Toshkent shahrida propiskasi yo'q fuqarolar ham ishga joylashishi mumkinmi? Buning tartibi qanday?
Toshkent shahrida propiskasi yo'q fuqarolar ham ishga joylashish huquqiga ega.
O'zbekiston Respublikasi “Ayrim qonun hujjatlariga jamoat tartibini ta'minlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi 2019 yil 9 yanvar kunidagi Qonuniga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 80-moddasining 3-qismi yangi tahrirda qabul qilindi. Yangi normaga ko'ra, agar ishga kirayotgan shaxsning pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjati haqiqiy bo'lmasa, uni ishga qabul qilish rad etilishi mumkin. Shu davrga qadar amalda bo'lgan qoidada esa ishga kirayotgan shaxsning pasporti haqiqiy bo'lmasa, xuddi shuningdek ishga kirayotgan shaxs vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo'yicha hisobda turmagan bo'lsa ishga qabul qilish rad etilishi mumkin edi.
Shuningdek, Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi Kodeksining 223²-moddasi chiqarib tashlandi. Ya'ni, pasportsiz yoki haqiqiy bo'lmagan pasport bilan fuqarolarni, xuddi shuningdek vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo'yicha xisobda turmasdan yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilganlik uchun mansabdor shaxslarga nisbatan ma'muriy jazo qo'llash to'g'risidagi norma bekor qilindi.
Qayd etilganlarga ko'ra, korxona, tashkilot va muassasa ma'muriyati Toshkent shahrida doimiy propiskasi bo'lmagan shaxslarni ham ishga qabul qilish mumkin.
