Jizzax yangi o‘sish nuqtalari markaziga aylanmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 dekabr kuni ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonlari bilan tanishish hamda kelgusidagi vazifalarni faollar ishtirokida belgilab olish uchun Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari dastlab zamonaviy va qulay yo‘l infratuzilmasini barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Viloyat markazini M-39 xalqaro avtomobil yo‘liga bog‘lash maqsadida qariyb 290 milliard so‘m hisobidan 700 metrlik yo‘l o‘tkazgich va 4 kilometrlik yangi avtomobil yo‘li qurildi.
Mazkur yo‘l har kuni 14 mingdan ortiq transport vositasini o‘tkazish imkoniyatiga ega.

Shu paytgacha ushbu yo‘nalishdan aholi shaharga kirish-chiqish uchun 25 kilometrlik aylanma yo‘ldan foydalanishga majbur edi. Yangi inshoot tufayli bu masofa 4 kilometrgacha qisqardi, eski yo‘ldagi tirbandliklar bartaraf etildi. Bu nafaqat haydovchilar, balki tadbirkorlar, logistika va xizmat ko‘rsatish sohasi uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Metall konstruksiyalardan zamonaviy texnologiya asosida barpo etilgan o‘tkazgichning xizmat muddati 100 yil deb baholanmoqda. An’anaviy temir-beton o‘tkazgichlar odatda 50 yil xizmat qiladi. Demak, xizmat muddati ikki barobarga uzaydi.
Loyihaning yana bir muhim jihati – ilgari yo‘lovchi va yuk poyezdlar o‘tgan paytda avtomobillar temir yo‘l kesishmasida to‘xtab qolishga majbur edi, endilikda esa yo‘l o‘tkazgich qurilgani tufayli tez tibbiy yordam, o‘t o‘chirish va boshqa maxsus xizmatlarning harakati ancha yengillashadi.
Shu yerning o‘zida davlatimiz rahbariga atom energetikasi loyihalarining borishi to‘g‘risida axborot berildi.
Ayni paytda Jizzax viloyatida integratsiyalashgan ikkita kam quvvatli reaktor va ikkita katta reaktordan iborat atom elektr stansiyasini barpo etish boshlangan.
Hozirgi bosqichda reaktor binosi uchun kotlovan qazish ishlari faol pallaga kirgan. Qurilish-montaj bazasi uchun yer tekislash, betonlash, armatura o‘rnatish ishlari bajarilmoqda. Quruvchilar yashashi uchun vaqtinchalik turar joy majmuasi barpo etilgan.
Atom elektr stansiyasi uchun zarur qurilish materiallarini mahalliylashtirish, oliygohlarda soha uchun kadrlar tayyorlashni kengaytirish rejalari taqdimot qilindi.

Bo‘lajak elektr stansiyada mehnat qiladigan mutaxassislar va ularning oilalari uchun monoshaharcha qurish loyihasi haqida ma’lumot berildi. Shaharcha AESdan 16 kilometr uzoqlikda joylashgan, 10 ming kishiga mo‘ljallangan bo‘ladi, unda barcha zarur infratuzilma, ijtimoiy va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari ko‘zda tutiladi.
Prezidentimiz Jizzax shahriga kirish qismini zamonaviy qiyofaga keltirish bo‘yicha master-reja va renovatsiya loyihalari taqdimoti bilan ham tanishdi.
Renovatsiya dasturi asosida Jizzaxda eski uy-joylar o‘rnida zamonaviy, qulay va xavfsiz turar joylar barpo etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, IT-markaz binosini barpo etish, hunarmandchilik markazini tashkil etish, ayrim mavjud majmualarni rekonstruksiya qilish hamda gavjum ko‘chalarni tartibga keltirish kabi loyihalar bilan tanishildi.
– Bugungi Jizzax – kechagi Jizzax emas. Viloyatni salohiyati, imkoniyati karrasiga oshdi, odamlarning hayotga, ishga munosabati tubdan o‘zgardi. Shu imkoniyatlarni aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan aniq loyihalarga aylantirishimiz kerak, – dedi Prezident.
Taqdimotlar davomida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.
Davlatimiz rahbari Jizzax politexnika instituti qoshida tashkil etilgan Avtomobilsozlik muhandislik maktabi faoliyati bilan tanishdi.
Bu yerda “BYD Uzbekistan Factory” va “ADM Jizzakh” korxonalari bilan malakali mutaxassislar tayyorlash va ularni ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatilgan.
Muhandislik maktabida transport sohasiga ixtisoslashgan to‘rt ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv dasturlari yangicha yondashuv asosida tashkil etilgan. Xususan, ikkinchi kursni yuqori ko‘rsatkichlar bilan tamomlagan talabalar BYD zavodi talablari asosida ishlab chiqilgan zamonaviy o‘quv platformalarida ikki yillik dual ta’lim oladi. Talabalar zavod bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikda amaliy mashg‘ulotlarni ham o‘tab boradi, bu esa ularga maxsus ishga yo‘llanma sertifikatiga ega bo‘lish imkonini beradi.
Qisqa muddatli tayyorlov kurslarida avtomobil zavodiga ishga kiruvchi nomzodlar, zavod ishchilari va ishsiz yoshlarga o‘zlari qiziqqan kasblar o‘rgatiladi. Bu yerda BYD avtomobil ishlab chiqarish mini konveyeri ham tashkil etilgan. Ishlab chiqarish sexida payvandlash, bo‘yash, yig‘uv va sifat nazorati bo‘limlari mavjud.

Elektromobil va zaryadlash stansiyasining tuzilishi, elektromobillarga xizmat ko‘rsatish, sanoat va dasturlash muhandisligi, tannarx va revers muhandisligi yo‘nalishlariga ixtisoslashgan maxsus xonalar tashkil qilingan.
Dunyo avtomobil sanoatida bitta qoida mavjud: raqibni tahlil qilmagan kompaniya rivojlana olmaydi.
Jizzaxdagi ushbu muhandislik maktabida birinchi marta mahsulotni texnik-analitik solishtirish, xarajatlarni modellashtirish (cost modeling), ishlab chiqarishni optimallashtirish, jarayonlarni global standartlar bilan taqqoslash kabi ko‘nikmalar ham o‘rgatilmoqda.
Muhandislik maktabi faqat talabalar uchun emas, balki sohada faoliyat yuritish istagidagi yoshlar va mutaxassislar uchun ham ochiq. Bu yerda malaka oshirish dasturlari, boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik kurslari va tadbirkorlar uchun amaliy o‘quv modullari tashkil etilgan. Ularda ilg‘or mutaxassislar va ishlab chiqarish korxonalarining tajribali muhandislari faol ishtirok etadi.
Maktabning asosiy maqsadi – talabani tayyor kadr sifatida ish joyiga borishidan oldin amaliyot muhitiga olib kirishdan iborat. Natijada bitiruvchilar bozor talablariga to‘liq javob beradigan, yetuk va raqobatbardosh mutaxassisga aylanadi.
Davlatimiz rahbari maktabdagi mashg‘ulotlar jarayonini kuzatdi, mini konveyerda ishlayotgan talabalar bilan suhbatlashdi.
Prezidentimiz shu yerda respublika va viloyat faollari bilan ham muloqot qildi.
Keyingi yillarda Jizzaxda sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa ko‘plab sohalarda yaxshi natijalarga erishilayotgani qayd etildi. Lekin ishga solinmagan imkoniyatlar hali ko‘pligi aytildi.
– Jizzaxga kelib, yangi o‘sish nuqtalarini belgilab olishni maqsad qilganmiz. Asosiysi, aholi, xususan, yoshlarga munosib sharoit yaratish, yuqori daromadli ish bilan ta’minlash, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yangidan barpo etilgan Jizzax viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga tashrif buyurdi.
Ushbu majmua aholiga barcha zarur tibbiy xizmatlarni bir joyning o‘zida ko‘rsatish imkonini yaratishi bilan katta ahamiyatga ega. Loyiha viloyatda tashkil etilayotgan tibbiyot klasterining dastlabki bosqichi hisoblanadi.
Zamonaviy tibbiyotda bunday klasterli yondashuv tezkor diagnostika, yuqori texnologiyali davolash va shifo istaganlar uchun byurokratik jarayonlarni kamaytirishning eng samarali modeli sifatida tan olingan.
Davlatimiz rahbariga muassasa imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi. Prezident bemorlarni davolash, shifokorlarning samarali ishlashi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Markaz zamonaviy yetti qavatli binoda joylashgan bo‘lib, kuniga 400 nafargacha bemorni qabul qilish quvvatiga ega. Statsionar o‘rinlari 344 ta bo‘lgan markazga umumiy qiymati 100 milliard so‘mdan ortiq zamonaviy jihozlar – MRT, MSKT, laboratoriya komplekslari hamda yuqori texnologiyali jarrohlik uskunalari o‘rnatilgan.
Poliklinika, radiologiya, kardioxirurgiya, neyroxirurgiya, oftalmologiya va urologiya kabi bo‘limlarning bir majmuada joylashgani tibbiy xizmat ko‘rsatishni tezlashtiradi, shifokorlar o‘rtasidagi hamkorlik va bemorlar harakatini yengillashtiradi. Ayniqsa, yangi imkoniyatlar tufayli yuqori texnologiyali operatsiyalar uchun navbatlarning qisqarishi loyihaning eng katta ijtimoiy samarasidir.
Markaz ishga tushishi natijasida Jizzax aholisining respublika shifoxonalari yoki qo‘shni viloyatlarga qatnashi 75-80 foizga kamayadi.
Tibbiyot klasterida Qozon federal universiteti bilan mahalliy mutaxassislar uchun malaka oshirish, ilg‘or diagnostika va davolash usullarini joriy etish, zamonaviy tibbiy standartlarni o‘zlashtirish imkoniyatini beruvchi uzoq muddatli hamkorlik o‘rnatiladi.
Prezidentimiz sog‘liqni saqlash mas’ullari va xodimlari bilan muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari tibbiyot klasterlari va ko‘p tarmoqli klinikalar boshqaruvida eskicha yondashuvlardan chekinib, yangi mexanizmlarni joriy qilish, jumladan, tibbiyotning har bir yo‘nalishi bo‘yicha xorijdan xalqaro ekspertlar va yetakchi menejerlarni jalb qilib, mahalliy mutaxassislarni o‘zimizda, bevosita muassasalarda o‘qitish, malakasini oshirish, raqamlashtirish hamda sun’iy intellektdan foydalanishni kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Bu Jizzax tajribasi bo‘lishi kerakligi qayd etildi.
Prezidentimiz aholining tibbiy xizmatlardan roziligi masalasiga alohida to‘xtaldi. Sohada amalga oshirilayotgan har qanday o‘zgarishda, eng avvalo, inson qadri ustuvor bo‘lishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
– Odamlarimizni ko‘proq bino, undagi sharoit emas, xizmatning sifati, shifokorning bilimi, malakasi, halolligi o‘ylantiradi. Shifoxonaga kelgan odam, avvalo, e’tibor va to‘g‘ri tashxis, tez va sifatli davolanishni istaydi. Shuning uchun eng katta vazifa – aholiga chin dildan xizmat qiladigan, yuksak malaka va kompetensiyaga ega bo‘lgan tibbiyot tizimini yaratishdir, – dedi davlatimiz rahbari.
Shu yerning o‘zida Qozon tibbiyot universitetining Jizzax filiali o‘qituvchilari va talabalari bilan suhbat bo‘lib o‘tdi. O‘quv jarayonida amaliy darslarni ko‘paytirish, talabalarni jahon tibbiyotining yutuqlari va ilg‘or tajribasi bilan doimiy tanishtirib borish muhim ekani ta’kidlandi.
Prezidentimiz Jizzax viloyatiga tashrifi doirasida Sharof Rashidov tumanidagi “Agromarkaz” qishloq xo‘jaligi korxonalari majmuasida ham bo‘ldi.
Yurtimizda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor tufayli sohada imkoniyatlar kengayib, hosildorlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Joylarda agromarkazlar tashkil qilinib, fermer va dehqonlarga kompleks xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida ham ana shunday markaz faoliyat boshladi.
Markazda o‘simliklarni himoya qilish laboratoriyasi, veterinariya dorixonasi, agronom maslahati, urug‘ va ko‘chatlar yetkazib berish, aholi xonadonlariga issiqxonalar qurish, agromarket do‘koni, mini-texnikalar sotish va ularga xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlar mavjud.
Bu yerda qishloq xo‘jaligi bo‘yicha barcha xizmatlar “yagona darcha” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilgan. Bir gektar joyni qamragan markazning birinchi qavatida o‘simliklar himoya vositalari do‘koni, veterinariya dorixonasi, urug‘ do‘koni, agromarket, mobil brigada xonalari va 8 ta boshqa xizmat xonasi joylashgan.
Ikkinchi qavatda o‘simliklarni himoya qilish laboratoriyasi mavjud. Shuningdek, tuproq va suv tahlili xonasi, entomologiya hamda fitopatologiya xonalari tashkil etilgan.
Markaz hududida viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, Agrosanoatni rivojlantirish agentligi bo‘limi, agroinspeksiya, urug‘chilik markazi, qorako‘lchilik uyushmasi hamda qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi boshqa tashkilotlar joylashgan.
Davlatimiz rahbari agromarkaz faoliyati bilan tanishdi, markaz faoliyatini yanada kengaytirish, mijozlar uchun xizmatlarni ko‘paytirish va qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat yaratish bo‘yicha tavsiyalarini berdi.
Shundan so‘ng Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
– Viloyatni qanday og‘ir sharoitlardan olib chiqqanimizni, Jizzaxning har bir tumanida bo‘layotgan katta-katta o‘zgarishlarni, odamlarning xursandchiligini ko‘rib, juda quvonaman va faxrlanaman, – dedi davlatimiz rahbari so‘zining avvalida.
O‘tgan davrda Jizzax viloyati respublikadagi sanoati eng tez o‘sayotgan hududga aylandi. Sakkiz yilda 6,5 milliard dollarlik investitsiya loyihalari ishga tushgan bo‘lsa, shuning 45 foizi sanoat hissasiga to‘g‘ri keladi. Jizzaxda yiliga 175 ming avtomobil ishlab chiqarish quvvatlari yaratildi.
Qisqa fursatda Zomin, Forish, Arnasoy tumanlari va Jizzax shahrida 2 milliard dollarlik 500 dan ziyod turizm hamda servis ob’ektlari ish boshladi. Arnasoy va Zominda 300 million dollar hisobiga 12 oy davomida to‘liq ishlaydigan kurort zonalari ishga tushgani, ularda aeroportlar barpo etilgani natijasida Jizzax eng jozibador turistik marshrutlardan biriga aylandi.
Sakkiz yil oldin Jizzaxdagi ish o‘rinlarining 42 foizi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bugun 310 mingga yaqin viloyat aholisi sanoat va servis sohalaridagi yuqori daromadli ishlar bilan band.
Paxtachilikka moslashgan viloyatning qishloq xo‘jaligi ham tubdan diversifikatsiya qilindi. Baxmal, G‘allaorol, Zomin, Yangiobod, Forish tumanlari bog‘dorchilikka ixtisoslashib, 28 ming gektar yangi bog‘ va tokzorlar barpo etildi. Mirzacho‘l, Do‘stlik, Zafarobod, Zarbdor, Paxtakor, Arnasoyning cho‘l hududlarida 12 ming gektar yerlarda ham bog‘ va sabzavot plantatsiyalari tashkil etildi.
Umuman, so‘nggi sakkiz yilda Jizzaxda sanoat 2,5 trilliondan 25 trillion so‘mga, xizmatlar 2,5 trilliondan 20 trillionga, qishloq xo‘jaligi 9 trilliondan 30 trillion so‘mga oshgani ta’kidlandi.
– Albatta, bu – katta islohotlarimizning boshlanishi. Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti yo‘lida hali ko‘p ishlarni qilishimiz zarur, – dedi Prezidentimiz.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.
Prezidentimiz Jizzax viloyati hokimi lavozimiga hokim vazifasini bajarib kelayotgan Ulug‘bek Mustafoyev nomzodini ilgari surdi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, Ulug‘bek Mustafoyev Jizzax viloyati hokimi etib tasdiqlandi.
Davlatimiz rahbari sanoat, investitsiya, turizm, qishloq xo‘jaligi, qurilish va infratuzilma sohalarini rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Jizzaxning respublika avtomobilsozlik sanoatidagi ulushi 25 foizga yetgan. Navbatdagi vazifa zavodlar atrofida yondosh tarmoqlarni rivojlantirib, mahalliylashtirish darajasini oshirish va tannarxni kamaytirishdan iborat ekani qayd etildi.
Tadbirkorlarga qulay shartlarda tayyor binolarni taklif etish, butlovchi qismlarni validatsiya qilish xarajatlarining 50 foizini qoplab berish vazifalari belgilab olindi.
Viloyatda yiliga 1 ming tonna volfram qazib olish loyihasi amalga oshirilmoqda. G‘allaorol va Nuroboddagi loyihalar ishga tushsa, O‘zbekiston volfram ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi davlatlardan biriga aylanishi ta’kidlandi.
Mutasaddilarga G‘allaoroldagi oltin resursiga ega istiqbolli maydonga investor jalb qilish, Forishdagi qo‘rg‘oshin-rux konida geologiya-qidiruv ishlarini oxiriga yetkazib, Arnasoydagi uran zaxirasi aniqlangan konning texnik-iqtisodiy asosini yakunlash topshirildi.
“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasidagi 510 million dollarlik 30 ta loyiha hisobiga 10 mingga yaqin odamning bandligi ta’minlandi. Bu yerda yana 540 million dollarlik loyihalar jadal ketmoqda.
Tadbirkorlar yangi loyihalar uchun sanoat zonasini yetarli quvvatda elektr bilan ta’minlash va suv tozalash inshootini qurib berishni so‘ramoqda.
Energetika vazirligiga bu yerga 40 kilometr yuqori kuchlanishli tarmoq tortib kelib, 40 megavattli podstansiya qurish topshirildi. 2026 yil sanoat zonalari infratuzilmasini rivojlantirish dasturida “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida suv tozalash inshooti qurish uchun 100 milliard so‘m nazarda tutiladi.
Sanoatning energiya bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish uchun joriy yil 200 megavatt, keyingi yil 300 megavattli quvvatlar yaratiladi. Bunga qo‘shimcha 30 megavattli 150 ta kichik va mini GESlar ishga tushiriladi.
Viloyatda infratuzilmani yaxshilash va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kelasi yil qariyb 10 trillion so‘m resurs berilishi e’lon qilindi.
Baxmal va Zomin tumanlaridagi tog‘li hududlarni yagona turizm halqasiga birlashtirish orqali yuzlab servis ob’ektlarini ishga tushirish, minglab odamlarni ishli qilish, turizm eksportini karrasiga oshirish mumkinligi ta’kidlandi.
Mutasaddilarga kelgusi yilda “Zomin – Baxmal – G‘allaorol” yo‘lining 158 kilometr qismini ta’mirlashni boshlash topshirildi. Baxmal tumanida 39 gektar maydonda 40 million dollar investitsiya hisobiga turizm klasterini tashkil qilish tashabbusi ma’qullandi. Baxmalga ham “turizm tumani” maqomi berilishi belgilandi.
Arnasoy aeroportida katta samolyotlarni ham qabul qilish imkonini yaratish zarurligi qayd etildi. Bundan tashqari, Aydar-Arnasoy ko‘ligacha temir yo‘l ham olib kelinadi.
Prezidentimiz qishloq xo‘jaligiga alohida e’tibor qaratdi.
Viloyatdagi jami 900 ming gektar lalmi va yaylov yerlarining 110 ming gektari zaxirada turgani, ularda ozuqa, moyli ekinlar ekish va sanoat bog‘larini yaratish orqali kamida 20 ming odamni ishli qilish mumkinligi ta’kidlandi.
Shuningdek, viloyatdagi ko‘plab chorvador va fermerlar ozuqa hamda meva-sabzavot yetishtirishda suv nasosiga sarflangan elektr uchun subsidiyani har oyning boshida to‘lab berishni so‘ragan. Mutasaddilarga butun respublikada ushbu subsidiyalarni oy boshida beradigan tizim qilish muhim ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Kartoshkachilikni rivojlantirish borasida Jizzax viloyati namuna bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. 2026 yildan boshlab kartoshka yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari joriy etilishi belgilandi.
Bunda mineral o‘g‘it, texnika, yoqilg‘i va boshqa xarajat uchun 6 oylik imtiyozli davr bilan bir yil muddatga 12 foizli kredit ajratiladi. Kreditlarning 50 foizgacha qismiga kafillik taqdim etiladi, sug‘orish nasoslariga quyosh paneli o‘rnatish xarajatining yarmi qoplab beriladi.
Kelgusi yildan sug‘orish nasoslarining elektr xarajatini 50 foizi qoplab beriladi, chetdan olib kelingan kartoshka ekish va yig‘ib olish texnikalari bojxona bojlaridan ozod qilinadi.
Shu bilan birga, superelita va elita urug‘larini fermerlarga yetkazib berishgacha bo‘lgan davrda muzlatkichli omborxonalarda saqlash xarajatining 50 foizini qoplab berish mexanizmi joriy qilinadi.
Bundan tashqari, Baxmaldagi bog‘dorchilik xo‘jaliklari uchun bir qator yangiliklar e’lon qilindi. Xususan, intensiv bog‘ tashkil qilishda 7 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan 14 foizdan kredit beriladi. Mevaning turiga qarab, shpalerlar uchun 20 ming so‘mdan 70 ming so‘mgacha subsidiya ajratiladi.
Shuningdek, muzlatkichli omborlar uchun kredit foizini asosiy stavkadan oshgan 8 foizgacha qismi qoplab beriladi. Meva-sabzavot eksportchilari va bog‘bonlarga ham qadoqlash xarajatlarining 50 foizini qoplash uchun subsidiya to‘lanadi.
Umuman, kelasi yili bog‘dorchilik bo‘yicha Baxmalda tajriba maktabi yaratilib, ushbu imtiyozlar butun respublikada joriy qilinadi.
AQSHlik hamkorlar bilan Zominda parrandachilik bo‘yicha yirik naslchilik korxonasi tashkil qilinmoqda. Ushbu klasterda 100 ming bosh quvvatdagi birinchi naslli ona tovuq va 9 million dona inkubasion tuxum ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu unikal loyiha respublikada parrandachilikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Qurilish va infratuzilma masalalari muhokama qilinar ekan, ijtimoiy xizmatlar, mehnat bozori va infratuzilmani markazdan uzoq mahallalar aholisiga yaqinlashtirish zarurligi qayd etildi.
Urbanizatsiya milliy qo‘mitasi va viloyat hokimligiga Yevropadan mutaxassislarni jalb qilib, Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumanini yagona aglomeratsiya asosida rivojlantirish bo‘yicha master-reja ishlab chiqish topshirildi.
Viloyat aholisining talab va istaklarini inobatga olib, Jizzax shahridagi tirbandlikni bartaraf etish uchun 10 kilometrli aylanma yo‘l quriladi. Shuningdek, Dashtobod shaharchasi va Xovos tumani o‘rtasidagi temir yo‘l ustidan ham yangi ko‘prik qurilishi boshlandi.
– Bugun sizlar bilan viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha oldimizda turgan yangi vazifalarni belgilab, asosiy masalalarni muhokama qilib oldik. Bu sa’y-harakatlar va qabul qilayotgan qarorlarimizdan maqsad bitta – shu yerda yashab, mehnat qilayotgan odamlarni rozi qilish, viloyatni har tomonlama rivojlangan hududga aylantirish, – dedi davlatimiz rahbari yig‘ilish yakunida.
Sessiya davomida viloyat va tuman hokimlarining hisobotlari, faollarning fikrlari tinglandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax shahrida joylashgan “Ko‘k saroy” savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasi faoliyati bilan ham tanishdi.
Mamlakatimizda savdo sohasida zamonaviy xizmatlar ko‘rsatish, kichik biznes va tadbirkorlik faoliyati uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jizzax shahridagi 3,5 gektar maydonda faoliyat yuritayotgan “Ko‘k saroy” majmuasi savdo va maishiy xizmat sohasida viloyatdagi eng yirik ob’ektlardan biridir.
Bu yerda 300 dan ortiq yangi tadbirkorlik sub’ektlari ish boshlagan. Natijada 800 dan ziyod ish o‘rni yaratildi, jumladan, ehtiyojmand toifadagi 100 nafar fuqaro ish bilan ta’minlandi.
Majmuada yirik savdo tarmoqlarining filiallari, 10 ta yirik mahalliy va xorijiy brend ishlamoqda, 250 ta savdo do‘koni, fud-kort va bolalar maydonchasi joylashgan. Ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi yiliga 223 milliard so‘mni tashkil etmoqda.
E’tiborlisi, majmuada kutubxona va kitob do‘koni ham tashkil etilgan.
Loyihaning ikkinchi bosqichi sifatida mingta savdo shoxobchasini o‘z ichiga olgan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga ixtisoslashgan uch qavatli “Ekobozor” qurilishi rejalashtirilgan. Natijada 2 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Prezidentimiz majmua faoliyati bilan tanishib, tashrif buyurganlar bilan samimiy muloqot qildi. Xizmatlarni kompleks yondashuv asosida yanada rivojlantirish, bunday markazlarni boshqa hududlarda ham ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi.
Shu bilan davlatimiz rahbarining Jizzax viloyatiga tashrifi yakunlandi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
Abdulaziz RUSTAMOV,
Abdujalol QAYUMOV,
O‘zA maxsus muxbirlari
Ўзбекча
English
Русский