Zamonaviy O‘zbekiston xotin-qizlari: intilishlar, imkoniyatlar va kutilmalar

Mamlakatimizda xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Konstitutsiyaning yangi tahririda xotin-qizlarning huquq va manfaatlari alohida o‘rin tutadi. Xususan, 42 va 58-moddalar xotin-qizlarning mehnat huquqlari buzilishining oldini olish, ular uchun munosib yashash va ishlash sharoitlarini yaratish hamda jamiyat hayotining barcha sohalarida teng imkoniyatlarni taqdim etishni nazarda tutadi.

"O‘zbekiston - 2030" strategiyasi doirasida xotin-qizlarning faolligini oshirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, rahbarlik lavozimlaridagi xotin-qizlarning ulushini gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha siyosatni davom ettirish orqali ko‘paytirish faol ilgari surilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasida 2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilindi. O‘zbekiston xotin-qizlarning holatini yaxshilashda sezilarli qadamlar tashladi va buning sharofati o‘laroq "Xotin-qizlar, biznes va qonun 2024" indeksi bo‘yicha eng yuqori natijalarga erishgan davlatlarning beshtaligi qatoriga kirdi. Ushbu indeks 190 ta mamlakatdagi xotin-qizlarning ahvolini mehnat munosabatlari va oilaviy zo‘ravonlikdan himoya qilish kabi o‘nta asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha baholaydi.

So‘nggi vaqtlarda ikkita muhim jihat – “ish haqi” va “nikoh”  masalalarida ijobiy aks etgan muvaffaqiyatli islohotlar amalga oshirildi. Ushbu o‘zgarishlar mamlakat reytingini 11,9 ballga yaxshiladi va O‘zbekiston mavjud 100 balldan 82,5 ball to‘pladi. Ta’kidlash kerakki, ushbu yutuqni dunyoning yetakchi davlatlari ko‘rsatkichlari bilan taqqoslash mumkin, u O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi eng yaxshi davlatlar qatorida ajratib turibdi.

Islohotlarning asosiy jihatlaridan biri teng qiymatdagi ish uchun xotin-qizlarga erkaklar bilan teng darajada haq to‘lanishini kafolatlovchi normalarning qabul qilinishi bo‘ldi. Bundan tashqari, muayyan sohalarda xotin-qizlarning ishga joylashishiga qo‘yilgan cheklovlarning olib tashlangani ularning kasbiy o‘sishi va martabasi rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar ochdi.

Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha qat’iy qadamlar qo‘yildi, Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga xotin-qizlarni jismoniy, ruhiy va iqtisodiy zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritildi va endi bunday jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. 

Har yili 8-mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida "Ijtimoiy fikr" respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi xotin-qizlarning o‘z ijtimoiy va iqtisodiy ahvolini idrok etishi, ularning umid va istiqbollariga bag‘ishlangan keng ko‘lamli tadqiqotni muntazam ravishda o‘tkazib keladi.

Xotin-qizlarga bag‘ishlangan sotsiologik tadqiqotlar, jamoatchilik fikri so‘rovlari - bu jamiyatning mohiyatini, uning o‘zgarishlari, da’vat va umidlarini anglashda kalit bo‘lib xizmat qiladi, bunda xotin-qizlarning tajribasi, intilish va hissalari taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchiga aylanadi. Kompleks tadqiqotlar zamonaviy O‘zbekistonda xotin-qizlar ahvolining ko‘p qirrali manzarasini taqdim etadi, u ijobiy tendensiyalar va saqlanib qolayotgan da’vatlarning mujassamligi bilan tavsiflanadi. Asrlar davomida oilaning tayanchi va an’analar muhofizi hisoblangan ayol endi fan, biznes, siyosat va ijtimoiy hayotda o‘zini ishonchli tarzda namoyon etmoqda.

So‘rov ma’lumotlari bugungi kunda mamlakatimiz xotin-qizlari oldida barcha eshiklar ochiqligini tasdiqlaydi. Kuchaytirilgan huquqiy himoya xavfsizlik va adolatni kafolatlaydi, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash esa xotin-qizlarga tadbirkorlik, ijodiyot, ta’lim va ijtimoiy faoliyatda o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishga yordam beradi. Xotin-qizlar yetakchi lavozimlarni egallashmoqda, innovatsiya sohasida yangi urf yaratuvchilarga aylanib, ilhomlantirib, boshqalarni ergashtirmoqda. Onalik - muqaddas vazifa, biroq endi u imkoniyatlarni cheklamaydi, balki ularni to‘ldirmoqda. Rivojlanayotgan ijtimoiy dasturlar, foydalanish imkoni bor ta’lim va sog‘liqni saqlash har bir xotin-qizga uning mehnati va fidoyiligi qadrlanishi hamda qo‘llab-quvvatlanishini bilgan holda, kelajakka ishonch bilan qarashga imkon beradi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, erkaklar bilan teng huquq va imkoniyatlarga ega ekanligiga aksariyat xotin-qizlarning ishonchi komil. Olingan natijalar ijtimoiy va professional istiqbollarni kengaytirish, rasmiy to‘siqlarni bartaraf etish va xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarning samaradorligini tasdiqlaydi. Mamlakatda yuritilayotgan gender siyosati xotin-qizlarga martabada o‘zini o‘zi to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, ta’lim olish va o‘z hayotida qarorlarni erkin qabul qilish imkonini beradi.

Tadqiqotda, so‘rov ishtirokchilarining fikriga ko‘ra, mamlakatda xotin-qizlarning ahvolini yaxshilashga yordam beradigan chora-tadbirlar aniqlandi. Eng ko‘p ehtiyoj bo‘lgan chora bepul ta’limdan foydalanish imkonini taqdim etish hisoblanadi. Respondentlar ta’lim olish imkoniyatlari kasbiy istiqbollarni kengaytirishda, turmush darajasini oshirish va moliyaviy mustaqillikni ta’minlashda muhim rol o‘ynashini ta’kidladi. Ma’lumotning mavjudligi huquqiy xabardorlikni shakllantirishga yordam beradi, bu esa o‘z navbatida xotin-qizlarga o‘z huquqlarini ishonchli himoya qilish imkonini beradi.

Ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirish ustuvor chora-tadbirlar orasida ikkinchi o‘rinni egalladi. So‘rov ishtirokchilari ish o‘rinlari sonini ko‘paytirish, ishga qabul qilishdagi kamsitishlarni bartaraf etish va bandlikning moslashuvchan sharoitlarini yaratish zarurligini ta’kidlashdi. Kasbiy qayta tayyorlash dasturlarini joriy etishga ham xotin-qizlar orasida bandlik darajasini oshirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida qaralmoqda.

Respondentlar ta’kidlaganidek, huquqiy savodxonlikni kengaytirish va xotin-qizlar muhofazasini kuchaytirish huquqiy ma’rifat uchun, huquqiy maslahat olish imkoniyati hamda xotin-qizlarni kamsitish va ularning huquqlari buzilishidan himoya qilishga qaratilgan amaldagi qonunlarning samarali qo‘llanilishi uchun juda dolzarbdir.

Zo‘ravonlik va tengsizlikka qarshi qonunchilikni qat’iylashtirish eng dolzarb omil hisoblanadi, chunki oiladagi zo‘ravonlik va kamsitishdan himoya qilish masalalari jamiyatda xavotir uyg‘otishda davom etmoqda. Munosabat bildirishning samarali mexanizmlarini joriy etish, huquqni muhofaza qilish organlari, mahalla qo‘mitalari, o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining sifatini oshirish va inqiroz markazlaridan foydalanish imkonini ta’minlash bu sohadagi asosiy yo‘nalishlar hisoblanadi.

Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, xotin-qizlarning muvaffaqiyatga erishishiga xalaqit beruvchi omillar o‘rtasida eng muhimi moliyaviy cheklovlar hisoblanadi. Pul mablag‘larining yetishmasligi sifatli ta’lim olish, kasbiy tayyorgarlik va martaba rivojlanishiga xalaqit beradi. Kam daromadli xotin-qizlar o‘z e’tiborini maishiy masalalar yechimiga qaratib, maoshi kam ishlarni tanlashga yoki kasbiy faoliyatdan butunlay voz kechishga majbur bo‘ladilar.

Oila, jamiyat yoki ish beruvchilar tomonidan ma’naviy va moddiy yordamning mavjud emasligi, qo‘llab-quvvatlashning yetishmasligi ikkinchi o‘rinda turibdi. Respondent ayollarning fikriga ko‘ra, yetarlicha qo‘llab-quvvatlanmaslik xotin-qizlarning kasbiy va shaxsiy o‘sish imkoniyatlarini cheklaydi.

Uchinchi o‘rinda - ikki tomonlama yuklama (ish va oila): kasbiy majburiyatlarning uy xo‘jaligini yuritish, bolalar tarbiyasi  va qarindoshlar parvarishi bilan birlashtirilishi qo‘shimcha yuklamani keltirib chiqaradi va muvaffaqiyatli martaba imkoniyatlarini kamaytiradi. Rollarning an’anaviy taqsimlanishi sharoitida uy majburiyatlarining asosiy qismini ko‘pincha ayollarning o‘z zimmalariga olishi ularning kasbiy jihatdan o‘zini o‘zi ro‘yobga chiqarishini murakkablashtiradi. 

Respondentlarning fikriga ko‘ra, o‘ziga ishonchning mavjud emasligi, qo‘rquv, o‘z kuchiga ishonchsizlik va o‘zini o‘zi past baholash xotin-qizlarning tashabbus ko‘rsatishiga, yangi sohalarda o‘zini sinab ko‘rishi va kasbiy muvaffaqiyatlarga erishishiga to‘sqinlik qiladi.

Shuningdek, so‘rov ishtirokchilari o‘z javoblarida jamiyatda hali ham saqlanib qolayotgan ijtimoiy bosim, stereotiplar, ijtimoiy kutilmalar va gender tarafkashlik kabi omillarning xotin-qizlar uchun to‘siqlar yaratib, ularning professional sohada o‘zini o‘zi ro‘yobga chiqarishini qiyinlashtiradi.

O‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, 63 foiz respondent xotin-qizlar o‘z oilasidagi asosiy qarorlarni erkaklar bilan teng ravishda qabul qilishini bildirdi. So‘rov natijalari xotin-qizlarning kattagina qismi o‘zini moliya, bolalar ta’limi va yashash joyini tanlash kabi masalalar muhokamasida to‘laqonli ishtirokchi deb his qilishini tasdiqladi. Oilaviy munosabatlarni teng sifatida idrok etish jamiyatdagi qarashlarning o‘zgarishi bilan ham, xotin-qizlarning shaxsiy va iqtisodiy mustaqilligining ortishi bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, 30,2 foiz so‘ralganlar ularning oilasida qarorlarni asosan erkaklar qabul qilishini qayd etishdi. Ushbu natija erkak yetakchi rol o‘ynaydigan oilaning an’anaviy modeli dolzarbligicha qolayotganidan dalolat beradi. Bu nafaqat barqaror madaniy va ijtimoiy normalarni, balki turmush o‘rtog‘iga ongli ravishda yetakchi rolni berishi mumkin bo‘lgan respondent ayollarning o‘z shaxsiy afzalliklarini ham aks ettiradi. 

So‘rov natijalari jamoatchilik fikrida xotin-qizlarning professional faoliyatda faol ishtirok etishi kerakligi haqidagi tasavvurning ustuvorlik qilishini aniqladi. Respondentlarning aksariyati xotin-qizlar haq to‘lanadigan doimiy ishga ega bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi, shuningdek, so‘rov ishtirokchilari ish bilan bandlik ayolning o‘z shaxsiy tanlovi bo‘lishi kerakligini qayd etishdi.

Shu bilan birga, so‘rov natijalari xotin-qizlarning professional o‘sish va o‘zini o‘zi ro‘yobga chiqarishga bo‘lgan katta qiziqishini aks ettiradi. Bilimlar bo‘yicha eng katta tanqislik biznes va tadbirkorlik sohasida qayd etildi, so‘rov ishtirokchilari xususiy ishni yuritish asoslarini o‘zlashtirish va biznesni boshqarish sohasidagi bilimlarni oshirishga intilishini namoyish etdi.

Dolzarbligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda shaxsiy va oilaviy byudjetlarni boshqarish uchun ham, shuningdek, investitsiya va mablag‘larni tejab-tergash uchun ham muhim bo‘lgan moliyaviy savodxonlik turishi aniqlandi. Xotin-qizlarning axborot texnologiyalariga qiziqishi  va "trendda bo‘lish" uchun zarur bo‘lgan raqamli ko‘nikmalarni egallashga intilishi yuqori. Shuningdek, zamondosh xotin-qizlarimiz psixologiya va o‘zini o‘zi ro‘yobga chiqarishni o‘rganishga hamda kommunikativ ko‘nikmalarni rivojlantirishga ehtiyojlarini ifoda etdi.

Shu bilan birga, tadqiqot so‘ralgan 72,3 foiz xotin-qizlarda kasbiy va ta’lim bo‘yicha ambitsiyalar oilasi tomonidan yuqori darajada qo‘llab-quvvatlanishini ko‘rsatdi. 13,2 foiz hollarda bunday qo‘llab-quvvatlash cheklangan. 10,9 foiz respondent ayollarning fikriga ko‘ra, ularning oilasi va qarindoshlari gender rollarning an’anaviy modeliga moslashgan, bu esa ularning kasbiy istiqbollari ustuvor hisoblanmasligini ko‘rsatadi.

O‘tkazilgan tadqiqot natijalari hayotning turli sohalarida xotin-qizlarning ta’siri o‘sib borayotganini aks ettirib, gender tenglikning rivojlanishida sezilarli yuksalishni namoyon etmoqda. Mamlakat xotin-qizlari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari ularning o‘z huquqlari va imkoniyatlariga bo‘lgan ishonch darajasi yuqori ekanini aniqladi (60,2 foiz). Bu xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, ta’lim olish imkoniyatlarini oshirish, kasbiy istiqbollarni kengaytirish va xotin-qizlar salohiyatini yanada to‘laqonli ochib berish va har tomonlama amalga oshirishga xalaqit beruvchi mavjud to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan amaldagi davlat siyosatining samaradorligini tasdiqlaydi.

Olingan ma’lumotlarning tahlili oilaviy rollarning davom etayotgan transformatsiyasi, an’anaviy qadriyatlarning o‘zgarishi va er-xotin o‘rtasida sheriklik g‘oyasining mustahkamlanayotganidan dalolat beradi: 63 foiz ayollar asosiy qarorlarni qabul qilishda erkaklar bilan teng ravishda ishtirok etmoqda. Biroq oilalarning kattagina qismi (30,2 foiz) klassik modelni saqlab qolmoqda, bunda erkakning asosiy yetakchi bo‘lib qolishi ham madaniy an’analarni, ham ayollarning shaxsiy afzalliklarini aks ettiradi.

O‘zbekistonlik xotin-qizlarning aksariyatiga ijtimoiy nekbinlikning yuqori darajasi, kelajakka va ijobiy o‘zgarishlarga ishonch xosdir. Olingan ma’lumotlar xotin-qizlarning o‘zgarishlarni shunchaki kutibgina qolmay, balki ularning bunga tayyorligini, rivojlanishga intilib, kelajakka ishonch bilan qarashini, undagi yangi imkoniyatlarni, tanlov erkinligi va jamiyatda o‘z rolining kuchayishini ko‘rayotganini tasdiqlaydi.

Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, ta’lim olish, ish bilan ta’minlanish imkoniyatlari va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash xotin-qizlarning holatini yaxshilashga ko‘maklashuvchi asosiy omillar hisoblanadi. Moliyaviy cheklovlar, qo‘llab-quvvatlashning yetishmasligi va ikki tomonlama yuklama ularning o‘zini o‘zi ro‘yobga chiqarishi yo‘lidagi asosiy to‘siqlar bo‘lib qolmoqda. Huquqiy savodxonlikni kengaytirish, huquqlar himoyasini kuchaytirish va bandlikning moslashuvchan sharoitlarini joriy etish xotin-qizlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarga erishish uchun yanada qulay muhit yaratadi.

Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, xotin-qizlar umuman o‘z oilasining turmush darajasini mustahkam va barqaror, oldindan taxmin qilsa bo‘ladigan, deb baholadilar. Ko‘pchilik uchun u o‘rtacha qiymatlarga mos keladi, har to‘rtinchi ishtirokchining uni yuqori yoki o‘rtachadan yuqori deb baholaganligi mavjud da’vatlarga qaramasdan, xotin-qizlarning kelajakka ishonch bilan qarashi va istiqboldagi rivojlanishni rejalashtirish imkonini beradigan moddiy barqarorlikni his qilishidan dalolat beradi.

So‘rov ma’lumotlari xotin-qizlarning moliyaviy mustaqillikka va martaba imkoniyatlarini kengaytirishga intilishini aniqladi: so‘ralganlarning yarmidan ko‘pi (52,6 foiz) ta’limni davom ettirish istagini bildirdi, 51,9 foiz tadbirkorlik faoliyatidan manfaatdor, bu esa xotin-qizlarning o‘zini o‘zi ro‘yobga chiqarish uchun yuqori salohiyatga ega ekanidan dalolat beradi. Biroq ko‘pchilikka biznes va moliya sohasidagi bilimlarning yetishmasligi ixtisoslashgan ta’lim tashabbuslariga ehtiyoj borligini ta’kidlaydi.

Xotin-qizlarning aksariyati (72,3 foiz) o‘zining martabaviy va ta’limga intilishlarida oilasi tomonidan qo‘llab-quvvatlashni his qiladi, bu ularning rivojlanishi uchun qulay sharoitlar yaratadi. Biroq xotin-qizlarning roli haqidagi an’anaviy tasavvurlarga har o‘ninchi ayolning to‘qnash kelishi ularning professional ambitsiyalarini tiyib turishi mumkin.

Umuman olganda, o‘tkazilgan tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, Yangi O‘zbekistonning zamonaviy ayoli oila, jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etib, an’anaviy qadriyatlar va yangi imkoniyatlarni ishonchli tarzda mujassamlashtiradi. Xotin-qizlarning ko‘pchiligi erkaklar bilan teng huquqli ekanligini his qiladi, professional o‘sishga intiladi hamda martaba va oilani muvaffaqiyatli birlashtiradi. Xotin-qizlar uchun fan, biznes, siyosat va ijtimoiy hayotda yangi ufqlar ochilmoqda. Davlat islohotlari ularning rivojlanishi uchun qulay sharoitlar yaratmoqda; xotin-qizlar qo‘llab-quvvatlash, e’tirof va o‘zini o‘zi ro‘yobga chiqarish uchun keng imkoniyatlarni his qilmoqda va vatandosh ayollarimizning kuch-g‘ayrati, oqilaligi va muvaffaqiyatga intilishi jamiyatning harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda.

Tadqiqotda olingan natijalar xotin-qizlarning orzu-intilishlari olamiga nigoh tashlash, O‘zbekistonning zamonaviy ayoli mulohaza-o‘ylarini chuqurroq anglash va bilish imkonini beradi. Tadqiqot natijalari xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirish, ularning hayot sifatini oshirish, shaxsiy va kasbiy jihatdan o‘sishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan samarali ijtimoiy, iqtisodiy va gender siyosatini shakllantirishda alohida ahamiyat kasb etadi.

Nigina Rahimova

O‘zA

Powered by GSpeech