Yurtimizning zamonaviy tarixida yangi O'zbekiston qurilishiga zamin yaratgan tarixiy hodisa — Shavkat Mirziyoevning O'zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga tayinlanganiga 4 yil to'ldi.
2016 yil 14 dekabrda Oliy Majlis yig'ilishida O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 92-moddasiga muvofiq, SH.M.Mirziyoev “O'zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, respublikaning Konstitutsiyasi va qonunlariga qat'iy rioya etishga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga” tantanali qasamyod qildi. Unga qadar mamlakatning Asosiy qonuni normalariga muvofiq, 2016 yil 8 sentyabrdan 4 dekabrgacha Prezident vazifasini bajaruvchi, 5 dekabrdan 14 dekabrgacha esa O'zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti sifatida faoliyat yuritdi.
Shu qisqa tarixiy davr mobaynida mamlakatimizda “Yangi O'zbekiston”ni qurishga qaratilgan ulkan islohotlar va tub demokratik o'zgarishlar amalga oshirildi, xalqimizning ulug'vor qudratiga tayanib O'zbekistonda yangi Uyg'onish — Uchinchi Renessans davri poydevori yaratilmoqda.
Albatta, birgina kichik maqolada mamlakatimiz taraqqiyotini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqqan, mamlakat jadal rivojining dinamikasini belgilab berayotgan keng ko'lamli islohotlarning barcha jabhalarini to'liq qamrab olish mumkin emas. Bu haqda zamonaviy O'zbekistonning ko'plab olim va tadqiqotchilari kitoblar va ilmiy asarlar yozadilar, deb o'ylayman.
Shu o'rinda SH.M.Mirziyoevning mamlakat rahbarligiga kelishi bilan jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarini demokratlashtirish va liberallashtirish, yangi O'zbekistonni qurish borasida boshlagan ulkan ishlaridan faqat ayrim chizgilarni tilga olging keladi.
Birinchidan, Harakatlar strategiyasi — yangi O'zbekistonni qurish poydevoridir. Avvalambor, jadal sur'atlarda rivojlanayotgan dunyoda faqat zamon bilan hamnafas odimlayotgan, jamiyat va davlatni modernizatsiya qilish uchun zarur islohotlarni amalga oshirayotgan davlatlargina raqobatbardosh bo'la olishini alohida ta'kidlash joiz. Bu esa, o'z navbatida, yangi O'zbekiston uchun yangi siyosat va mamlakat taraqqiyoti uchun uzoq muddatli strategiya ishlab chiqishni hayotiy zaruratga aylantirgan edi.
Qisqa vaqt ichida SH.M.Mirziyoevning bevosita rahbarligida tub va jadal demokratik islohotlarning mutlaqo yangi bosqichi boshlanishini belgilab beruvchi O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi — jamiyat va davlatni barqaror rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasi ishlab chiqildi.
Harakatlar strategiyasi doirasida siyosiy tizimni modernizatsiya qilish, chuqur ma'muriy islohotlar o'tkazish, sud-huquq tizimini tubdan qayta ko'rib chiqish, sudlarning haqiqiy mustaqilligi va erkinligini ta'minlash, iqtisodiyotni liberallashtirish, qulay biznes va investitsion muhitni yaratish, millatlararo totuvlik va dinlararo bag'rikenglikni, puxta o'ylangan, o'zaro manfaatli va konstruktiv tashqi siyosatni amalga oshirish bo'yicha tezkor va tizimli, o'zaro aloqador va bir-biriga bog'liq chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilmoqda.
Harakatlar strategiyasi asosida, xususan, 30 dan ortiq strategiya va milliy dastur, 5 ta kodeks, 250 ga yaqin qonun, Prezidentning 3200 dan ziyod farmon va qarorlari hamda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, ilmiy-texnik, sud-huquq, gumanitar va boshqa sohalarni rivojlantirish bo'yicha ko'plab normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Ikkinchidan, yangi O'zbekiston — bu xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladigan xalqchil davlatdir. Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati, qonuniy ehtiyojlari va manfaatlarini himoya qilishdir. O'zbekiston Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari faoliyati insonning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlari va erkinliklarini ta'minlashga katta hissa qo'shmoqda.
Ushbu tuzilmalar Konstitutsiya va qonunlarning inson huquqlarining kafolatchisi sifatida Shavkat Mirziyoevning mamlakat Prezidenti lavozimiga kirishganidan keyin imzolagan dastlabki hujjatlaridan biri doirasida yaratilganida ham chuqur ramziy ma'no bor. Uning tashabbusi bilan amalga oshirilgan birinchi davlat dasturi ham “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” vazifalarini bajarishga bag'ishlangan edi.
Yurtboshimiz tashabbusi bilan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi qabul qilinib, izchil amalga oshirilmoqda. Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta'minlash hamda inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyotida amalga oshirish xalq uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratishga yo'naltirilgan demokratik islohotlarning asosiy mezoniga aylandi. Bugungi kunda inson huquqlari va erkinliklari sohasida O'zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan 80 dan ortiq xalqaro hujjatdagi normalar milliy qonunchilikda o'z ifodasini topmoqda.
Eng muhimi, keng ko'lamli islohotlar xalq hayotini, dunyoqarashini, turmush tarzini o'zgartirmoqda. Jamiyatda “Yangi O'zbekistonni birgalikda quramiz” degan yuksak maqsad shakllantirilgan va “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori” degan yangi tamoyil kundalik faoliyatning asosiga aylandi.
Uchinchidan, yangi O'zbekiston kuchli parlamentarizm instituti amalda bo'lgan va “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyili amalga oshirilayotgan davlatdir.
Mamlakatimizda parlamentarizmni rivojlantirish va mustahkamlash, siyosiy partiyalar rolini oshirish, xalq hokimiyatini mustahkamlash, parlament va jamoatchilik nazorati to'g'risidagi qonunlarni takomillashtirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hisobdorligi va shaffofligini ta'minlashga qaratilgan keng ko'lamli tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xalq deputatlari Kengashlari faoliyati takomillashtirilib, ularning vakolatlari kengaytirilmoqda, eng muhimi, ushbu tuzilmalarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi real daromadlarining barqaror o'sishi, turmush darajasi va sifatini oshirish borasidagi mas'uliyati kuchaytirilmoqda. “Elektron parlament” va “Elektron xalq deputatlari kengashi” kontseptsiyalari bajarilmoqda.
“Qonunning yagona manbai va yaratuvchisi xalqdir”, degan ezgu g'oyani amalga oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Qonunlar insonlar va jamiyat hayotini yaxshilashga xizmat qilishini ta'minlash, qonun ijodkorligi sifatini tubdan oshirish, qonunchilikni tizimlashtirish va kodifikatsiyalashtirish, qonunosti hujjatlar sonini keskin kamaytirish va “aqlli tartibga solish” modelini joriy etish masalalariga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
To'rtinchidan, yangi O'zbekiston — insonning har tomonlama rivojlanishi ta'minlanadigan va iste'dodi qadrlanadigan mamlakat. Bugungi kunda ilm-fan, ta'lim, innovatsiya, texnologiya va kadrlar zamonaviy demokratik jamiyat taraqqiyotining hal qiluvchi omili ekaniga hech kim shubha qilmaydi. Mamlakat taraqqiyotini zamon talablariga mos keladigan ilm-fansiz tasavvur etish qiyin.
Yurtboshimizning davlat rahbari sifatidagi ilk uchrashuvi 2016 yil 30 dekabrda aynan ilm-fan vakillari bilan bo'lganida ham chuqur ramziy ma'no mujassam. Davlatimiz rahbari ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, ta'lim tizimini, innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish, ilm-fan rivojini yangi bosqichga ko'tarishga katta e'tibor qaratdi. Ilm-fan va olimlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, mamlakatning intellektual, ilmiy va ma'rifiy salohiyatini oshirish, ilm-fanning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotdagi rolini mustahkamlash, olim va o'qituvchilar faoliyatini qo'llab-quvvatlash, yuqori malakali kadrlar tayyorlash sifatini oshirish davlatning ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilandi.
Bu boradagi ishlar izchil va tizimli tarzda davom etmoqda. Mazkur sohada “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to'g'risida”gi, “Innovatsion faoliyat to'g'risida”gi va “Ta'lim to'g'risida”gi qonunlar, Prezidentning 170 dan ortiq hujjati qabul qilindi. O'zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi, shuningdek uzoq muddatli (2030 yilgacha) Ilm-fan, oliy ta'lim tizimi, davlat va maktabgacha ta'lim tizimlarini rivojlantirish bo'yicha kontseptsiyalar tasdiqlandi va amalga oshirilmoqda. Muhim maqsad – O'zbekistonning 2030 yilga kelib “Global innovatsion indeks” reytingi bo'yicha jahonning 50 ilg'or mamlakati qatoriga kirishini ta'minlashga xizmat qiluvchi, inson kapitalini rivojlantirishga yo'naltirilgan strategik reja qabul qilindi.
Bugungi kunda mamlakatimizda yuzdan ortiq akademik va sohaviy ilmiy muassasa, jumladan, 65 ta ilmiy-tadqiqot instituti faoliyat ko'rsatmoqda. Shu bilan birga, oliy o'quv yurtlari va ularning filiallarida ham ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
Oliy ta'lim sohasida davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy o'quv yurtlari faoliyatini tashkil etish, sohada sog'lom raqobat muhitini yaratish asosida oliy ta'lim bilan qamrab olish darajasini 50 foizdan ziyodga oshirish vazifasi qo'yilgan. Bugungi kunda respublikada 114 ta oliy o'quv muassasasi mavjud bo'lib, ulardan 93 tasi mahalliy, 21 tasi xorijiy oliy o'quv muassasasi va ularning filiallaridir. Xususan, so'nggi 3 yil ichida 6 ta oliy o'quv muassasasi va 17 ta filial, shuningdek xorijiy oliy o'quv muassasalarining 14 ta filiali tashkil etildi.
Beshinchidan, yangi O'zbekiston — bu davlat faoliyati, avvalo, xalq tinchligi va farovonligini ta'minlashga, jamiyatda adolat g'oyalari va tamoyillarining tantana qilishiga qaratilgan mamlakatdir.
Birgina misol keltirsak. Dunyoda davom etayotgan koronavirus pandemiyasi SH.M.Mirziyoevning mamlakat sog'liqni saqlash tizimini chuqur isloh qilish, aholiga ko'rsatilayotgan tibbiy xizmatlarni dunyoda yetakchi o'rinlarga olib chiqish, mamlakatimizda zamonaviy jihozlar hamda malakali kadrlar bilan ta'minlangan yuqori texnologik va samarali tibbiy xizmat ko'rsatish tizimini shakllantirish, tibbiyot muassasalarining ilmiy, uslubiy va ta'lim berish salohiyatini rivojlantirish, sog'liqni saqlash tizimida zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, diagnostika vositalari va usullaridan keng foydalanish, jamiyatda sog'lom turmush tarzi va sog'lom ovqatlanish madaniyatini shakllantirish bo'yicha amalga oshirgan qadamlari va tashabbuslari qanchalik o'z vaqtida qo'yilgani hamda hayotiy ekanini ko'rsatdi.
Pandemiya milliy sog'liqni saqlash tizimi uchun jiddiy sinov va katta tajriba maktabiga aylandi. Mamlakatda bu xavfli kasallikka qarshi kurashish uchun misli ko'rilmagan ishlar amalga oshirildi. Jumladan, ko'plab yangi shifoxonalar va karantin zonalari foydalanishga topshirildi. Ko'plab qo'shimcha tibbiy asbob-uskunalar va tez yordam mashinalari xarid qilindi.
Ilg'or xorijiy amaliyot va milliy tajribani hisobga olgan holda davolash usullari takomillashtirilmoqda. Koronavirusga qarshi kurashayotgan shifokorlar ishini munosib rag'batlantirish chora-tadbirlari ko'rilmoqda. Bu ishlar natijasida minglab bemorlar sog'ayib, oilalariga qaytmoqda.
Har birimiz davlat rahbarining “Hech kim hech qachon unutmasligi kerak: qanchalik qiyin bo'lmasin, qancha mablag' va imkoniyat talab etilmasin, O'zbekistonning bironta fuqarosi o'z holiga tashlab qo'yilmaydi”, degan qat'iy irodasi va printsipiga guvoh bo'lmoqdamiz. Pandemiya davrida nafaqat aholi salomatligini muhofaza qilish, balki ishini yo'qotgan fuqarolarga va tadbirkorlarga yordam berishga ham birinchi darajali ahamiyat qaratilmoqda.
Mablag'lari sog'liqni saqlash tizimi, ijtimoiy infratuzilma, aholi va tadbirkorlik sub'ektlarini moliyaviy qo'llab-quvvatlashga yo'naltiriladigan Inqirozga qarshi kurashish jamg'armasi tashkil etildi. 500 mingdan ortiq tadbirkor va 8 milliondan ortiq fuqaroga qariyb 34 trillion so'm miqdorida imtiyozlar berilib, ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam miqdori va aholi bandligi darajasini oshirish uchun qo'shimcha ravishda 2,6 trillion so'm ajratildi.
Konstitutsiyaviy adolat tamoyilini amalda ta'minlash borasida ham ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Kambag'allikni qisqartirish maqsadida ijtimoiy qo'llab-quvvatlashning yangi samarali mexanizmlari joriy etilyapti. 590 mingdan ziyod oilani qo'llab-quvvatlash uchun 840 milliard so'm mablag' ajratilib, qariyb 300 ming oilaning mehnatga layoqatli a'zolari bandligi ta'minlandi. Eng muhimi, odamlarda o'z-o'zini ish bilan ta'minlash, ishbilarmonlik qobiliyati va tadbirkorlik orqali kambag'allikdan chiqish borasidagi tajribasi va ko'nikmalari shakllanmoqda.
Oltinchidan, yangi O'zbekiston — o'z xalqaro majburiyatlariga sodiq davlat, ishonchli tashqi iqtisodiy sherikdir. Yangilanayotgan O'zbekiston tadbirkor va sarmoyadorlar uchun iqtisodiy ochiqligi va jozibadorligi bilan tavsiflanadi. Ustuvor yo'nalishi Markaziy Osiyo bo'lgan davlatimiz tashqi siyosati uning qo'shnilar bilan samarali aloqalarini yo'lga qo'yishiga, Afg'oniston bilan o'zaro aloqalarni kuchaytirishga, mintaqaviy va jahon davlatlari, xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikni mustahkamlashiga yordam bermoqda. Turli xalqaro reyting va indekslarda O'zbekistonning mavqei yaxshilanmoqda. O'zbekiston rahbarining pragmatik tashqi siyosiy tashabbuslari butun dunyoda e'tirof etilmoqda.
Ko'plab xalqaro tashkilotlar va yetakchi xorijiy ekspertlarning baholashicha, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev mintaqadagi taraqqiyot “lokomotivi” hisoblanadi. Dunyodagi hech bir mamlakatda so'nggi yillarda O'zbekistondagi kabi tizimli va shiddatli islohotlar amalga oshirilmagan. Toshkentning yaxshi qo'shnichilik siyosati tufayli Markaziy Osiyo davlatlari ilk bor bugungi kunda dolzarb bo'lgan mintaqaviy masalalarni bu qadar ochiq va samimiy muhokama qila boshladi.
Mamlakatimizda “me'mori” Shavkat Mirziyoev hisoblanadigan yangi O'zbekistonni qurish bo'yicha amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ishlarga doir yana ko'plab misollar keltirish mumkin. Umuman olganda, bugungi kunda O'zbekistonning jahonda nufuzi o'sib borayotgani — bu nafaqat davlatning har tomonlama puxta o'ylangan, qat'iy va mustaqil tashqi siyosati natijasidir, balki mamlakatda demokratik va bozor islohotlarini amalga oshirishda erishilayotgan yutuqlarning xalqaro hamjamiyat tomonidan e'tirof etilishi hamdir.
Yangi O'zbekiston rahbari — o'z yo'lidan mustaqil borish huquqini izchil himoya qilayotgan zamonamizning sanoqli siyosatchilaridan biridir. Ushbu yondashuvning mohiyati esa:
birinchidan, jamiyatning o'ziga xos tarixiy shart-sharoitlarini, uning etnik, diniy va madaniy o'ziga xosliklarini inobatga olish;
ikkinchidan, iqtisodiy rivojlanish va taraqqiyot hamda an'anaviy axloqiy va madaniy qadriyatlar uyg'unligini ta'minlash;
uchinchidan, sog'lom fikrlarni tajribada o'zini oqlamagan turli quruq nazariyalardan ustun qo'yish;
to'rtinchidan, o'ta mafkuralashgan kontseptsiyalar, tushunchalar ustidan vatanparvarlik, pragmatizm va ijodiy amaliyotning ustunligida namoyon bo'ladi.
Yangi O'zbekistonda bunday yondashuv hayotga tatbiq etilishining amaliy natijalari izoh talab etmaydi. Eng asosiysi – zukko o'quvchi buni osongina ko'radi, ya'ni o'z xalqi va mamlakatiga sadoqat, sog'lom fikr, yuksak axloq, teran fikrlovchi davlat arbobi, o'z strategik yo'nalishi to'g'riligiga ishonchi komil siyosatchining amaliy zakovati va temir irodasini anglab oladi.
Ishonch bilan ta'kidlash mumkinki, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli va tizimli ishlar mamlakatimizda Uchinchi Renessans davriga poydevor bo'ladi, milliy taraqqiyotimizning yangi davri, “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” milliy g'oyasini amalga oshirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, bugun biz ushbu g'oyalar atrofida xalqimiz, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va biznes uyushmalarning birlashayotganiga guvoh bo'lmoqdamiz. Bu esa oldimizga qo'ygan ezgu maqsadlarimizga erishish garovidir.
Akmal SAIDOV,
akademik
("Yangi O'zbekiston" gazetasi, 2020 yil 15 dekabr)
- Qo'shildi: 15.12.2020
- Ko'rishlar: 4505
- Chop etish