Tinchlikni tanish

Urushlar, qurbonlar, qonlar, ziddiyatlar, tahlika va tahdidlar, tajovuzlar qarshisidagi o‘ylar…

Notinch dunyo uzra yana bir tong otdi. Lekin bu tong kimgadir kulfat, boshqa birovga ayriliq, yo‘qotish, alam va iztirob olib keldi.

Bugungi dunyoda maqsadsiz urushlar tufayli mislsiz g‘am-qayg‘ular, faryodlar, nolalar ovozi kezib yuribdi.

XXI asrda ochlikdan, suvsizlikdan o‘layotganlarning borligi, ularning aksariyati bolalar ekanligi qanchalar dahshat.

Urushni boshlayotganlar, unga sabab bo‘layotganlar bir chetda qolib, begunoh odamlarning qoni to‘kilayotgani, yaqinlarini yo‘qotayotgani, boshpanasiz qochqinga aylanayotgani holati bilan mutlaqo murosa qilib bo‘lmaydi.

Urush ogohlikni, hushyorlikni yo‘qotgan butun boshli mamlakatlarni, xalqlarni o‘z domiga ayovsiz tortib ketmoqda.

Bugun biz notinch dunyoda yashayotganligimizni unutmasligimiz kerak.

Urushlar insoniyatga saboq beradi degan aksiomalar butunlay o‘z mazmun-mohiyatini yo‘qotgandek.

Insoniyat urushlardan xulosa chiqarish o‘rniga, uning yangi-yangi usullarini o‘ylab topmoqda. 

Ming afsuski, dunyoda urushlardan manfaat ko‘ruvchi kuchlar ham paydo bo‘ldi. Qurol-yarog‘ savdosi, qurollanish poygasi avj oldi. O‘zga mamlakatlarning ichki ishlariga aralashish, ularni o‘z yo‘liga yurgizish, bo‘ysundirishga urinishlar tobora ortib bormoqda.

Urush va ziddiyatlarni keltirib chiqarishga ixtisoslashgan, buni o‘ziga kasb qilib olgan tuzilmalar mavjud. Ular turli fondlar, ijtimoiy yordamlar, ko‘ngillilar qiyofasiga kirib borgan joylarida urush olovini yoqishga intilyotir.

Urushlar insoniyatga faqat qurbonlar, aziyatlar, ayriliqlar berdi. Lekin kimlarnidir boy va baquvvat bo‘lishiga ham sababchidir. 

Urush va inqiloblar kimgadir taxt, baxt olib kelgan bo‘lishi mumkin, lekin xalqqa hech narsa bermagan. Bundan keyin ham bermaydi.

Urush olovi ichida qolgan Iroq, Suriya, Liviya, Afg‘oniston kabi mamlakatlar aholisi o‘ta qashshoqlashgan, davlat mustaqilligi esa savol ostida qolgan, iqtisodiyot butunlay tanazzulga yuz tutganini ko‘rib, bilib turibmiz. Vaziyat shunday davom etaversa, bu mamlakatlarni juda og‘ir ko‘rgiliklar kutmoqda.

Mavjud tuzumni xorijlik hamkorlari yordamida ag‘darganlar, ularning ko‘magi bilan “demokratik jamiyat” barpo etmoqchi bo‘lganlar butunlay yanglishadilar. Aslida ahvol oldingidan ham yomonlashib, millionlab odamlar qochqinga aylanmoqda. Ularning taqdiri noma’lumligicha qolmoqda. 

Inqilob va isyonlar farovonlik olib kelgan mamlakatni ko‘rmadim. Aksincha, ahvol yanada murakkablashib, boshi berk ko‘chaga kirib qolayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

AQSHning birinchi Prezidenti, “Millatning ishonchli otasi” degan unvonga sazovor bo‘lgan Jorj Vashington Angliya vakillari bilan muzokaralar olib borib, ikki davlat o‘rtasida kelib chiqish arafasida turgan urushning oldini olishga harakat qiladi. U: “Keling, masalani qurol bilan emas, aql bilan yechaylik. Urush ochish har ikki tomon uchun ham eng so‘nggi choradir”, — deya ta’kidlagan.

Oradan necha asrlar o‘tgan bo‘lishiga qaramasdan, bu tamoyil hali ham o‘z mohiyatini yo‘qotgani yo‘q. Aslida bosiqlik, aql, idrok, tenglik bilan hal etilishi mumkin bo‘lgan masalalar urushlarni keltirib chiqaryapti. Nohaq qon to‘kilishiga olib kelyapti.

Katta va qudratli davlatlarning bosimi, doimiy aralashuvi, kuchsiz davlatlarni o‘ziga bo‘ysundirish harakatlari ham urushlarning kelib chiqishiga turtki bo‘lmoqda.

Jahon tarixida “Monro nazariyasi” deb nom olgan tarixiy-siyosiy hujjatni yaratgan AQSHning yana bir Prezidenti Jeyms Monro: “Tinchligimiz, kelajagimiz uchun o‘zimiz kurashmasak, kim kurashadi?” –  deb aytgan edi. U tomonidan ilgari surilgan Monro nazariyasining asosiy mazmuni Amerika ustidan Yevropa hukmronligining har qanday ko‘rinishiga qarshi chiqishdan iborat bo‘lgan: “Amerika qit’asi hech bir Yevropa davlati tomonidan mustamlaka makoni sifatida ko‘rilmasligi kerak. Bunday urinishni biz o‘z tinchligimiz va xavfsizligimizga nisbatan tahdid deb hisoblaymiz”. Monro nazariyasi AQSHning hududiy jihatdan daxlsiz davlat ekanligini yana bir bor mustahkamladi. Tashqi dunyo mamlakatlari bilan teng huquqli aloqaga kirishish imkonini berdi.

Mustamlaka makoni sifatida qarash vasvasasi bugun ham avj olmoqda. Quldor hamisha itoat istaydi. Bu jirkanch illat hali ham borligi bizni hushyorlikka undashi zarur. Bugungi urushlar ostida mana shu yovuz maqsadlar ham yashiringan.

O‘zbekistonning tinchligini ta’minlash borasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev keyingi 9 yilda misli ko‘rilmagan tarixiy qadamlarni tashladi. Avvalo, mamlakatning ichki tinchligiga alohida ahamiyat qaratildi. Bu nimalarda namoyon bo‘ladi?

Birinchidan, xalqning roziligiga erishishda, inson qadrini ulug‘lashda, xalq farovonligiga intilishda, davlat xizmatchilarining tom ma’noda xalq xizmatchisiga aylanishida…

Ikkinchidan, “Qo‘shning tinch – sen tinch” oltin qoidasiga amal qilishda.

Uchinchidan, butun dunyo uchun ochiqlik siyosatiga amal qilishda.

To‘rtinchidan, o‘zgalar manfaatini o‘z manfaatidan ustun qo‘ya olishda.

Beshinchidan, qon-qardoshlik, tarixiy do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik an’analariga sadoqatda...

O‘tgan davr O‘zbekistonning tinchlikparvar siyosati to‘g‘ri ekanini isbotladi. 

O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun Osiyo, Yevropa, Amerika qit’asida ham tinchlik tarafdori sifatida tanildi va tan olindi.

Men bugungi notinch dunyoga, davlat rahbarlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni ibrat qilib ko‘rsatmoqchiman.

O‘zbekiston xalqaro tuzilmalar doirasida ham tinchlikparvar mamlakat sifatida e’tirof etilmoqda.

“Notinch uyga mehmon kelmaydi”,  “Bir kun janjal bo‘lgan joydan, qirq kun baraka ko‘tariladi”.

Bugun O‘zbekiston tinch taraqqiyot yo‘lidan ketmoqda. Bu borada u do‘stlarini ham o‘z ortidan ergashtirishga harakat qilyapti.

Markaziy Osiyo tinchligi tashabbuskori – O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevdir. 

Bu faqat mening fikrim emas, balki jahon jamiyati va xalqaro ekspertlarning ham haqqoniy xulosasidir.

Unutmasligimiz kerakki, tinchlik bor joyda bunyodkorlik ham, islohotlar ham, farovonlik ham bo‘ladi. 

Tinchlik yo‘q joyda esa faqat ohu faryod, ko‘z yosh, g‘am-kulfat... 

Bugun xalqimiz zimmasida ulkan mas’uliyat turibdi — vatanimiz tinchligini ko‘z qorachig‘idek asrash va unga bo‘lgan har qanday tahdidga qarshi kurashish.

Tinchlik — muzeyga qo‘yiladigan eksponat emas, u har bir daqiqada, har birimizdan kurashishni, ogohlikni, hushyorlikni talab etadi.

Biz har qachongidan ham ko‘ra xiyonatkorlardan, vatanfurushlardan ehtiyot bo‘lishimiz kerak. 

Tashqi dushman, ichki dushman bilan birlashadi, degan qarash bor. Vatanimiz tinchligi – biz uchun hayot-mamot masalasidir.

Men har bir yurtdoshimiz vatanimiz tinchligini Prezidentimiz darajasida yaxshi ko‘rishi va qadrlashini istayman.

Tinchlikka bo‘lgan tahdidlar bugun har qachongidan ham kuchayganini unutmasligimiz kerak. 

O‘zbekiston tinchlik borasida mustahkam pozitsiyaga ega.

Biz chorak asr davom etgan urush tahdidini o‘z tanamizdan o‘tkazganmiz. U kunlarning qaytishini hech qachon istamaymiz.

O‘zbekiston rahbari qat’iy siyosiy irodasini namoyon etib, mamlakatimiz a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar faoliyatida ham avvalo, tinchlik bo‘lishini, har qanday ziddiyatlarni tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori bo‘lib kelmoqda.

Toshkentda yana bir tinchlik tongi otdi. 

Nafaqat Toshkentda, balki ona Vatanimizning har bir go‘shasida tinchlik tonglari otadi. 

Onalar go‘daklariga alla aytadi. Muazzinning azon chaqirig‘i eshitiladi. 

To‘yga otlanayotgan oqsoqollarimiz safi ko‘rinadi. Nuroniy otalar dasturxon boshida: “Avvalo, yurtimiz tinch bo‘lsin!” – deb duo qiladi.

Men “Millatni tanish”, “Vatanni tanish” so‘zlarining yoniga “Tinchlikni tanish” bebaho kalomini ham qo‘shib qo‘ymoqchiman.

Tinchlikni yaxshilab taniylik. Tinchlik oldidagi mas’uliyatimizni unutmaylik. Tinchlikni asrab-avaylashga, qadrlashga o‘rganaylik.

Bu bizning ham ajdodlarimiz, ham avlodlarimiz oldidagi muqaddas burchimizdir...

Rustam XOLMURODOV,

Samarqand davlat universiteti rektori,

O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,

Oliy Majlis Senati a’zosi.

O‘zA

Powered by GSpeech