bosqichga olib chiqdi.
Samarqand so‘nggi yillarda siyosiy, iqtisodiy, turizm va biznes markaziga, ko‘plab yirik xalqaro tadbirlar, forum va anjumanlar uchun muloqot maydoniga aylandi.
Shu yilning o‘zida bu yerda 40 dan ortiq nufuzli xalqaro anjuman tashkil etilgani, ayniqsa, yaqinda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o‘tkazilgani chindan ham ulkan voqea bo‘ldi.
Umuman, turizm va unga turdosh sohalarga 1 milliard dollar investitsiya kiritilgani uchun viloyatga sayyohlar oqimi 2016 yilgidan 7 karra o‘sdi, turizm xizmatlarining eksporti 600 million dollarga yetdi.
Bugun viloyat nafaqat turizmdagi, balki sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatishdagi ulkan salohiyati bilan investor va tadbirkorlar uchun chinakam jozibador maskanga aylanib bormoqda.
O‘tgan sakkiz yilda viloyatga 12 milliard dollar investitsiya kiritildi, 600 ming doimiy ish o‘rni yaratildi, tadbirkorlar 2 karra ko‘paydi.
Ishlab chiqarish korxonalarining soni 1,5 barobar, sanoat hajmi 1,7 barobar o‘sdi. Yillik aylanmasi 100 milliard so‘mdan oshgan korxonalar soni 81 taga yetdi. 55 ta davlatdan xorijiy investorlar ish boshladi, chet el ishtirokidagi korxonalar soni 700 taga yaqinlashdi.
Xizmatlar yiliga o‘rtacha 15 foizdan o‘syapti, bu yil servis hajmi 75 trillion so‘mga yetadi.
Shuningdek, 2024 yil va joriy yilning 10 oyida 15 million kvadrat metrli uy-joy va tijorat ob’ektlari barpo etildi. Samarqandlik quruvchilar respublika bo‘yicha yiliga 4,5 million kvadrat metrli bino-inshootlar quryapti.
Viloyatning yalpi hududiy mahsuloti 2016 yilda 23 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, bu yil 120 trillion so‘mga yetishi kutilmoqda.
Odamlar viloyatda amalga oshirilgan ishlar hisobiga oilasida katta ijobiy o‘zgarishlar bo‘lganini aytmoqda.
Masalan, o‘tgan davrda 2 trillion so‘mlik 3 ming 200 kilometr ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari qurildi.
– Bir so‘z bilan aytganda, Samarqandni aholi va tadbirkorlar uchun ham, turistlar va investorlar uchun ham jozibador hududga aylantira oldik, – dedi Prezidentimiz.
Respublika tumanlari ichida aholisi eng ko‘p Urgutda 600 mingdan ortiq odam istiqomat qilyapti.
– Urgut tumani uzoq yillardan beri viloyat qishloq xo‘jaligida yetakchi. Adir va toshloq yerda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasini tashkil qilganimiz, 860 million dollarlik 74 ta loyiha ishga tushgani natijasida Urgut sanoatlashgan hududga aylandi, – dedi davlatimiz rahbari.
Sanoat rivojlanishi savdo va servisga ham katta turtki berdi. Hozir Urgut viloyat sanoatida uchinchi o‘rinda, servisda esa to‘rtinchi o‘rinda.
Bugun Urgutda yana bir tarixiy voqea – 55 kilometr temir yo‘l liniyasi ishga tushirildi. Ushbu tarmoqni elektrlashtirish ishlari kelasi yil to‘liq yakuniga yetkaziladi. Bu, avvalo, aholiga yanada qulay sharoit yaratish bilan birga sanoat, qishloq xo‘jaligi va servisda yangi imkoniyatlar eshigini ochib beradi.
Hududdagi aholi uy-joy, kanalizatsiya, ichimlik suvi, maktab, bog‘cha, shifoxona, biznes infratuzilmasi bilan bog‘liq masalalar yechimini anchadan beri kutayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shuning uchun Prezidentimiz Urgut markaziga “Yangi O‘zbekiston” qiyofasini olib kirib, yurtimizdagi eng zamonaviy va ko‘rkam shaharlardan biriga aylantirish bo‘yicha alohida qarorni imzoladi.
Tumanning Quyi Kamangaron mahallasidagi “Yangi O‘zbekiston” massiviga tutash hududdan 90 gektar qo‘shimcha joy ajratib, zamonaviy urbanistika asosida 100 ming aholiga mo‘ljallangan ekoshahar barpo etilishi e’lon qilindi.
Yangi shaharda yo‘l, suv, kanalizatsiya, elektr, maktab, bog‘cha, shifoxona va boshqa infratuzilma ob’ektlarini qurish, tadbirkorlik loyihalari uchun 50 million dollar ajratiladi.
Yangi shaharning 3 gektar maydonida tumanning 35 ta tashkiloti uchun yagona ma’muriy markaz qurib beriladi. Ularning bo‘shagan binolari esa biznes uchun xususiy sektorga taklif qilinadi.
Yana bir yangilik – Oqdaryo, Payariq, Pastdarg‘om, Toyloq va Samarqand tumanlaridagi 17,5 ming gektar hudud Samarqand shahriga qo‘shib beriladi. Buning hisobiga Samarqand shahri aholisi 604 mingdan 882 mingga oshadi.
Shu bois, aholisi va daromadi kundan-kunga o‘sib borayotgan Samarqand shahrida zamonaviy uy-joylarga bo‘lgan talabni ta’minlash uchun 3 ta yirik massiv tanlab olindi. Jumladan, “Shirin” massivida 180 ming, “Temir yo‘lorti” hududida 100 ming, “Qorasuv-2” massivida 30 ming aholi uchun 700 dan ortiq zamonaviy ko‘p qavatli uylar barpo etiladi.
Bu yerlarda maktab, bog‘cha, oliygoh va shifoxona, zamonaviy biznes va savdo markazi, mehmonxona va restoran, ko‘ngilochar maskanlar ham quriladi. Ispaniyalik investorlar bilan xususiy sheriklik asosida ushbu 3 ta massivning kanalizatsiya tizimi yangilanadi.
Shaharda yuk transporti harakatini kamaytirish maqsadida Oqdaryo, Toyloq va Samarqand tumanidan o‘tuvchi magistral yo‘l bo‘yida 4 ta logistika markazi barpo etiladi.
Davlatimiz rahbari Urgut misolida imkoniyatlarni tahlil qilib, vazirlar va hokimlar oldiga keyingi yil uchun aniq vazifalarni qo‘ydi.
Sessiyada tashkiliy masala ham ko‘rib chiqildi.
– Biz yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, iqtisodiyotni barqaror o‘stirish orqali aholi farovonligini oshirish bo‘yicha katta-katta marra va rejalarni olyapmiz. Bu ishlarni tashkil qilish uchun viloyatga zamonaviy fikrlaydigan, muammolarni tizimli tahlil qilib, innovatsion yechim bera olishga salohiyatli rahbar kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz Samarqand viloyati hokimi lavozimiga hokim vazifasini bajarib kelayotgan Adiz Boboyev nomzodini tavsiya etdi.
Viloyat faollari, deputatlarning nomzod haqidagi fikrlari tinglangach, viloyat hokimini tayinlash masalasi ovozga qo‘yildi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, Adiz Boboyev viloyat hokimi etib tasdiqlandi.
Prezidentimiz yangi hokimga u ish o‘rni yaratishi, kambag‘allikni qisqartirish, investitsiya va eksportni ko‘paytirish, tannarxni kamaytirish hamda energiya tejamkorlikni oshirish bo‘yicha Samarqandni namunali hududga aylantirishi shartligini ko‘rsatib o‘tdi.
Yig‘ilish yakunida davlatimiz rahbari mas’ullarning hisobotlari va rejalarini tingladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatga tashrifi davomida Raqamli sog‘liqni saqlash markazi va Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Samarqand filiallari faoliyati bilan tanishdi.
Oxirgi bir yilda mamlakatimizda tibbiyotni raqamlashtirish ishlari butunlay yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu ishlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida Raqamli sog‘liqni saqlash markazi ochildi.
Ushbu markazning Samarqanddagi filialida olib borilayotgan ishlar davlatimiz rahbariga taqdimot qilindi. Viloyatdagi tibbiyot muassasalarida raqamlashtirish ishlarining borishi, kasalliklar, bemorlar va dori vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash hamda ularga ishlov berish uchun qo‘llanilayotgan dasturiy yechimlar va sun’iy intellekt texnologiyalari, bularning barchasi amalda qanday natijalar berayotgani to‘g‘risida batafsil axborot berildi.
Jumladan, sohada DMED yagona elektron axborot platformasi ishga tushirilib, unga 36 million nafardan ziyod aholining tibbiy ma’lumotlari kiritildi. Tez tibbiy yordam xizmatida elektron boshqaruv yo‘lga qo‘yilib, chaqiriqlarga yetib borish vaqti qisqarmoqda.
Shuningdek, “Elektron retsept” tizimi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi natijasida ortiqcha dori yozish holatlari 40 foizga kamaydi, dori vositalarining aylanmasi shaffoflashdi.
Mamlakat bo‘ylab davlat tibbiyot muassasalari zamonaviy axborot-kommunikatsiya jihozlari bilan ta’minlandi, yagona raqamli infratuzilma shakllantirildi. Uch mingdan ortiq tibbiyot muassasasi lokal tarmoq bilan ta’minlandi. Minglab yangi kompyuterlar xarid qilinib, texnik baza yangilandi.
Prezidentimiz raqamlashtirish orqali sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq barcha analitik ma’lumotlarga ega bo‘lish davlat uchun muhimligini, bu – tibbiyotni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, sohada mablag‘ va resurslarni to‘g‘ri taqsimlash, dori-darmon muomalasini tartibga solish va korrupsiya holatlariga barham berishning muhim vositasi ekanini ta’kidladi. Mutasaddilarga bu boradagi ishlarni tizimli davom ettirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
– Bemorlar oqimi, kasalliklar tuzilishi, davolash sifatini chuqur tahlil qilib borsak, biz tizim samarasini yanada oshira olamiz, – dedi Prezidentimiz.
Dori vositalari berilishini shaffof va tizimli qilish, shuningdek, litsenziyalash jarayonlarini soddalashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Yurtimizda yurak-qon tomir kasalliklarini erta aniqlash va yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Barcha hududlarda bo‘lgani kabi Kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Samarqand filiali ham tubdan yangilanib, zamonaviy qiyofa kasb etdi.
Davlatimiz rahbari bu yerdagi sharoitlar bilan tanishdi.
Markazni rivojlantirish uchun jami 52 milliard so‘m yo‘naltirilib, keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Bugungi kunda markaz 100 o‘rinli shifo maskaniga aylangan bo‘lib, 262 turdagi tibbiy uskunalar bilan ta’minlangan.
Xizmatlar qamrovini kengaytirish maqsadida mobil diagnostika tizimi yo‘lga qo‘yilib, yetti ming nafarga yaqin bemorda koronarografiya amaliyoti o‘tkazildi. Loyiha doirasida reanimatsiya bo‘limi, situatsion markaz va kutish zali ham zamonaviy tarzda barpo etildi.
Markazda Samarqand davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlashga ham muhim e’tibor qaratilmoqda. Kardioxirurgiya yo‘nalishida klinik ordinatura faoliyati yo‘lga qo‘yilib, mahalliy mutaxassislarning malakasi oshirilmoqda.
Yangi imkoniyatlar tufayli yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlar ko‘lami sezilarli kengaydi. Xususan, yurak-qon tomir operatsiyalarining soni yil davomida 383 tadan 590 tagacha ortdi.
Davlatimiz rahbariga “Infarkt va insultga qarshi kurash” milliy dasturi taqdimoti davomida yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklar bo‘yicha statistika, 5 yillik kasallanish dinamikasi, Yevropa standartlariga mos milliy dasturlar hamda taҗriba-sinov loyihasi natijalari haqida axborot berildi.
Ushbu kasalliklarni barvaqt aniqlash, oldini olish va davolash bo‘yicha ishlab chiqilgan bemorlarni yo‘naltirish (marshrutizatsiya) tizimi taqdimot qilindi.
Prezidentimiz bunday markazlar tibbiy xizmat sifati va aholi salomatligini yaxshilashda muhim o‘rin tutishi, Samarqandda yaratilgan tajribani boshqa hududlarda ham ommalashtirish zarurligini ta’kidladi.
Shu bilan davlatimiz rahbarining Samarqand viloyatiga tashrifi yakunlandi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
G‘olib HASANOV,
Ikrom AVVALBOEV,
Behruz XUDOYBERDIEV,
O‘zA maxsus muxbirlari
Ўзбекча
English
Русский