Yevropa Ittifoqi maktablarida ingliz tili hanuzgacha eng ko‘p o‘rgatiladigan chet tili sifatida yetakchilikni saqlab kelmoqda. Bu til nafaqat umumta’lim maktablarida, balki kasb-hunar o‘quv yurtlarida ham ustuvor ahamiyatga ega. Shuningdek, ispan va nemis tillari ham o‘quv dasturlarida keyingi o‘rinlarni band qilgan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, YeIdagi o‘rta maktab o‘quvchilarining 60 foizi ikki va undan ortiq chet tillarini majburiy o‘quv dasturi asosida o‘zlashtiradi. Ammo ushbu ko‘rsatkich kasb-hunar maktablarida ancha past — bor-yo‘g‘i 35 foiz atrofida. Har qancha raqobat mavjud bo‘lmasin, Yevropa Ittifoqi maktablarida hozircha ingliz tilining o‘rni asosiy bo‘lib qolmoqda.
Yevropadagi umumta’lim maktablarida ingliz tilidan keyingi eng mashhur til ispan tili. Undan keyin nemis, fransuz va italyan tillari ko‘p o‘qitiladi. Kasb-hunar maktablarida bu holat sal boshqacha. Bu yerda umumta’lim maktablaridagi kabi ingliz tilidan keyin ispan tili emas, negadir nemis tili ikkinchi o‘rinda turadi. Undan keyin fransuz va boshqa tillar bor.
Qiziq jihati, xitoy tili Yevropa talabalari orasida hali keng tarqalmagan — jami 0,5 foiz talabagina ushbu tilni o‘rganmoqda. Xitoy tiliga qiziqish ko‘proq Fransiya, Lyuksemburg va Italiyada kuzatilmoqda.
Chet tillariga bo‘lgan e’tibor mamlakatlarga qarab farq qiladi. Ayrim davlatlarda chet tillarini o‘rganish hayot tarziga aylangan. Masalan, Fransiya, Ruminiya, Chexiya, Slovakiya, Estoniya va Lyuksemburg kabi davlatlarda o‘rta maktab o‘quvchilarining deyarli barchasi ikki yoki undan ko‘p tilni o‘zlashtirish imkoniyatiga ega. Bu mamlakatlarda ko‘p tillilik milliy siyosat darajasiga ko‘tarilgan. Ammo Portugaliya, Irlandiya, Ispaniya va Italiya kabi davlatlarda bu ko‘rsatkich ancha past.
Kasbga yo‘naltirilgan ta’limdagi vaziyat esa boshqacharoq. Ruminiya bu yo‘nalishda yetakchi bo‘lib, kasb-hunar maktabi o‘quvchilarining qariyb barchasi, ya’ni 97 foizi ikki yoki undan ortiq tilni o‘rganmoqda. Bu borada Finlyandiya va Polsha ham yaxshi natijalar ko‘rsatgan. Biroq Malta, Gretsiya, Daniya va Ispaniyada kasbiy ta’limda til o‘rganish imkoniyatlari ancha cheklangan — bu yerlarda ikki tilni egallaydigan talabalar ulushi deyarli yo‘q.
Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA
- Qo'shildi: 31.07.2025
- Ko'rishlar: 368
- Chop etish