Poytaxtimizda tashkil etilgan ushbu forumda respublikamizning barcha hududlaridan 150 nafardan ziyod jamoatchilik kengashlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, faol fuqarolar hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Bugungi kunda jamoatchilik kengashlarini o'tkir muammolar, aholini o'ylantirayotgan masalalar yuzasidan konstruktiv muloqot maydonchasiga aylantirish bo'yicha ishlar jadallik bilan amalga oshirilmoqda. Jamoatchilik kengashlari a'zolari salohiyatini yuksaltirish, ularga uslubiy va amaliy yordam ko'rsatish, bu borada xalqaro tajribani o'rganish, yangi bilim hamda ko'nikmalarni amaliyotga joriy etish ushbu yo'nalishdagi asosiy vazifalardan sanaladi.
Ayniqsa, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori asosida har bir davlat organi, jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyati yo'lga qo'yilgani xalq va hokimiyat o'rtasida o'ziga xos “ko'prik” shakllanishiga zamin yaratdi.
“Yuksalish” umummilliy harakati Qozog'istonning Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish assotsiatsiyasi va AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi bilan birgalikda O'zbekistonda “Innovatsiyalar uchun hamkorlik” dasturini ishga tushirgan. Dastur mustaqil nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini har tomonlama qo'llab-quvvatlash, shu jumladan, ularga grantlar taqdim etish, uslubiy va amaliy ko'nikmalar berish, trening va o'quv kurslarini tashkil qilishga yo'naltirilgan.
“Innovatsiyalar uchun hamkorlik” dasturi doirasida tashkil etilgan Jamoatchilik kengashlari forumi ko'plab tashabbuslarni muhokama qilish, o'zaro tajriba almashish va eng asosiysi, o'tgan vaqt davomida bajarilgan ishlarni tahlil qilish orqali kelgusi rejalar va soha rivojiga qaratilgan yangi takliflarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Forum yakunlariga ko'ra, “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan jamoatchilik kengashlari faoliyatini yanada rivojlantirish bo'yicha bildirilgan tavsiyalar, shu jumladan, davlat idoralari bilan o'zaro hamkorlik, fuqarolarni ustuvor vazifalar va islohotlarga faol jalb qilish bo'yicha takliflar umumlashtirildi.
— Yurtimizda so'nggi yillarda xalq bilan muloqotning bir necha samarali usullari qo'llanilmoqda, — deydi forum ishtirokchisi, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo'yicha maslahat kengashi raisi Akmal Saidov. — Xalq qabulxonalari, Virtual qabulxona kabi institutlarning joriy qilingani bunga yaqqol misoldir.
Keyingi uch yil mobaynida salkam 2,5 milliondan ortiq fuqarolar aynan Xalq qabulxonalariga murojaat qilishgan. Ular muammolarining 70-80 foizi hal etilgan. Ammo o'z ishiga mas'uliyatsizlik bilan qarayotgan ayrim rahbarlar borki, ular sababli oddiy fuqarolar davlat idorasidan o'zi uchun kerakli ma'lumotlarni, axborotlarni olishga qiynalmoqda.
Aynan shuning uchun ham davlat organlari qoshida tashkil etilgan jamoatchilik kengashlarining yanada faol bo'lishi talab qilinadi.
Bugun yurtimizdagi har bir fuqaro O'zbekistonda kechayotgan islohotlarga daxldorlik hissini yanada kuchaytirishi, davlatga bo'lgan ishonchini mustahkamlashi juda muhim. O'z navbatida, jamoatchilik kengashlari xalqning davlatga ishonchini mustahkamlash uchun ishlashi, bu munosabatlarni yanada kuchaytiruvchi “ko'prik”ka aylanishi lozim.
Ma'lumot uchun: O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 iyulda qabul qilingan “Davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlarining huquqiy maqomi belgilab berilgan. Ushbu qaror bilan “Davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlarining namunaviy nizomi” tasdiqlangan.
Jamoatchilik kengashi o'z ishini jamoatchilik asosida olib boradigan, doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organidir. Jamoatchilik kengashi davlat organining markaziy apparati huzurida tashkil etiladi va uning faoliyati mazkur davlat organining barcha hududiy bo'linmalari va o'ziga bo'ysunadigan tashkilotlarga tarqaladi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 17.08.2019
- Ko'rishlar: 6233
- Chop etish