Fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda sud qarorlarining so‘zsiz ijrosini bajarish maqsadida sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish jarayoniga kafolat mablag‘ini kiritish instituti joriy etildi.
“Ijro ishi bo‘yicha kafolat mablag‘larini kiritish instituti joriy etilishi munosabati bilan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonun shu maqsadga qaratilgan.
2025 yil 19 avgustdagi mazkur qonun bilan qonunchilikka kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, qarzdor ijro ishi bo‘yicha kafolat mablag‘larini kiritish huquqiga ega.
Mablag‘larini kiritish qarzdor tomonidan unga nisbatan mulkiy tusdagi sud hujjati bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini majburiy ijro organining depozit hisob-varag‘iga to‘liq yoki qisman pul o‘tkazish yo‘li bilan ta’minlashdan iborat.
Kafolat mablag‘larini kiritish ijro ishi yuritishni to‘xtatib turish, qarzdorga va uning mol-mulkiga nisbatan belgilangan cheklovlarni bekor qilish uchun asos bo‘ladi.
Kafolat mablag‘larini kiritish ijro hujjatini berish uchun asos bo‘lgan sud hujjati ustidan berilgan shikoyat yoki keltirilgan protest sud tomonidan qabul qilinganda, davlat ijrochisining harakati (qarori) ustidan shikoyat berilganda qo‘llaniladi.
Kafolat mablag‘lari ijro hujjatini berish uchun asos bo‘lgan sud hujjati bekor bo‘lganda, ijro hujjati amalda ijro etilganda, 3 kunlik muddatda qaytariladi.
Bu yangilik amalda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish hamda sud qarorlari ijrosini ta’minlash tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 20.08.2025
- Ko'rishlar: 85
- Chop etish