Xalqimizning yuksak bunyodkorlik salohiyati va o‘zbek sportining olamshumul yutuqlari ramzi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 avgust kuni Toshkent shahrida qurib bitkazilgan Olimpiya shaharchasi, Yuqori Chirchiq tumanidagi Milliy futbol markazi faoliyati hamda yangi turizm infratuzilmasi ob’ektlari bilan tanishdi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda barcha sohalarda keng ko‘lamli izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Buning natijasini yalpi ichki mahsulot hajmining o‘sishi, tadbirkorlik sub’ektlari soni karrasiga ortayotgani, sanoatdagi yuqorilash, kambag‘allik darajasining pasayishi kabi muhim yo‘nalishlarda ko‘rmoqdamiz.

Mustaqillik xalqimizga ana shunday erkinlik va ro‘shnolik olib kelganini bugun ko‘p yodga olmoqdamiz. Mamlakatimizning barcha hududlarida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayrami shukuhi kezib yuribdi. Bayram oldidan turli ijtimoiy soha ob’ektlari va boshqa inshootlar qurib bitkazilmoqda. Bu xalqimizga xos qadriyat – to‘yga to‘yona.

Poytaxtimizdagi Olimpiya shaharchasida ham ana shunday bayramona ruh hukmron. Davlatimiz rahbari ushbu majmuaga tashrif buyurdi

Uning qurilishiga 2022 yil 9 noyabrda tamal toshi qo‘yilgan edi. O‘shanda davlatimiz rahbari Olimpiya shaharchasi xalqimizning yuksak bunyodkorlik salohiyati va o‘zbek sportining olamshumul yutuqlari ramziga aylanishi, me’moriy jihatdan mukammal, energiya tejamkor va eng ilg‘or innovatsion yechimlarni mujassam qilgan zamonaviy majmua bo‘lishini ta’kidlagandi.

Shunday ham bo‘ldi – qisqa vaqt ichida 100 gektardan ziyod maydonda muhtasham majmua qad rostladi. Qariyb 290 million dollarlik ushbu noyob loyiha “CAMC Engineering” kompaniyasi tomonidan xalqaro talablarga muvofiq amalga oshirildi. 

Shaharchada 5 ta asosiy sport majmuasi joylashgan.

Xususan, Velodrom murakkab muhandislik yechimlari asosida, o‘ziga xos dizaynda qurilgan. Uning yog‘och qoplamasi sifati, trayektoriyasi va burilish burchaklari Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi talablariga javob beradi. Jumladan, yo‘lak eng mustahkam daraxtlardan yasalgan, qavatma-qavat yotqizilgan. Bu sifat muntazam saqlanishi uchun velodromda yil davomida bir xil harorat ta’minlanadi. Hatto velosportchilarga havo qarshiligigacha inobatga olingan.

Trekka yorug‘lik bir xil va teng darajada tushadi. Bu sportchilarga qulaylik bo‘lishi bilan birga, tomosha va televizion translyatsiya me’yorlariga ham mos. O‘rindiqlar 2 ming 200 kishiga mo‘ljallangan. Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining yangi talabi bo‘yicha tomosha joylariga himoya to‘sig‘i o‘rnatilgan.

Shuningdek, majmua ko‘p funksiyali bo‘lib, bu yerda stol tennisi, qilichbozlik bo‘yicha musobaqa va mashg‘ulotlar o‘tkazish ham mumkin. Bunday darajadagi velodrom O‘zbekistonda birinchisi.

Mutasaddilarga hududlarda sharoit yaratib, velosportni rivojlantirish bo‘yicha dastur tayyorlash vazifasi qo‘yildi.

Prezidentimiz stol tennisi hammabop, arzon va qulay sport ekanini ta’kidlab, har bir maktab va mahallada uni ommalashtirish, anjomlarini ishlab chiqarish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Shaharcha markazida 12 ming o‘rinli stadion joylashgan. Xalqaro turnirlar paytida bu yerda tantanali marosimlar tashkil etiladi. Asosiysi, yashil maydon va 9 qatorli yugurish yo‘lagida yengil atletikaning 48 ta yo‘nalishi bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi. Jumladan, jahon chempionati, Brilliant ligasi, paraatletika bahslari, ko‘zi ojizlar o‘rtasida IBSA o‘yinlarini tashkil etish mumkin. Boshqa paytlarda stadiondan mahalliy o‘quv-yig‘inlar, amaliy mashg‘ulotlar orqali dual ta’limda foydalaniladi.

Stadiondagi to‘rt qavatli binoda terma jamoalar mutaxassislari va sport federatsiyalari faoliyat yuritadi.

Yengil atletika va para sport turlari aholi salomatligini mustahkamlashda juda samarali. Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida ular bo‘yicha dastur ham keng. Lekin yurtimizda bu imkoniyatlar to‘la ishga solinmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois yengil atletikaning barcha yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha topshiriq berildi. Unga ko‘ra, viloyatlardagi stadionlar rekonstruksiya qilinib, yengil atletika uchun sharoitlar yaxshilanadi, xorijdan murabbiylar olib kelinadi, sportchilar mahoratini oshirish maqsad qilib qo‘yiladi.

Ulkan suv sporti saroyi ham zamonaviy va qulay. Unda 25x50 metrli suzish va 25x20 metrli suvga sakrash havzalari, mashg‘ulotlar uchun basseyn va trenajyor zallari bor. Barcha sharoitlar va o‘lchamlar xalqaro olimpiya standarti talablariga javob beradi.

Yaqinda "World Aquatics" federatsiyasi delegatsiyasi majmuani ko‘rikdan o‘tkazdi va buni tasdiqladi. Ya’ni, bu yerda suzish, suvga sakrash, sinxron suzish, suv polosi bo‘yicha qit’a va jahon chempionatlari, Olimpiya dasturidagi nufuzli musobaqalarni tashkil etish imkoniyati bor. Ularni 2 mingdan ziyod muxlislar tomosha qilishi mumkin.

Davlatimiz rahbari suv sport turlarini rivojlantirish, xalqaro turnirlarda natijalarni yaxshilash bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

Jamoaviy va yakkakurash sport turlari majmualari ham xalqaro talablar darajasida bunyod etilgan. Ularning har biri uch qavatli, 2 ming o‘rinli. Jumladan, birinchisida voleybol, basketbol va gandbol bo‘yicha mashg‘ulot hamda xalqaro musobaqalarni o‘tkazish mumkin. Yakkakurashlar majmuasi dzyudo, boks, taekvondo kabi sport turlarini rivojlantirishga asos bo‘ladi.

Prezidentimiz shu yerda sportchilar bilan suhbatlashdi.

– Xalqaro musobaqalarda bayrog‘imizni baland ko‘tarib, mamlakatimiz rivojini namoyon etyapsizlar. Sizning har bir yutug‘ingiz xalqimiz uchun katta g‘urur, yoshlarimizga kuch, dalda. Bu harakatlarni davom ettirib, bolalarni ortingizdan ergashtirib, sportimizni yanada yuksaltirishingizni tilaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Olimpiya shaharchasida futbol, voleybol, tennis, chim ustida xokkey, yengil atletika kabilar bo‘yicha 15 ta ochiq maydon ham barpo etildi.

Bundan tashqari, 400 o‘rinli paralimpiya yotoqxonasi, sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi qurilishi yakuniy bosqichda.

Shaharchadagi barcha inshootlar energiya tejamkor bo‘ladi. Avtoturargohlar ustida quyosh panellari o‘rnatiladi.

Olimpiya shaharchasi – mamlakatimiz sportining ilmiy, amaliy, o‘quv-mashg‘ulot markazi.

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 18 noyabrda Olimpiya shaharchasi qurilishi bilan tanishuv chog‘ida aytgan edi.

– Bu yerda mashg‘ulotlar bilan birga sport ta’limi, ilmi, tibbiyoti mujassam bo‘lishi zarur. Ya’ni, bu joy mamlakatimiz sportining ilmiy, amaliy, o‘quv-mashg‘ulot markazi bo‘ladi, – degan edi davlatimiz rahbari.

Shunga muvofiq, shaharchada Sport vazirligi, Antidoping agentligi, Davlat sport akademiyasi, Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti, Sport turlarini rivojlantirish markazi ham joylashtirilgan.

Bu galgi tashrif chog‘ida Olimpiya shaharchasi infratuzilmasidan samarali foydalanish rejalari, sport tashkilotlarining joylashuvi va faoliyati bo‘yicha axborot berildi.

Avvalo, shaharchada xalqaro darajadagi musobaqalar o‘tkaziladi. Inshootlar undan keyin ham bo‘shab qolmaydi. Mamlakatimiz terma jamoalarining o‘quv-mashg‘ulotlari tashkil etiladi. Federatsiyalar sport maktablari bilan bog‘lanadi.

Hududda va majmualarda yurtdoshlarimiz ham sport bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi.

Prezidentimiz shu yerda soha mutasaddilari va sport federatsiyalari rahbarlari bilan muloqotda bo‘ldi.

– Avvalo, sportchilarimiz va federatsiyalarni mana shunday maskan bilan tabriklayman. Bu bilan yosh avlod salomatligiga, bo‘lajak yutuqlarga katta poydevor qurdik. Lekin bu ishning eng osoni. Qiyini – sport turlarini ommalashtirish, professional sportchilarni tayyorlash. Biz sportni ham salomatlik, ham natijadorlik nuqtai nazaridan rivojlantirib boramiz. Xudo xohlasa, bunday Olimpiya shaharchalari viloyatlarda ham quriladi. Asosiy maqsad – yoshlarimizning sog‘lom va barkamolligi,  dedi davlat rahbari.

Ma’lumki, 2024 yilda Parijda o‘tgan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida yurtimiz sportchilari muvaffaqiyatli ishtirok etib, umumjamoa hisobida har ikki yo‘nalishda 13-o‘rinni egallagan edi. Endi olimpiya harakatini yanada rivojlantirish, kelgusidagi musobaqalarda natijalarni oshirish maqsad qilingan.

Mamlakatimiz Prezidentining shu yil 8 iyuldagi qarori bilan O‘zbekiston sportchilarini 2028 yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash dasturi qabul qilindi.

Bu yo‘nalishdagi ishlarni tizimli tashkil etish maqsadida Milliy olimpiya qo‘mitasining 14 ta hududiy bo‘limi tashkil etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Olimpiya harakatini rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus vakili etib belgilandi. Har bir hududga Sport vazirligi va Olimpiya qo‘mitasidan mas’ullar biriktirildi.

Iqtidorli sportchilarni eng quyi bo‘g‘indan boshlab saralash va professional etib tayyorlash uchun uch bosqichli “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqasi yo‘lga qo‘yildi. Uning final bosqichi har yili Olimpiya shaharchasida “Prezident Olimpiadasi” sifatida o‘tkaziladi. G‘olib va sovrindor sportchilar Olimpiya markazlariga jalb etilib, professional tayyorlanadi.

Respublika olimpiya va paralimpiya markazining faoliyati milliy terma jamoalar zaxirasini yaratishga qaratiladi. O‘quv-mashg‘ulotlar o‘tkazib borish uchun Olimpiya shaharchasi inshootlari markazga beg‘araz asosda biriktiriladi.

Shuningdek, atletlar zaxirasini kengaytirish maqsadida xususiy sport klublari faoliyati takomillashtirilib, rasmiy musobaqalardagi ishtiroki ta’minlanadi. Yuqori natija ko‘rsatgan sportchilar milliy terma jamoalarga qabul qilinishi mumkin bo‘ladi.

Prezidentimiz sport turlarini ommalashtirish masalasiga alohida urg‘u berdi.

– Mardlik, kurashchanlik xalqimizning qonida bor. Odamlarimiz sportni yaxshi ko‘radi. Buni qo‘llab-quvvatlab, mahallalarda sportni yanada ommalashtirish kerak. Buning uchun joylarda sharoit bor. Yana qurayapmiz. Natija ham ommaviylikdan kelib chiqadi,  dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga sohani raqamlashtirish, sport federatsiyalari faoliyatini kuchaytirish, natijador sport turlarini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida barpo etilgan Milliy futbol markazini borib ko‘rdi.

Davlatimiz rahbari ikki yil oldin bu yerga tashrif buyurib, mavjud stadionga tutash hududda zamonaviy majmua bunyod etish zarurligini aytgan edi. Ko‘p o‘tmay, 2023 yil 3 noyabrda “Futbol-ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish hamda xalqaro standartlarga mos keladigan futbol infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori imzolandi.

Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilgan mazkur markaz bunda juda muhim bo‘g‘in. Bu yerda bir vaqtning o‘zida 6 ta terma jamoamizning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish imkoniyati bor. Buning uchun stadionlar, o‘quv binolari, sport zallari, mehmonxona barpo etilgan. Plyaj futboli maydoni, futzal maneji, basseyn va reabilitatsiya bo‘limi qo‘shimcha qulayliklar yaratgan.

Majmuada professional futbolchi va mutaxassislarni tayyorlash uchun to‘rtta tuzilma tashkil etildi. Bular – Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazi, Futbol terma jamoalari tayyorgarlik markazi, Respublika futbol akademiyasi, Sport tibbiyoti va reabilitatsiya markazidir.

Prezidentimiz ularda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Futbol tibbiyoti va reabilitatsiyasi bo‘limiga xorijiy uskunalar olib kelingan, eng ilg‘or uslublar o‘zlashtirilgan. Bu futbolchilarga qisqa vaqt ichida jismonan tiklanish imkoniyatini beradi.

Futbol akademiyasida yosh iste’dodlar saralanib, tarbiyalanadi. Buni xalqaro darajada tashkil etish uchun markazga Argentina, Vengriya va Xorvatiya kabi davlatlardan mutaxassislar jalb qilingan. Ular malakali murabbiy, hakam, tahlilchi, seleksioner va futbol menejerlarini tayyorlashda ishtirok etmoqda. Majmuada “VAR markazi” ham tashkil etilgan.

Davlatimiz rahbari shu yerda sport faxriylari va yosh futbolchilar bilan suhbatlashdi. O‘zbekistonda futbol eng ommaviy sport ekani, uni rivojlantirish izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.

Keyingi yillarda futbol tizimi tubdan yaxshilandi. Bolalar futboli, to‘garaklardan tortib akademiyalar, jamoalar, chempionatgacha e’tibor kuchaydi. Natijalar birin-ketin bo‘y ko‘rsatmoqda. Ularning eng muhimi – Vatanimiz tarixida birinchi marta milliy terma jamoamiz jahon chempionatiga chiqqani bo‘ldi.

Yana bir shonli yutuq aprelda Caudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan Osiyo kubogida qo‘lga kiritildi. 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar terma jamoamiz unda birinchi o‘rinni egallab, jahon chempionatiga yo‘llanma olgan edi.

Prezidentimiz ushbu qahramon futbolchilarimiz bilan uchrashib, ularga mehr-e’tiborini izhor qildi.

– Biz hamma sohada dunyoda munosib o‘rin egallashga intilayapmiz. Sportchilarimiz buni tezroq yetkaza oladi. Sizlar irodali g‘alabangiz bilan xalqimiz mehnat qilsa, harakat qilsa, hamma narsaga qodir ekanini yana bir bor isbotladingiz. Butun dunyo sizning timsolingizda azmu shijoatli, g‘ururi baland, hech qachon intilishdan qaytmaydigan yangi O‘zbekiston avlodini ko‘rdi. Endi futbolni hozirgidan ham ikki-uch karra ko‘proq qo‘llab-quvvatlaymiz. Sizdek yoshlar xalqimizning ishonchi, Prezidentning quvonchisizlar, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Sportchilar bu sharoitlar uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirib, xalqimiz ishonchini oqlashga va’da berishdi.

Mamlakatimizning turizm salohiyati yildan-yilga oshib boryapti. Barcha hududlarda sayyohlar ko‘payib, zamonaviy mehmonxonalar va turizm maskanlari barpo etilmoqda.

Toshkent shahridagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga yondosh qurilgan zamonaviy mehmonxonalar majmuasi shu ishlarning mantiqiy davomidir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev joylardagi bunyodkorlik bilan tanishuvi chog‘ida mazkur inshootlarni ham ko‘zdan kechirdi.

Bir paytlar qarovsiz yotgan manzillar bugun obod maskanga aylangan. 8 gektardan ziyod maydonda 12 ta zamonaviy mehmonxona, 375 o‘rinli “Yangi Toshkent” konferensiya zali, 310 o‘rinli restoran, sog‘lomlashtirish markazi hamda ochiq sport maydoni barpo etilgan.

Mehmonxonalarga Qoraqalpog‘iston va viloyatlar nomi berilgan. Ular 3 yulduzli bo‘lib, 5 qavatdan iborat, 62 ta xona va 124 o‘ringa ega. Majmua yagona konsepsiya asosida faoliyat yuritadi va uning boshqaruvi xalqaro tajribaga ega “Leo Hospitality Solutions”, “Radisson Individuals”, “Trademark Collection by Wyndham” kabi nufuzli kompaniyalarga topshiriladi.

Xususiy banklar shu kabi majmualar boshqaruviga sherik bo‘lib kirish taklifini bildirdi. Davlatimiz rahbari xizmat sohalari kengayishi, joylarda zamonaviy maskanlar ko‘payishi aholi farovonligiga hissa qo‘shishini ta’kidladi. 

Mehmonxonalar restoran, anjumanlar zali va dam olish maskanlari bilan uyg‘un qurilgani xizmat qamrovini oshiradi. Bu yerda yuqori darajadagi tadbirlar hamda yirik xalqaro anjumanlar o‘tkazilishi ham mumkin.

Majmuada 540 ta yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga o‘rtacha 55 ming turistga xizmat ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan. Bu yer mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun yana bir lokatsiya, Toshkent vohasida turizm rivoji uchun qo‘shimcha turtki bo‘ladi. Majmua qurilishi ortidan yon-atrofdagi mahallalarning infratuzilmasi ham yaxshilanib, aholi farovonligi ta’minlandi.

Davlatimiz rahbari majmuada xizmat turlarini ko‘paytirish va sifatini oshirish, mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb etish masalalariga e’tibor qaratdi. Bunday ko‘p tarmoqli xizmatlarni boshqa hududlarda ham keng yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.

 

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

Abdulaziz RUSTAMOV,

Behruz XUDOYBERDIEV,

O‘zA muxbirlari

Powered by GSpeech