Avvallari tergov, surishtiruvdagi dastlabki ma’lumotlar prokuror ruxsatisiz oshkor etilishi mumkin emas edi. Endilikda sud ishlarida oshkoralikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ammo shu bilan birgalikda yopiq tarzda o‘tkazilgan sud majlislari tafsilotlarini oshkor qilganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ayni masalaga qaratilgan.
Deputat Davron Aripovning qayd etishicha, shaxsning huquq va erkinliklarini sud orqali ishonchli himoya qilish, uning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligini ta’minlash maqsadida yopiq sud majlisi ishtirokchilarining shaxsiy hayoti haqidagi ma’lumotlar oshkor etilishining oldini olish zarurati yuzaga kelmoqda.

Mazkur qonun loyihasi bilan bir qator qonun hujjatlariga yopiq sud majlisi ma’lumotlari va tafsilotlarini oshkor qilmaslik bo‘yicha yopiq sud majlisida ishtirok etayotgan shaxslarga tegishli majburiyat yuklashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar va soha mutaxassislarining taklif va tavsiyalari asosida maromiga yetkazildi. Ushbu qonun loyihasi sud jarayonlarida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish, shaxsiy hayot haqidagi ma’lumotlar oshkor etilishining oldini olishga xizmat qiladi.
Qizg‘in muhokama va savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
M.Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 15.04.2025
- Ko'rishlar: 188
- Chop etish