Ona-yerimizni saqlab qolish, insonlarni qashshoqlikdan xalos qilish, iqtisodiy yuksalish… bularning hammasi bitta kurash doirasida erishiladigan maqsadlardir. Iqlim o'zgarishiga qarshi kurash, chuchuk suv tanqisligi, energiyaning yetishmovchiligi muammolarini hal qilish, butun dunyoda sog'liqni saqlash bilan bog'liq masalalarni yechish, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash va xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan barcha sa'y-harakatlarimizni birlashtirishimiz darkor. Bir muammoning yechimi qolgan barcha muammolarni ham yechishga yordam berishi lozim”.
BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun
Har yili 5 iyunda o'tkaziladigan Atrof muhit kuni butun jahon jamiyati e'tiborini atrof muhitni muhofaza masalalariga jalb qilishdan iborat.
Mazkur bayram 1972 yil 5 iyunda Atrof muhitni muhofaza qilish bo'yicha Stokgolmda o'tkazilgan konferentsiyaning rezolyutsiyasiga asosan qabul qilindi. 1974 yildan boshlab esa eng dolzarb ekologik masalalarni hal etish uchun hukumat, biznes-tuzilma hamda fuqarolik jamiyati institutlarini jalb etgan va birlashtirgan holda keng tashkil etib kelinadi.
Atrof muhitning ifloslanishi oqibatida kelib chiqadigan kasalliklar tufayli har yili sayyoramizda kamida 5 yarim million kishi vafot etadi. 2050 yilda bu raqam 6 million kishidan ortib ketishi aytilmoqda.
Havoning ifloslanishi oqibatida yuz beradigan o'limlarning 50 foiziga ko'mir sabab bo'lar ekan. Shu sababli ko'plab mutaxassislar ko'mirdan ko'ra tabiiy gazdan foydalanishga o'tish vaqti kelganini aytishadi.
Mavjud muammo borasida tadqiqot o'tkazgan AQShning Boston shahridagi Health Effects Institutes kompaniiyasi mutaxassislari o'z xulosalarini e'lon qilishdi. Amerikaning Yel` universiteti olimlari esa sun'iy yo'ldoshlardan olingan suratlar orqali havoning ifloslanishi bilan bog'liq jahon xaritasini yaratishdi. Bugungi kunda ayrim shaharlarda havoning ifloslanishi belgilangan me'yordan 8–10 barobar yuqori ekanligi aytilgan.
Mutaxassislarning fikricha, so'nggi 50 yil mobaynida havoning ifloslanishini oldini olish borasida Shimoliy Amerika, G'arbiy Yevropa va Yaponiyada bir qator yutuqlar qo'lga kiritildi. Buning uchun mazkur mintaqalarda havoni ifloslantirmaydigan yoqilg'i va dvigatellardan keng foydalanish yo'lga qo'yildi, ko'mir iste'moli kamaytirilmoqda.
Ma'lumki, havoning ifloslanishining asosiy manbalari sifatida elektrostantsiyalar, zavodlar, avtomobillardan chiqayotgan gazlar ko'riladi. Ko'mir va o'tinlardan chiqqan tutunlar ham uzoq muddat havoda ushlab qolinadi. Bu ham inson salomatligi uchun katta xavf sifatida ko'riladi.
Bugungi kunda ekologiyani sof holda saqlash maqsadida dunyo bo'ylab zaharli gazlarning havoga chiqarishni kamaytirish borasida bir qator rejalar ishlab chiqilgan. Mutaxassislarning fikricha, agar havoga zaharli moddalarning chiqishi kamaytirilmaydigan bo'lsa, u holda yaqin kelajakda havoning ifloslanishi oqibatida yuz beradigan o'limlar soni ortib boraveradi.
Chiqindilar bilan bog'liq muammolar bugungi kunda global masalalardan biriga aylanib bormoqda, desak yanglishmagan bo'lamiz. Tarixdan xulosa chiqaradigan bo'lsak, chiqindilar nafaqat gigiena va salomatlik masalasida, balki shaharsozlik, hatto xalqaro aloqalarda ham muhim o'rin tutganiga guvoh bo'lamiz.
Mazkur sana nafaqat ona-yer tuhfalarini qadrlash, yerimizda mavjud bo'lgan boy biologik xilma-xillikni asrash kunidir. Ushbu kunda biz barchamiz ona-yerimizni qanday qilib muhofaza qilishimiz, uning tabiatini qanday asrashimiz, hozirda dolzarb bo'lib qolgan ekologik muammolarni qanday yechishimiz mumkinligi to'g'risida chuqur o'ylashimiz shart.
O'zbekiston iqlim o'zgarishlari bo'yicha Parij bitimiga qo'shildi, mamlakatda Ekologik ta'limni rivojlantirish kontseptsiyasi amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda aholining qulay tabiiy muhitda yashash huquqini ta'minlash maqsadida yer, suv, o'rmon, yer osti boyliklari, atmosfera havosini, o'simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish, ulardan samarali foydalanish hamda cho'llanishga qarshi kurashish, yerlarning degradatsiya jarayonlarini va biologik xilma-xillikning yo'qotilishini to'xtatish bo'yicha qator ishlar qilinmoqda.
Xasanova Muxlisa
“Demokratlashtirish va
inson huquqlari” jurnali
Katta tahrirchisi
- Qo'shildi: 03.06.2020
- Ko'rishlar:
- Chop etish