Xavfsiz uy, himoya orderi va reabilitatsiya: Ayollar uchun qanday imkoniyatlar bor? (+video)
Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish masalasi mamlakatimizda kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb yo‘nalishga aylandi. Davlat tomonidan qabul qilinayotgan yangi qonunlar, muhofaza mexanizmlari va profilaktik chora-tadbirlar orqali ayollarni qo‘llab-quvvatlash tizimi bosqichma-bosqich takomillashib bormoqda.
Mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar, joriy etilayotgan yangiliklar va amaliyotdagi muammolar xususida Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent shahar boshqarmasi Yunusobod tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi katta mutaxassisi Nafisa Azimova va markaz psixologi Kumush Qodirova bilan suhbatlashdik.
— So‘nggi yillarda qabul qilingan qonun va qarorlar amalda qanchalik samara beryapti?
— So‘nggi yillarda qabul qilingan qator qonun va qarorlar ayollarni himoya qilish tizimini sezilarli darajada kuchaytirdi. Eng asosiy yangilik — himoya orderlari mexanizmining amaliyotga kiritilgani. Bu orqali zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, hujjatlashtirish va qabul qilinadigan choralarni tezlashtirish ta’minlandi. Shu bilan birga, zo‘ravonlikka uchragan ayollar uchun reabilitatsiya va bexatar uylar soni ko‘paydi, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, ta’lim va ijtimoiy xizmatlar o‘rtasidagi hamkorlik kuchaytirildi. Biroq ayrim hududlarda hali ham qonun ijrosi bir xil darajada emas.
— Himoya orderlaridan foydalanishda qanday muammolar ko‘proq kuzatilyapti?
— Amaliyotda bir nechta qiyinchiliklar bor. Birinchidan, ayrim hududlarda profilaktika inspektorlarining yuklamasi yuqori, bu esa order chiqarish va nazorat qilishda kechikishlarga olib keladi.
Ikkinchidan, jabrlanuvchi ayollar himoya orderining huquqiy ahamiyatini, uning qanday ishlashini to‘liq tushunmaydi. Shu bois biz psixologik yordam bilan birga huquqiy tushuntirish ishlarini ham olib boramiz.
Uchinchidan, order buzilgan taqdirda javobgarlikni ta’minlash har doim ham tezkor emas. Bu borada nazorat kuchaytirilmoqda.
— Ma’muriy va jinoiy javobgarlik qay tartibda ajratiladi?
— Agar zo‘ravonlik bir necha marta takrorlansa, og‘ir jismoniy yoki ruhiy zarar yetkazilsa, albatta jinoiy ish qo‘zg‘atilishi kerak. Bir marta sodir bo‘lgan yengil holatlar esa ma’muriy tartibda ko‘rib chiqiladi.
Ammo muammo shundaki, ayrim manzillarda zo‘ravonlikning og‘irlik darajasini baholash yetarli emas. Buni to‘g‘rilash uchun sohadagi mutaxassislar malakasi oshirilmoqda.
— Reabilitatsiya markazlariga murojaatlar soni nega ko‘paymoqda?
— Buni faqat zo‘ravonlik ko‘paygani bilan bog‘lash to‘g‘ri emas, — deydi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi psixologi Kumush Qodirova. — Aholi orasida ishonch, axborotdan xabardorlik, psixologik xizmatdan foydalanish madaniyati kuchaygan. Yashirin holatlar kamaymoqda, ayollar ochiq murojaat qilayapti. Bu esa ijobiy tendensiya hisoblanadi.
— Bexatar uylarda ayollar qancha vaqt yashashi mumkin?
— Oddiy tartibda 1 oydan 6 oygacha. Agar vaziyat og‘ir bo‘lsa, individual baholash asosida muddat uzaytiriladi. Bu davrda ayollarga kasbga o‘qitish, psixologik reabilitatsiya, hujjatlarni tiklash, zarurat bo‘lsa, tibbiy yordam taqdim etiladi. Ishga joylashtirish ko‘rsatkichi tumanga qarab 30–50 foiz atrofida.
— Markazlarda maxfiylik qanday ta’minlanadi?
— Jabrlanuvchi ayollarning manzili va shaxsiy ma’lumotlari qonun bilan qat’iy muhofaza qilinadi. Bexatar uylarning aniq manzili oshkor qilinmaydi. Ma’lumotlar faqat cheklangan mutaxassislar tomonidan ko‘riladi, markazlarga kirish-chiqish nazorat qilinadi.
— Ayollarni ishga joylashtirishda davlat va xususiy sektor uyg‘unligi qanday?
— Davlat tomonidan bandlik markazlari orqali ish o‘rinlari va kasbiy tayyorlov kurslari taklif qilinadi. Xususiy sektorda esa ayrim korxonalarda maxsus kvotalar joriy etilmoqda. Biroq shuni aytish kerakki, xususiy sektor ishtirokini yanada faollashtirish zarur.
— Agar zo‘ravon himoya orderini buzsa, qanday chora ko‘riladi?
— Birinchi marta order buzilsa, ma’muriy jarima yoki ma’muriy qamoq. Takrorlansa, jinoiy ish qo‘zg‘atilishi mumkin.
Amaliyotda esa har doim ham bu tartib uzluksiz ta’minlanmaydi, shu bois nazoratni kuchaytirish yuzasidan ishlar olib borilmoqda.
— Ayrim tumanlarda markazlar yo‘qligi muammosi ham tilga olinmoqda. Bu borada qanday choralar rejalashtirilgan?
— Hozirda barcha viloyatlarda 14 ta markaz faoliyat yuritadi. Lekin ba’zi tumanlarda hali ham to‘liq infratuzilma mavjud emas. Buni bartaraf etish uchun yangi markazlar ochish, mobil ijtimoiy-ruhiy xizmat guruhlari tashkil qilish, mahalliy byudjetlardan qo‘shimcha mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.
— Zo‘ravonlik holatlari ko‘pincha nima uchun yashiriladi?
— “Oila ichidagi ish”, “Sharmandalik” kabi stereotiplar sabab ayollar murojaatdan qochadi. Ba’zi holatlarda mahallada aybni ayolning o‘ziga yuklayotgan munosabat ham uchraydi. Shu bois targ‘ibot ishlari nafaqat ayollar, balki oila a’zolari, mahalla faollari va imomlar ishtirokida olib borilmoqda.
— Xalqaro tajribaning qaysi elementlari O‘zbekistonda joriy etilmoqda?
— Hozirda bir nechta xalqaro amaliyotlar bosqichma-bosqich tatbiq qilinmoqda. “Bir darcha” asosida kompleks xizmatlar, agressorlar bilan psixokorreksion ish yuritish, zo‘ravonlikni erta aniqlash tizimi, onlayn maslahat va ishonch telefonlari doimo ishlab turibdi.
Bu tizimlar ayollarni himoya qilishda samaradorlikni yanada oshirmoqda.
Mutaxassislar fikricha, zo‘ravonlikka qarshi kurashishda huquqiy mexanizmlar kuchaytirilmoqda, ijtimoiy xizmatlar sifati yaxshilanmoqda va aholida eshitish, ishonch bildirish madaniyati o‘smoqda. Biroq profilaktika va mahalliy idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский