Yangilanish fenomeni: mamlakatni rivojlanish bosqichiga olib chiqqan islohotlar

Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!

So‘nggi yillarda O‘zbekiston aholi farovonligini mustahkamlash, adolatli va inklyuziv jamiyatni barpo etish, barqaror iqtisodiy rivojlanishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirayotgan davlat ekanligini namoyon etdi. Mustahkam siyosiy iroda, yangilanishga intilgan xalq, zamonaviy dunyo talablariga mos islohotlar – bular barchasida mamlakatimizda kechayotgan yangilanish fenomeni yaqqol ko‘zga tashlanadi. 

Mustaqilligimizning 34 yillik bayramini nishonlash arafasida turar ekanmiz, “Yangi O‘zbekiston” shunchaki shior emas, balki haqiqatga aylanib bormoqda desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

“Yangi O‘zbekiston” tamoyili zamirida nafaqat ma’muriy o‘zgarishlar, balki butun jamiyatda fikrlash, ishlash va munosabatni o‘zgartirish g‘oyasi mujassam. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017 yildan buyon amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatni yangi rivojlanish bosqichiga olib chiqdi.

Avvalo, davlat boshqaruvi tizimida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, xalq bilan muloqot qilish madaniyati yo‘lga qo‘yildi. Elektron xizmatlar tizimini kengaytirish orqali fuqarolarga yaqin bo‘lish siyosati qo‘llanildi. Har bir sohada – ta’limdan tortib sog‘liqni saqlash, iqtisod, sud-huquq tizimigacha taraqqiyotga intilayotgan islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ta’lim va sog‘liqni saqlash...

Bugungi kunda yurtimizda ta’lim asosiy ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Tarixda ilk marta maktablarimiz EGRA, EGMA va PISA xalqaro tadqiqotlarida ishtirok etdi, albatta, bu ularning global standartlarga intilishidan darak. Ta’kidlash joizki, maktabgacha ta’limni rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar maktabgacha ta’lim muassasalari sonini 2017 yildagi 5 211 tadan 2024 yilda 37 000 tagacha o‘sishini va bolalarni maktabgacha ta’lim bilan 27,7 foizdan 76 foizgacha qamrab olishini ta’minladi.

Xususiy va xorijiy universitetlar faoliyatiga ruxsat berildi. Ilmiy faoliyatga imtiyozlar joriy qilindi. “Temurbeklar maktabi”, “Prezident maktablari”, har bir tuman va shaharda Ijod va Ixtisoslashgan ta’lim muassasalari, “IT Park” loyihalari yoshlar salohiyatini rivojlantirishda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. 2023 yilda 10 mingdan ziyod yoshlar IT sohasida ishga joylashdi.

Oliy ta’lim tizimida xalqaro hamkorlikning kengayishi, xususiy sektorning rivojlanishi, mahalliy oliy o‘quv yurtlarining dunyodagi eng yaxshi 1000 ta universitet qatoriga kirishi, xorijda keng ko‘lamli amaliyot dasturi va “El-yurt umidi” jamg‘armasining qamrovi ortishi yoshlarning imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirdi hamda ularning oliy ta’lim bilan 8,3 foizdan 47,7 foizgacha qamrab olinishini ta’minladi.

Shu bilan birga, yangilangan sog‘liqni saqlash tizimida oilaviy shifokorlar instituti joriy etildi. Tez yordamning yetib borish vaqti o‘rtacha 25-30 daqiqadan 8-12 daqiqaga qisqardi. Bepul dori-darmonlar soni 45 tadan 70 taga ko‘paytirildi, perinatal markazlarida esa neonatal reanimatsiya bo‘limlari ochildi. Sog‘liqni saqlash va ovqatlanishni nazorat qilish uchun mobil xizmati yaratildi, mis2.ssv.uz yagona tizimi orqali esa tibbiyotni raqamlashtirish jarayoni tezlashdi.

Ijtimoiy himoya...

O‘zbekistonda 1 million 200 mingta kambag‘al oila ro‘yxati shakllantirilib, “Onlayn mahalla” elektron platformasiga kiritildi. Kambag‘allikni qisqartirish dasturi orqali millionlab aholi ijtimoiy himoyaga olindi. 2021 yildan boshlab “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”, “Temir daftar” kabi ijtimoiy dasturlar orqali aholining ehtiyojmand qatlamlariga manzilli yordam ko‘rsatila boshlandi. Har bir tumanda manzilli xizmat ko‘rsatish maqsadida “Inson” markazlari tashkil etildi. Toshkentda xususiy sektorni ijtimoiy yordam ko‘rsatishga autsorsing asosida jalb etish tizimi sinovdan o‘tkazildi. 

Ayollar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, xotin-qizlar.uz platformasi ayollarning muammolarini hal qilish yo‘lida boshlang‘ich nuqtaga aylangan bo‘lsa, “Yoshlar daftari” loyihasi yoshlarga amaliyot o‘tash hamda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanish imkonini berdi.

Sport va madaniyat...

“Parij – 2024” Olimpiya o‘yinlaridagi g‘alaba – 13 ta medal va umumjamoa hisobidagi 13-o‘rin, MDH va Markaziy Osiyo mamlakatlari orasidagi yetakchi o‘rinlar alohida faxr va g‘urur bag‘ishladi.

Madaniyat sohasi ham yangilanish davrini boshdan kechirmoqda: O‘zbekiston xorijda turli ko‘rgazmalar orqali o‘z madaniyatini, boy tarixini namoyish etmoqda, qator film va multfilmlarni ishlab chiqarmoqda, milliy musiqa hamda ma’naviy meros qo‘llab-quvvatlamoqda.

Iqtisodiy o‘sish va barqarorlik...

O‘zbekistondagi yangilanish jarayonlarining markazida iqtisodiy liberallashuv va xususiy mulkni himoya qilishga qaratilgan choralar turibdi. Moliya tizimida bozor mexanizmlarini joriy etish, soliq va bojxona tizimini soddalashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va eksportni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq strategiyalar shakllantirildi.

Iqtisodiyotni liberallashtirish va diversifikatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti 2017 yildagi 69,6 milliard dollardan 2024 yilda 115 milliard dollarga yetdi. Bunda iqtisodiyot o‘sishi 6,5 foizni tashkil etdi. Aholi jon boshiga daromadlar 3 093 dollarga yetdi, inflyatsiya 14,4 foizdan 9,8 foizga kamaydi, yalpi ichki mahsulot (YAIM) hajmi o‘sish sur’ati esa, barqaror ravishda 6-7 foizni tashkil qildi.

Byudjet yanada shaffoflashdi: daromadlar hajmi 49,7 trillion so‘mdan 274,4 trillion so‘mgacha oshdi, “Ochiq byudjet” va “Mahalla byudjeti” tizimlari joriy etildi. “Tashabbusli byudjet” dasturi o‘zining ijobiy natijasini berdi, unga ajratilgan mablag‘lar hajmi 5,7 trillion so‘mga yetdi.

Investitsiya – moliyaviy barqarorlik...

“Yashil iqtisodiyot”, “raqamlashtirish” va “innovatsion tadbirkorlik” tushunchalari amaliyotda qo‘llanilishi, sanoat klasterlari va kichik biznesni rivojlantirish, viloyatlar taraqqiyotiga alohida e’tibor berish – mamlakatning iqtisodiy suverenitetini mustahkamlamoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston xorijiy investorlar uchun jozibador davlatga aylandi. Agar 2017 yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi atigi 3,3 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib ushbu ko‘rsatkich deyarli 35 milliard dollargacha oshdi. Jumladan, har yili Toshkent xalqaro investitsiya forumining o‘tkazilishi investitsiyaviy ishonchning yorqin tasdig‘idir.

Ta’kidlash joizki, investitsiya faoliyati natijalari avtomobilsozlik sanoatida ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Xususan, 2024 yilda Jizzax viloyatida BYD Chazor va Song Plus Champion modellari, shuningdek, “ADM Jizzakh” zavodi negizida KIA Sonet brendi ostida avtomobillar ishlab chiqarish boshlandi. Ushbu loyihalar nafaqat importni kamaytiradi, balki MDH va Yaqin Sharq mamlakatlariga eksport uchun istiqbol eshiklarini ham ochib beradi.

Asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 2017 yildagi 72,2 trillion so‘mdan 2024 yilda 493,7 trillion so‘mgacha – 6 barobardan ziyod oshdi. Bu ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, qonunchilikni takomillashtirish, yangi moliyaviy mexanizmlarni, shu jumladan, hukumat kafolatlari, subsidiyalar va DXSH hamkorligi modellarini ishga tushirish orqali amalga oshirildi.

Raqamlashtirish va “yashil iqtisodiyot”...

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar barqaror rivojlanishning global tendensiyalari bilan hamqadam bo‘lmoqda. “Yashil iqtisodiyot”ga o‘tish davlat siyosatining strategik yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Keyingi ikki yil ichida mamlakatda umumiy quvvati 2,3 GVt bo‘lgan beshta quyosh va shamol elektr stansiyasi foydalanishga topshirildi. Bu nafaqat qazib olinadigan yoqilg‘iga bo‘lgan qaramlikni kamaytiradi, balki millionlab fuqarolarni “sof” energiya bilan ham ta’minlash imkonini beradi.

2024 yilda mamlakatning energiya balansida qayta tiklanadigan energiya ulushi 16 foizga yetdi, shu jumladan, gidroenergetika – 10–12 foiz hamda quyosh va shamol energiyasi – 4–6 foizni tashkil etdi. Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari joriy etildi: tijorat sohasi va aholi quyosh panellari, issiqlik izolyatsiyasi tizimlari va boshqa energiya tejaydigan uskunalarni o‘rnatish uchun moddiy rag‘batlantirildi.

Shu bilan birga, iqtisodiyot va davlat boshqaruvini raqamlashtirish ham jadallashib bormoqda. Aholi punktlarini keng polosali internet bilan qamrab olish darajasi 97,5 foizga yetdi, xalqaro o‘tkazuvchanlik qobiliyati esa, 4200 Gbit/s gacha oshdi. Bu esa, o‘z navbatida, onlayn xizmatlar, elektron tijorat va aqliy logistikani rivojlantirish imkonini bermoqda.

Iqtisodiyot sohasida o‘nlab yangi raqamli platformalar joriy etildi. Xususan, yo‘l loyihalarini monitoring qiluvchi “Shaffof yo‘l” onlayn axborot platformasi, temir yo‘l sohasiga integratsiyalashgan “Yagona darcha” tizimi bunga yaqqol dalildir. Bojxona qoidabuzarliklarini, kurerlik jo‘natmalarini hisobga olish hamda dori-darmonlar bilan ta’minlashni nazorat qilish bo‘yicha xizmatlar ishga tushirildi.

Umuman olganda, endigina o‘ttiz to‘rtinchi odimini tashlayotgan navqiron O‘zbekiston hayotidagi yuqorida qayd etilgan ijobiy o‘zgarishlarga oid misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. 

E’tirof etish joizki, mustaqil O‘zbekistonimizdagi yangilanish nafaqat ehtiyoj, balki taraqqiyotning garoviga aylandi. Yuqorida qayd etilgan bunday o‘zgarishlar aynan shu yangilanish fenomeniga yorqin misoldir. Mamlakat rahbariyatining siyosiy irodasi, xalqning faol ishtiroki va jamiyatdagi fuqarolik ongining yuksalishi islohotlarning muvaffaqiyatini ta’minlamoqda. 

Barqaror kelajak sari borayotgan yo‘lda O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat bugungi hayotni yaxshilamoqda, balki ertangi avlodlar uchun mustahkam poydevor yaratmoqda. 

Ta’kidlash joiz, bu yangilanishlar nafaqat mamlakat ichida, balki xalqaro maydonda ham e’tirof etilmoqda. Yaqin yillarda bu jarayonlar o‘z mevasini beradi. Kuchli, barqaror, adolatli va farovon Yangi O‘zbekiston sari ishonchli qadamlar tashlanmoqda.

Yangi O‘zbekiston, bu – faqat shior emas, balki aniq dastur, reja va amaliy harakatlar orqali ro‘yobga chiqarilayotgan milliy rivojlanish modeli. Yangilanish fenomeni, bu – faqat o‘zgarishlar emas, balki yangicha tafakkur, zamonaviy davlat qurishga bo‘lgan qat’iy intilish. Bu jarayonda fuqaro – asosiy ishtirokchi, davlat esa xizmat ko‘rsatuvchi mexanizmga aylanmoqda.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston boshida inson turgan kompleks o‘zgarishlarning noyob namunasini, uning rivojlanishi va farovonligini namoyish etmoqda. 

Zero, pragmatik iqtisodiy siyosat va ijtimoiy mas’uliyatning uyg‘unligi chinakam zamonaviy, barqaror va adolatli davlat qiyofasini shakllantiradi. Oldinda esa zabt etish lozim bo‘lgan yangidan-yangi cho‘qqilar bor. Xalqimizning kelajakka bo‘lgan ishonchi esa, allaqachon milliy o‘zligimizning bir qismiga aylanib ulgurdi.

Eldor TULYAKOV, 

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

ijrochi direktori.

O‘zA

Powered by GSpeech