9 may - Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlanadi: Etik qo‘njiga qancha paxta sig‘adi?

  Vatanimiz istiqloli, xalqimizning ozodligi va erkinligi, kelajak avlodlarning tinch va farovon hayotini ta’minlash yo‘lida mardona kurash olib borib aziz jonlarini fido qilgan, mustabid tuzum davrida qatag‘on qilingan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ularning faoliyati va merosini o‘rganish hamda targ‘ib etish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, o‘tgan davrda ushbu yo‘nalishda muhim farmon va qarorlar qabul qilindi.

         Yurtimizda 2001 yildan buyon har yili 31 avgust – “Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni” sifatida keng nishonlab kelinmoqda. “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi barpo etildi. “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi hamda hududlardagi oliy ta’lim muassasalari qoshida uning bo‘limlari tashkil etildi.

         Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Is’hoqxon Ibrat, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy kabi ulug‘ ma’rifatparvar ajdodlarimiz xotirasiga bag‘ishlangan muhtasham haykallar, muzeylar bunyod etildi, ijod maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Siyosiy qatag‘on yillarida nohaq qurbon bo‘lgan yurtdoshlarimizning nomlarini aniqlash, ularning qoldirgan merosini o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlari, badiiy va hujjatli asarlar yaratilmoqda.

         Yaqinda “Mashrab” nashriyoti tomonidan O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, shoir va tarjimon G‘ulom Mirzoning ushbu mavzuda yozilgan "Ey, darvesh (Zulmni yenggan mazlumlar qissasi)" nomli kitobi chop etildi. Ushbu qissada XX asrning 37-50-yillaridagi katta qatag‘on qurboni bo‘lgan ota-bolalar Mirza So‘fi To‘laev va Abdirayim Mirzaevga nisbatan adolat tiklangani, ya’ni oradan 70 yil o‘tib ularning aybsizligi aniqlangani hamda oqlangani haqida hikoya qilingan.

         Tarixiy hujjatlar va shaxsiy xotiralar asosida bitilgan qissadan mo‘jaz bir faslni e’tiboringizga havol qilishga jazm etdik. Sizga manzur bo‘ladi, degan umiddamiz.

  

Etik qo‘njiga qancha paxta sig‘adi?

 

         Stalin hayot davrida millionlab insonlarning qismatida qanchalik kuchli fojiaviy iz qoldirgan bo‘lsa, uning 1953 yil yil 5 martda vafot etishi ko‘plab taqdirlarni shunchalik parokanda qilib yubordi. "Ikkinchi guvoh" ham ana shunday ko‘pchilik qatorida kolxozda uzoq yillar egallab turgan mansabidan ayrildi.

         Eng yomoni, yon-atrofidagi odamlar "Ikkinchi guvoh"ning kirdikorlari haqida bilgan barcha gaplarini ilgari ichiga yutib, sirtiga chiqarmay, sir-boy bermasdan yurgan ekan. Endilikda "el og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi" degan maqolning nechog‘lik hayotiyligi amalda namoyon bo‘ldi.

         Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yildan so‘ng ham ochiladi, deydilar. Ota-bobom taqdiriga taalluqli fitnalar fosh bo‘lishi va adolat qaror topishi uchun esa roppa-rosa 70 yil kerak bo‘ldi. Shu ma’noda, bu o‘rinda NKVD organlarini o‘zlari foydalangan odamlarning "etagi"ni ochganlikda ayblash insofdan emas. Hamma gap "Ikkinchi guvoh"ning o‘zida: ojiz banda qaysi bir tor davrada kayfi taroq holda "falon qishloqda yashaydigan falonchilarni qamatib yubordim", deb og‘zidan gullab qo‘ygan bo‘lsa kerak. Chunki, Xrushchyov siyosatining shamollari qishloqlargacha yetib kelgani sari turli davralar va to‘y-ma’rakalarda odamlarning "Ikkinchi guvoh"ga o‘xshash yuzi shuvutlarga nisbatan dakki-dashnomlari kuchaya borgan.

         – Birovlarni "dezertir" deb tuhmat qilibsan, o‘zing ham harbiy xizmatda bo‘lmagansan-ku? Urush boshlanganida 30 yoshda bo‘la turib, nima uchun frontga ketmagansan?

         – Umring davomida bitta ham kitob o‘qimagansan, shunday ekan o‘zgalarning kutubxonasini yoptirib, kitoblarini musodara qildirishga vijdoning qiynalmadimi?

         – E’tiqodli odamlar bo‘lgani uchun otani yolg‘iz o‘g‘li bilan birga "xalq dushmani" deb e’lon qilib, ikki mushtipar ayol va to‘rt norasida bolani qarovsiz qoldirgan sendek qattiqqo‘l, adolatsiz va axloqsiz odamlar "xalq do‘sti" bo‘lib qoldilaringmi?

         – O‘zbek bilan o‘risning mozori alohida bo‘ladi deganlarni qatag‘on qilib, o‘zingga qaysi mozordan joy band qilib qo‘yding, ayt qani?..

         Bunday ayovsiz so‘rov-qistovlar, albatta, majlislardagidek ochiq-oshkora aytilmagan. Zero, betgachoparlik ham bir ayb. Qolaversa, "yuz – issiq", deydilar. Shu issiq yuzga sovuq gaplarni aytib-solishning ham o‘z yo‘l-yo‘rig‘i bor.

         Shunday kezlardagi qochirim va pisandalardan bezib qolgan "Ikkinchi guvoh" oxir-oqibat to‘y-ma’rakalarga chiqmay qo‘yadi. Eldan ajralib, yakkamoxov bo‘lib qoladi.          Ammo, paxta yig‘im-terimi oxirlagani munosabati bilan kichikroq yig‘inlar o‘tazishga ruxsat berilganidan foydalanib, nevarasining to‘yi oldidan "maslahat oshi"ga aytib ketishgan. Shu yig‘inga bormasa bo‘lmasdi, bordi-yu baloga qoldi.

         Qishloqdoshlar davrasida o‘tkir gurunglar yana boshlandi. "Ikkinchi guvoh" bundan achchiqlanib, davrani tark etdi. Otga minib, boshi og‘gan tomonga jo‘nadi. Ot esa to‘g‘ri bizning qishlog‘imizga yo‘l oldi.

         O‘sha kuni Mayram momom betoblanib qolgani uchun onam paxta terimiga chiqolmagandi. Mavsumda har bitta xonadondan terimchilar ishtirok etishi bo‘yicha qat’iy talab hali ham kuchda edi. Shu bois 6 yoshli Xadicha opam va 4 yashar Nomurod akam oilamiz nomidan tushgacha terimga chiqishlariga to‘g‘ri kelgan.

         Ko‘chamiz boshida begona otliq ko‘ringanida, opa-uka daladan mamnun qaytishayotgan bo‘lgan. Chunki xirmonga chevar opa naqd 8 kilo, uka esa 3 kilo paxta terib topshirgan. Buning uchun brigadir tog‘adan maqtov ham eshitgandilar. Otliq kimsa opa-ukaning hovlimiz darvozaxonasiga burilganini ko‘rib, kimlarning bolalari ekani haqida aniq xulosaga keladi. G‘azabiga g‘azab qo‘shilib: "Hey, to‘xta!" deya o‘shqiradi.

         Opa begona odamning sababsiz va bexos qahridan qo‘rqib qoladi. Uka esa dadil yaqinlashayotgan otga qiziqish aralash qaragancha tek qotadi.

         – Qo‘lga tushdilaringmi, paxta o‘g‘rilari! Ota-bobong kabi senlar ham xalq dushmani ekaningni, mana, endi ko‘rsatib qo‘yaman! Yelkangdagi etaglikdan to‘k paxtani, qani chaqqon qimilla!

         Mitti qizaloqqa otliqning vajohatidan ham ko‘ra nohaqliq qilayotgani ko‘proq ta’sir etadi. U alam bilan yig‘lab, etaglikda bor narsalarni yo‘l ustiga ag‘daradi: ikkovlon bolakayning ertalabki sovuqda kiygan guppi choponi, shol ro‘mol va eskigina telpak tuproqqa qorishadi.

         Etaglik ichida paxta yo‘q edi. "Ikkinchi guvoh" gangib qoladi: Bu qanaqasi? "Xalq dushmanlari" bolalariga davlat mulkini o‘g‘irlashni o‘rgatmaganmi? Nahotki, u yanglishdi? Ko‘rganlar nima deydi? So‘fi boboning nevaralariga ham tuhmat qildi degan isnodga qoladimi endi? Yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas!

         Shu paytda uning ola-kula ko‘zlari ukaning oyoqlaridagi kattalar etigiga tushadi. Xo‘sh, nega bolaga katta etik kiydirib, dalaga chiqarishgan? Chunki uning ikki poyi ichiga solib, kamida 3-4 kilo paxtani uyga o‘g‘irlab kelish mumkin. Ana, etik qo‘njining bir-biriga ishqalaverib, teshilgan joyidan bekitig‘liq paxta shundoqqina ko‘rinib turibdi. Tamom, qo‘lga tushdilaring!

         Otliq endi to‘rt yasharlik rangpar o‘g‘il bolaning boshida qamchi o‘ynatib, bor ovozda o‘shqiradi:

         – Qani, davlat xoini, etikni yech! Meni ahmoq qilmoqchi bo‘ldilaringmi? O‘g‘irlangan paxtani, baribir, topaman demadimmi!  Ha-ha-ha...

         Bola ham izillab yig‘lab yuboradi. Lekin etiklarini yechishdan boshqa chora qolmagandi.

         – Menga uzat!

         Bola bir poy, opasi ikkinchi poy etikni otliqqa berish uchun qo‘rqa-pisa yaqinlashadi. "Ikkinchi guvoh" qamchinni egarga qistiradi. Bo‘shagan chap qo‘lini cho‘zib, etiklarni zarb bilan tortib oladi. Ularni silkitganida, ichidan paxta emas... namiqqan paytavalar tuproqqa to‘p-to‘p tushadi. 

         Otliq qo‘lini etik ichiga tiqsa, dag‘al barmoqlari haligi teshik joydan chiqadi. "Ikkinchi guvoh" o‘g‘irlik paxta deb taxmin qilgani etik charmining taram-taram iplari chiqib turgan yirtig‘iga chuvalib qolgan mezon tolalari ekan...

 

G‘ulom Mirzoning

"Ey, darvesh (Zulmni yenggan mazlumlar qissasi)"

nomli kitobidan

Powered by GSpeech