Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida

Davlatimiz rahbarining tashqi siyosatda ayniqsa qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarni mustahkamlashga alohida ustuvorlik berayotgani mintaqamizda barqaror tinchlik qaror topishi, xalqlarimiz o‘rtasida ijtimoiy iqtisodiy va siyosiy aloqalar yanada chuqurlashishida muhim omil bo‘lmoqda. Kuni kecha Afg‘onistonning “Ariana news” yangiliklar portali ayni mavzuda e’lon qilgan maqolada ikki qo‘shni mamlakat o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik ulkan istiqbolga egaligi alohida ta’kidlangan.

– Kobulda bo‘lib o‘tgan qo‘shma savdo uchrashuvida Afg‘oniston va O‘zbekiston xususiy sektorlari delegatsiyalari muhim hamkorlik shartnomasini imzoladi, – deyilgan maqolada.

Tadbirda so‘zga chiqqan Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri Nuruddin Aziziy o‘zaro savdo-sotiq ko‘lamini kengaytirish zarurligi, bunday aloqalar mamlakatlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

– Bugun umumiy qiymati 20 million dollardan oshadigan savdo bitimi imzolandi, – dedi Aziziy. – Afg‘onistonning Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O‘zbekiston Respublikasi bilan savdo-iqtisodiy aloqalari hozir tarixda misli ko‘rilmagan darajaga chiqdi. Tadbirkorlarimiz o‘rtasida aloqa o‘rnatish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlar savdo hajmi oshishi, muvozanat yaxshilanishiga olib keladi.

Mamlakatimizning Kobuldagi elchisi Oybek Usmonov ushbu qo‘shni davlat bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash har tomonlama manfaatli ekaniga urg‘u berdi.

– Biz yaqin yillarda Afg‘oniston bilan savdo miqdorini 2 milliard dollarga yetkazishga tayyormiz, – dedi u imzolash marosimida so‘z olib.

Afg‘oniston Savdo-sanoat va sarmoya palatasi (ACCI) raisi Said Karim Hoshimiy har ikki tomon ishbilarmonlariga konsullik yordamini kuchaytirishga chaqirdi:

– Uzoq muddatli ko‘p martalik ishbilarmonlik vizalari va boshqa zarur konsullik xizmatlari savdo-sotiq kengayishiga olib keladi. Shuningdek, tegishli idoralar sarmoyani rag‘batlantirish va himoya qilish bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma imzolashni tezlashtirishi kerak.

“Ariana news” xabariga ko‘ra, Afg‘oniston Savdo-sanoat va sarmoya palatasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda ikki davlatning biznes rahbarlari va ishbilarmonlari qatnashgan.

Palata rasmiylari, shuningdek, mintaqaviy qo‘shma savdo palatasi tashkil etilishi Afg‘onistonni Yevropa bozori bilan bog‘lashga yordam berishini ham ta’kidlagan.

S.Rahimov. O‘zA

Powered by GSpeech