“Samimiyat, muhabbat va ma’rifat...”

Italiyaning "CORIES" islomiy diniy jamiyati vitse-prezidenti, Milan shahridagi Al-Vohid masjidi imomi Yahyo Serjio Pallavichini "COREIS"ning rasmiy saytida yaqinda Samarqandda Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilliga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya taassurotlari haqida maqola e’lon qildi.

“Samimiyat, muhabbat va ma’rifat: Samarqandda musulmon olimlar uchrashuvi” nomli maqolada anjuman nafaqat diniy, balki ma’naviy va ilmiy hamjihatlik ruhida o‘tgan muhim voqea sifatida ko‘rsatiladi. Maqolada Imom Buxoriy, Abu Hasan Ash’ariy va Abu Mansur Moturidiy kabi sunniy islomning buyuk allomalariga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, ularning ta’limotlari bugungi kunda ham diniy ma’rifat bobida muhim o‘rin tutayotgani ta’kidlanadi.

Shuningdek, maqolada O‘zbekiston rahbariyati, xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning ma’naviy merosni asrash va xalqaro diniy muloqotni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlari alohida qayd etilgan. Konferensiya qatnashchilari, xususan, Misr, Turkiya, Iordaniya va BAAdan kelgan nufuzli ulamolarning fikrlari hamda moturidiylik ta’limoti bo‘yicha o‘tkazilgan muhokamalardan iqtiboslar keltirilgan.

Maqolada aytilishicha, anjuman Samarqandning nafaqat tarixiy, balki zamonaviy diniy-ma’rifiy markaz sifatidagi o‘rnini yana bir bor namoyon etgan.

G‘. Hasanov, O‘zA muxbiri

Powered by GSpeech