Yangilayotgan O'zbekistonda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, inson huquq va erkinliklarini ta'minlash, sud-huquq tizimini takomillashtirish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda.
So'nggi uch yilda inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va xalqaro majburiyatlarni bajarish borasida salmoqli ishlar qilindi. Shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish masalalari bo'yicha xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni faollashtirishga doir tizimli ishlar olib borilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimiz inson huquqlari bo'yicha 80 tadan ortiq xalqaro hujjatga, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkilotining 6 ta asosiy shartnomasiga qo'shilgan bo'lib, ularning amalga oshirilishi yuzasidan tegishli shartnomaviy qo'mitalariga muntazam ravishda milliy ma'ruzalarini taqdim etib kelmoqda. Shartnomaviy qo'mitalarning yakuniy tavsiyalari inson huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilish bo'yicha milliy qonunchilik va siyosatni takomillashtirish jarayonida hisobga olinmoqda.
O'zbekiston Prezidenti kuni kecha imzolagan “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmon ham xalqaro majburiyatlar, shuningdek, Inson huquqlari bo'yicha milliy strategiya qoidalarini bajarishga qaratilgan.
Farmonga asosan bir qator yangi qonunlar, amaldagi qonun hujjatlarga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish ko'zda tutilgan. Shu bilan birga, sud-tergov faoliyatiga xalqaro standartlar va ilg'or horijiy tajribaga asoslangan yangi mexanizmlar joriy qilinmoqda.
Bu, o'z navbatida, inson huquq va erkinliklarini, ayniqsa, odil sudlov jarayonida shaxsiy daxlsizlik va himoyaga oid huquqlarini himoya qilishning ishonchli kafolatlarini ta'minlaydi. Qolaversa, ushbu muhim chora-tadbirlar inson sha'ni va qadr-qimmati kamsitilishiga, qonuniy manfaatlari cheklanishiga yo'l qo'ymaslikka qaratilgandir.
Shu bilan birga, fuqarolardan sud-tergov faoliyatida jiddiy kamchiliklar saqlanib qolayotganligi, nohaq ayblangan va qonunga zid ravishda ushbu faoliyat amalga oshirilayotganligi to'g'risida shikoyatlar kelib tushayotgani bejiz emas. Afsuski, inson huquqlarini qo'pol tarzda buzgan 60 dan ortiq huquq-tartibot organi xodimi jinoiy javobgarlikka tortilganligi ham bugungi kunning ochiq va achchiq haqiqatidir.
Bu kabi holatlarning uchrashi aholining haqli e'tiroziga, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va odil sudlovga nisbatan ishonchning yo'qolishiga olib kelmoqda. Bundan tashqari, mamlakatimizning xalqaro reyting va indekslardagi o'rniga ham salbiy ta'sir ko'rsatmoqda.
Farmonga asosan xalqaro standartlarni inobatga olgan holda sud-tergov faoliyatini yanada takomillashtirishning quyidagi asosiy yo'nalishlari belgilandi:
Birinchidan, shaxsning huquq va erkinliklariga so'zsiz rioya etilishini ta'minlash, sud-tergov faoliyati sifatini oshirish, jinoyat protsessida dalillarni to'plash va mustahkamlash, ularga baho berish tizimini ilg'or xorijiy tajribani inobatga olgan holda qayta ko'rib chiqish;
Ikkinchidan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jinoyatlarni fosh etish borasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish bilan birga, sodir etilgan har bir jinoyat uchun javobgarlikning muqarrarligini hamda shaxs, jamiyat va davlatga yetkazilgan zarar to'liq qoplanishini ta'minlash;
Uchinchidan, shaxsga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo'llash bilan bog'liq qilmishlar sodir etilishining oldini olish bo'yicha samarali mexanizmlarni joriy qilish, shuningdek bunday qilmishlar uchun javobgarlikni kuchaytirish;
To'rtinchidan, jinoyat ishlarini tergov qilish jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, jumladan, “Elektron jinoiy-huquqiy statistika” yagona axborot tizimini hamda ayrim tergov harakatlarini videokonferentsaloqa rejimida o'tkazishni ta'minlash.
Shuningdek, prokuror-kriminalist lavozimini joriy qilish, tergov sohasida malakali kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashgan oliy ta'lim muassasasini tashkil etish orqali surishtiruv va dastlabki tergov organlarining kadrlar salohiyatini oshirish;
Beshinchidan, jinoyatchilikning oldini olish tizimi samaradorligini oshirish, shuningdek jinoyatlarning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini o'z vaqtida aniqlash va bartaraf etish, fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish va ularda qonunga itoatgo'ylik ruhini shakllantirish mexanizmini joriy qilish.
Xalqaro tashkilotlar, jumladan BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo'mitalari tavsiyalarini inobatga olgan holda, qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyotiga quyidagi yangiliklar kiritilmoqda:
tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar xodimlari tomonidan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchidan ariza, tushuntirish yoki ko'rsatuvlar olishni mazkur jinoyat ishi yurituvida bo'lgan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud`yaning yozma ruxsatiga asosan va faqat himoyachi ishtirokida amalga oshirish;
jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan shaxsni ushlab turish muddatini u haqiqatda ushlangan vaqtdan boshlab hisoblash;
shaxs amalda ushlangan yoki uni jinoyat ustida ushlash bilan bog'liq tezkor tadbir amalda yakunlangan yoxud gumon qilinuvchi deb e'tirof etilganligi haqidagi qaror unga ma'lum qilingan paytdan boshlab u bilan bog'liq protsessual harakatlarni o'tkazishdan oldin uning advokat bilan holi uchrashishi ta'minlanishi shartligini belgilash;
o'ta og'ir jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarga oid ishlar bo'yicha, shuningdek shaxsga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamog'i tarzidagi ehtiyot chorasini qo'llash masalasi ko'rib chiqilayotganda himoyachining ishtirok etishi shartligini belgilash;
aybiga iqrorlik bo'yicha kelishuv institutini joriy qilish hamda yarashuv institutini qo'llash tartibini takomillashtirish.
Shuningdek, shaxsni jinoyat ishida gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi sifatida jalb qilish uchun asoslar mavjud bo'lgan hollarda, uni guvoh tariqasida so'roq qilish, unga gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchining protsessual huquqlari tushuntirilguniga qadar biron-bir yozma yoki og'zaki ko'rsatuvlar olishni taqiqlash belgilanmoqda.
Voyaga yetmaganlar, nogironligi bo'lgan shaxslar hamda pensiya yoshiga yetgan shaxslarga nisbatan uch yildan ortiq bo'lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo nazarda tutilgan qasddan sodir etilgan jinoyatlarga doir, shuningdek ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, buning uchun besh yildan ortiq bo'lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlarga doir ishlar bo'yicha qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo'llashga yo'l qo'yilmaydi.
Farmonda nazarda tutilgan masalalar Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markaziga ham qator vazifalarni yuklaydi. Tegishli qonun loyihasini ishlab chiqishda xalqaro standartlar va xorijiy tajriba qo'llashda o'z takliflari bilan qatnashish hamda aholi va ekspertlar hamjamiyati orasida keng yoritishni ta'minlash shunday vazifalardandir.
Hulosa qilib aytganda, sud-tergov faoliyati sohasidagi islohotlar Konstitutsiya ustuvorligi, fuqarolarning odil sudlovga bo'lgan ishonchini oshirish, tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirishga qaratilgan navbatdagi muhim tarixiy qadamdir.
Mirzatillo Tillabaev,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari
("Yangi O'zbekiston" gazetasi, 2020 yil 14 avgust)
- Qo'shildi: 14.08.2020
- Ko'rishlar: 4427
- Chop etish