Yangi kitob: «Covid-19 va inson huquqlari»

10 dekabr - Xalqaro inson huquqlari kuni arafasida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan «COVID-19 va inson huquqlari» nomli maqolalar to'plami nashr etildi.

To'plamdan 2020 yil iyul oyida Toshkent shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining O'zbekistondagi tuzilmalari vakolatxonalari va YEXHTning mamlakatimizdagi Loyihalarini muvofiqlashtiruvchisi ofisi bilan hamkorlikda "Pandemiya va inson huquqlari: O'zbekiston tajribasi" mavzusida tashkil etilgan Milliy muloqot materiallari joy olgan.

Shuningdek, unda koronavirus tarqalishi munosabati bilan joriy etilgan cheklovlar sharoitida inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi vaziyatning sharhiga bag'ishlangan maqolalar jamlangan.

Bundan tashqari, kitobda O'zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan koronavirus epidemiyasiga qarshi kurashish bo'yicha ko'rilayotgan choralar to'g'risidagi ma'lumotlar taqdim etilgan.

Maqolalarning muayyan qismi pandemiya inqirozi davrida mamlakatda aholining eng himoyasiz toifalari, xususan, bolalar, ayollar, muhojirlar, mahbuslarning huquqlarini himoya qilish masalalari tahliliga bag'ishlangan.

Xalqaro hamjamiyat tomonidan bu sohada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning mohiyati va ahamiyatiga alohida e'tibor qaratilgan. Ushbu jarayon bilan bog'liq muhim tavsiyalarning samaradorligi keng talqin etilgan.

O'zbek, ingliz va rus tillaridagi maqolalarni o'zida qamragan salmoqli to'plam akademik Akmal Saidov mas'ul muharrirligida nashr etilgan. To'plamdan o'rin olgan maqolalar xalqaro ilmiy nashrlar ro'yxatiga kiritilgan ilmiy nashrlarda chop etiladigan maqolalarga tenglashtirilgan.

Yangi nashr inson huquqlarini himoya qilish masalalari bilan shug'ullanayotgan mutaxassislar va pandemiya sharoitida ijtimoiy hayotning huquqiy jihatlari bilan qiziqadigan kitobxonlar doirasiga
mo'ljallangan.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech