Bugungi kunda sun’iy intellektdan foydalanish ko‘lami ortib bormoqda. Ammo undan g‘arazli niyatlarda foydalanayotgan kimsalar ham yo‘q emas.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishida “Sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi muhokama qilindi.

Unga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 46/2-moddasiga sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish va uni OAV hamda Internetda tarqatish uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasida “sun’iy intellekt” tushunchasiga ta’rif berilib, sun’iy intellekt sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda maxsus vakolatli organning vazifalari belgilanyapti.
Bundan tashqari, axborot resurslarini yaratishda hamda axborot tizimlari ishida sun’iy intellektdan foydalanishning umumiy qoidalari va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda yaratilgan axborot resurslariga markirovka qo‘yishi kabi majburiyatlar belgilanmoqda.
M.Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 15.04.2025
- Ko'rishlar: 196
- Chop etish