Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 mart kuni Samarqandga tashrif buyurib, hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va kelgusidagi rejalar bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari dastlab Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi. Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi.
– Kuni kecha xalqimiz bilan Navro‘z ayyomini kutib oldik. Bugun, muqaddas Ramazon oyida mana shu tabarruk joyga kelib turibmiz. Bu ulug‘ kunlarga tinchlik-xotirjamlikda yetkazgani uchun Yaratganga shukronalar aytamiz. Ilohim, hamisha yurtimiz tinch, elimiz farovon bo‘lsin, hamma xayrli niyatlarimiz amalga oshsin. Bu majmuani Imom Buxoriy bobomizga munosib tarzda quryapmiz. U ziyorat bilan birga ma’rifat, tarbiya, ibrat o‘chog‘i bo‘lsin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Imom Buxoriy maqbarasi butun islom olamida e’zozli maskan. Ko‘p ming sonli ziyoratchilarga sharoitlarni kengaytirish maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan bu yerda yangi majmua barpo etilmoqda.
Majmuaning umumiy maydoni 44 gektar. Bugungi kunda mahobatli maqbara, 10 ming kishiga mo‘ljallangan masjid qurib bitkazilgan. Balandligi 75 metrlik 4 ta minora majmuaga ulug‘vorlik bag‘ishlagan. Shuningdek, muzey, ayvonlar, ma’muriyat va xizmat ko‘rsatish binolari barpo etilgan.
Ayni paytda pardozlash ishlari olib borilmoqda. Bunda milliy an’analar va issiq ranglardan foydalanilmoqda. Peshtoqlar va ayvon devorlariga “Sahihi Buxoriy”dan hadislar bitiladi.
Bundan tashqari, hududda ikki ming o‘rinli yigirmadan ortiq mehmonxona, xiyobonlar, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etiladi.
Bu yil yurtimizda Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlanadi. Shu haqdagi Prezident qarorida kalom ilmi sultonining Samarqand shahridagi majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirish belgilangan.
Tashrif chog‘ida Prezidentimizga ushbu loyiha taqdimot qilindi.
Qayd etilganidek, Moturidiy majmuasida 1 ming 500 kishiga mo‘ljallangan jome masjid, ma’muriy bino qurilishi ko‘zda tutilgan. U yerda kutubxona, majlislar zali, innovatsion muzey hamda mutaxassislar uchun xonalar bo‘ladi. Majmua yaqinida avtoturargoh tashkil etiladi, ziyoratchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi.
Imom Abu Mansur Moturidiy islom olamida ixtiloflar avj olib, har xil firqalar ko‘paygan paytda yashagan, butun hayotini islomiy aqidani himoya qilish va ma’rifatini yoyishga bag‘ishlagan. U zotning moturidiylik ta’limoti, “Ta’vilotul Qur’on”, “Kitob at-Tavhid” kabi asarlari bag‘rikenglik va mo‘’tadillik tamoyillari bilan ahli sunna val-jamoaning ma’naviy asoslariga aylangan.
Davlatimiz rahbari bu tamoyillar bugungi kunda ham dolzarb bo‘lib borayotganini ta’kidlab, alloma bobomizning merosini yanada keng o‘rganish va jahonga targ‘ib etish, majmuaga keluvchilarga sharoitlarni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Yana bir xayrli loyiha – Oqdaryo tumanidagi Mahdumi A’zam qadamjosini obod qilishga qaratilgan. Asli hozirgi Kosonsoy tumanida tug‘ilgan so‘fiy olim naqshbandiya ta’limotining rahnamolaridan biri bo‘lgan. Ilm va din yo‘lidagi uzoq safardan so‘ng, Samarqandda abadiy qo‘nim topgan.
Bu maskanga keluvchi ziyoratchilar ham ko‘p. Ularga sharoitlarni yaxshilash maqsadida majmua hududida qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi, bugungi kun talablariga mos qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi.
Taqdimot chog‘ida Samarqand zaminidan yetishib chiqqan boshqa olim va mutafakkirlar, aziz avliyolarning qadamjolari ham bosqichma-bosqich ta’mirlanib, obod qilinishi aytildi.
So‘nggi yillarda eng zamonaviy standartlarga mos infratuzilma yaratilgani tufayli Samarqand shahri xalqaro miqyosdagi yirik tadbirlar – oliy va yuqori darajadagi sammitlar, konferensiya va kongresslarning an’anaviy mezboniga aylandi.
2022 yilda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Buyuk ipak yo‘li” majmuasi bunyod etilgani bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqib, Samarqandning xalqaro markaz sifatidagi salohiyatini yanada oshirdi.
Shavkat Mirziyoyev ushbu Xalqaro turizm markaziga tashrif buyurib, olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, yaratilayotgan sharoitlar bilan tanishdi. Majmuada xorijiy delegatsiyalar va sayyohlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, qulayliklarni kengaytirishga qaratilgan muayyan ishlar olib borilmoqda, qator yangi ob’ektlar qurilmoqda.
Jumladan, markaz hududida umumiy maydoni 1150 kvadrat metr bo‘lgan yirik konsert zali barpo etilmoqda. 100 kishini qabul qila oladigan madaniyat maskani zamonaviy akustika uskunalari bilan jihozlanmoqda.
Prezidentimiz xorijiy delegatsiyalar, ikki tomonlama uchrashuvlar uchun qulayliklarni oshirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Shu yerning o‘zida Samarqand viloyati hokimi hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yuzasidan davlatimiz rahbariga hisobot berdi.
Ta’kidlash joiz, joriy yilda Samarqandda yirik xalqaro anjumanlar bo‘lib o‘tadi. Bugungi kunda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti va Iqlim forumi, “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari” sammiti, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini o‘tkazishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahriga tashrifi yakunida Hazrati Hizr majmuasida bo‘lib, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov maqbarasini ziyorat qildi.
Qur’on oyatlari tilovat etilib, duo o‘qildi.
Marhumlarning yaxshiliklarini eslash, qabristonlarni obodonlashtirish xalqimizning ezgu qadriyatlaridan. Ushbu maqbara ham Prezidentimiz boshchiligida qurdirilgan, aziz ziyoratgohga aylantirilgan. Muborak Ramazon oyida bunday ezgu amallar barcha joylarda yorqin namoyon bo‘lmoqda.
Ziyodulla JONIBEKOV, G‘olib HASANOV,
O‘zA muxbirlari
- Qo'shildi: 24.03.2025
- Ko'rishlar: 345
- Chop etish