Tuliya Ekson: O‘zbekiston Parlamentlararo Ittifoqning diplomatiya, demokratiya kabi tamoyillarini qo‘llayotgan davlatlardan

Joriy yilning 5-9 aprel kunlari Toshkent shahri jahon parlamentarizmi olamidagi eng muhim voqea – Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi uchun muhim muloqot maydoniga aylanadi.

Shu munosabat bilan O‘zbekistonga Parlamentlararo Ittifoq raisi Tuliya Ekson tashrif buyurdi. 

– Nufuzli anjumanga 2 mingga yaqin ishtirokchi yig‘ilishi kutilmoqda, –  dedi T.Ekson. – Bizning bu yerga tashrifimiz O‘zbekistonga bo‘lgan yuksak hurmatimizni va bu yerda olib borilayotgan jarayonlarga katta e’tibor qaratayotganimizni ko‘rsatadi, albatta. Shu bilan birga, O‘zbekiston Parlamentlararo Ittifoqning diplomatiya, demokratiya kabi tamoyillarini faol qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlardan biri ekaniga ishonamiz.

So‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar yuksak e’tirofga loyiq va mamlakatingiz qanday taraqqiy etganini ko‘rib turibmiz. Shu munosabat bilan yana bir bor O‘zbekiston Prezidentini hamda Senat Raisini bu boradagi harakatlari natijasi bilan tabriklayman. 

Assambleya davomida biz adolat va ijtimoiy taraqqiyot mavzularini birlashtirib, ularni qanday uyg‘un rivojlantirish mumkinligini muhokama qilamiz.  Tadbir ishtirokchilari kambag‘allikni qisqartirish va barqaror rivojlanishni ta’minlashda parlament a’zolarining roli, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ekologiya sohalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, gender tenglikni ilgari surish hamda ayollar va yoshlar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish, demokratiya va qonun ustuvorligining zamonaviy muammolari kabi dolzarb masalalarni muhokama qiladi.

Assambleya yakunida ishtirokchi mamlakatlarning xalqaro hamkorlikning asosiy masalalari bo‘yicha yakdil pozitsiyasini aks ettiruvchi dasturiy hujjat – Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinishi kutilmoqda.

Norgul Abduraimova,

O‘zA

Powered by GSpeech