Sun’iy intellektdan foydalanishning huquqiy asoslari yaratildi (+video)

Qonun loyihasiga sharh

Bugun sun’iy intellekt hayotimiz, faoliyatimizga jadal kirib kelmoqda. Ushbu zamonaviy texnologiyaning qulayligi, afzallik tomonlari juda ko‘p. Har bir sohani rivojlantirish, dasturlar ishlab chiqish va boshqa yo‘nalishlarda sun’iy intellekt faol ko‘makchimizga aylanmoqda. 

Sun’iy intellektdan foydalanish ko‘lami ortar ekan, bu boradagi munosabatlarning huquqiy asoslarini ham yaratish zarur bo‘ladi. Shu maqsadda sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilib, parlament quyi palatasi tomonidan qabul qilindi. 

Mazkur hujjatda ko‘zda tutilayotgan normalar haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, qonun tashabbuskorlaridan biri Shahnoza Xolmahamatova batafsil gapirib berdi:

— Qonun loyihasida “sun’iy intellekt” tushunchasiga huquqiy ta’rif berilyapti. Barchamizga ma’lumki, bugungi kunda sun’iy intellekt barcha sohaga jadal kirib bormoqda, sohalarni rivojlantirish uchun xizmat qilyapti. Shu bois ham mamlakatimizda sun’iy intellektni joriy etish va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Mazkur qonun loyihasida sun’iy intellektni joriy etish va rivojlantirishga oid davlat siyosatining asoslari mustahkamlab qo‘yilmoqda. Maxsus vakolatli organning vazifalari, axborot resurslarini yaratish hamda axborot tizimlari ishida sun’iy intellektdan foydalanishning umumiy huquqiy asoslari belgilanmoqda.

Yana bir muhim jihat, qanday texnologiya bo‘lmasin, insonning huquq va erkinliklariga daxl qilmasligi lozim. Aks holda buning uchun javobgarlik masalalari belgilanishi kerak. Shu ma’noda qonun loyihasida sun’iy intellektdan foydalanib yaratilgan axborot resurslari va sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlari insonga, uning hayoti, sog‘lig‘i, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazmasligi va boshqa ajralmas huquqlarini buzmasligiga oid talab belgilanyapti. Agar sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda yaratilgan axborot resurslarida shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berilgan bo‘lsa hamda Internet yoki ommaviy axborot vositalarida tarqatilsa, javobgarlik belgilanadi. 

Shu bilan birga, insonning huquq va erkinligiga aloqador yuridik ahamiyatga ega qarorlarni qabul qilishda faqatgina sun’iy intellektdan foydalanib yaratilgan axborot resurslari va sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlari xulosasiga tayanib qolish mumkin emasligi o‘z aksini topdi. Ya’ni, inson huquqlariga oid yuridik ko‘rinishdagi har qanday qaror texnologiya emas, balki mutaxassis tomonidan qabul qilinishi lozim.

Albatta, bugun butun dunyoda cun’iy intellektdan keng ko‘lamda foydalanilyapti. Yurtimizda ham ushbu texnologiyadan samarali foydalanishning dastlabki huquqiy asoslarini yaratishga ehtiyoj bor. Shu ma’noda ushbu qonun loyihasidan asosiy maqsad cun’iy intellektdan foydalanishni yanada rivojlantirish, uni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni huquqiy tartibga solishdan iborat. 

Muhtarama Komilova, Doniyor Yakubov, Anvar Ahmedov (video), O‘zA

Powered by GSpeech