Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 28 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Qizg‘in muhokamalardan so‘ng, deputatlar tomonidan berilgan takliflar inobatga olingan holda, qonun loyihasi qabul qilindi.
Ushbu qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 dekabrda Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida ishlab chiqilgan. Murojaatnomada avvalo tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish sohasida qiynoqlarning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish zarurligi ta’kidlangan.
Ayni sohada, bir tomondan, fuqarolarda jiddiy e’tirozlarni keltirib chiqarayotgan, ikkinchi tomondan, mamlakatimizning xalqaro nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni bartaraf e’tish bo‘yicha Oliy Majlis palatalari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga qiynoqlarning oldini olish yuzasidan tegishli vazifalar yuklangandi.
Bu haqda so‘z borganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 iyunda qabul qilingan “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etganini alohida ta’kidlash lozim.
Qarorda qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi. Shuningdek, Ombudsman huzurida Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari tashkil etildi hamda ularning asosiy vazifalari belgilab berildi.
Shu asosda tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etildi. O‘tgan davrda sohaning 1 ming 200 dan ortiq xodimi o‘qitildi.
Mazkur Qarorda qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatilishini hamda ularga yetkazilgan zararning kompensatsiya qilinishini ta’minlash qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. Shuningdek, bunday jinoyatdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni kompensatsiya qilish tartibini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berildi.
Shu maqsadda “O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqildi. Qonunni qabul qilish zarurati quyidagilar bilan izohlanadi:
Birinchidan, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi va Qiynoqqa qarshi qo‘mitasining O‘zbekiston Respublikasining davriy hisobotlarini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha bergan yakuniy mulohazalarida qiynoqqa solingan shaxslar huquqlarini himoya qilish, ularga ijtimoiy, tibbiy, psixologik yordam ko‘rsatish hamda ularga yetkazilgan zararni kompensatsiya qilish bo‘yicha bir qator tavsiyalar nazarda tutilgan. Qonunning qabul qilinishi ushbu tavsiyalar ijrosini ta’minlaydi.
Ma’lumki, O‘zbekistonning Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt bajarilishi bo‘yicha taqdim etgan beshinchi davriy hisoboti (CCPR/C/UZB/5) yuzasidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi taqdim etgan yakuniy mulohazalarining 25.a-tavsiyasida qiynoqqa solish jinoyatini sodir etgan shaxslarni jazoga tortish va jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplash zarurligi belgilangan.
O‘z navbatida, O‘zbekistonning Qiynoqqa qarshi konvensiya bajarilishi bo‘yicha taqdim etgan beshinchi davriy hisoboti (CAT/C/UZB/5) bo‘yicha BMTning Qiynoqqa qarshi qo‘mitasi bergan yakuniy mulohazalarning 13.s-tavsiyasida qiynoq solishdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni jabrlanuvchilarga (yoki ularning yaqin qarindoshlariga) to‘liq kompensatsiya qilish tavsiya etilgan. Shuningdek, Qo‘mita o‘zining 18.b-tavsiyasida qiynoqqa solish oqibatida olingan dalillar sababli jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va ularga yetkazilgan zararni qoplashni tavsiya qilgan.
Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 22 fevral kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasidagi ma’ruzasida milliy preventiv mexanizmni takomillashtirish hamda BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi Fakultativ protokolining O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilinishi ma’lum qilindi. Joriy yil dekabr oyida BMTning Terrorizmga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi F. Aolaynning O‘zbekistonga tashrifi doirasida ham ushbu masalaga e’tibor qaratildi.
Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, BMTning Qiynoqlar masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi N.Melserning O‘zbekistonga tashrifi 2022 yilda rejalashtirilgan. Ushbu tashrif doirasida ayni masalalarga yanada jiddiy e’tibor qaratilishi tayin.
Uchinchidan, qiynoq bilan bog‘liq holatlar mamlakatning xalqaro maydondagi nufuziga, shu jumladan iqtisodiy va siyosiy-huquqiy reyting hamda indekslardagi o‘rniga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston BMT Taraqqiyot dasturining Inson kamoloti indeksida 106-o‘rinni, Jahon bankining boshqaruv sifati indikatorlarining siyosiy barqarorlik va zo‘ravonlik yo‘qligi subindikatori bo‘yicha 136-o‘rinni, “Jahon odil sudlov loyihasi” xalqaro nohukumat tashkilotining Huquq ustuvorligi indeksining asosiy (fundamental) huquqlarning ta’minlanganligi indikatori bo‘yicha esa 110-o‘rinni egallab turibdi.
Shuni ham qayd etish kerakki, 2021 yil 10 aprel kuni O‘zbekiston uchun Yevropa Ittifoqining barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv bo‘yicha maxsus preferensiyalar tizimi (GSP+) kuchga kirdi. Ushbu tizimga qo‘shilayotganda mamlakatlar inson va mehnat huquqlariga, atrof-muhit, iqlim muhofazasi va sifatli boshqaruvga oid 30 dan ortiq asosiy xalqaro konvensiyani samarali amalga oshirish majburiyatini zimmasiga oladi. Bu hujjatlarning 7 tasi bevosita inson huquqlari bag‘ishlangan xalqaro shartnomalardir.
To‘rtinchidan, qiynoq holatlarining oldini olishga borasida amalga oshirilayotgan ishlarning hozirgi holati bugungi kun talabiga to‘liq javob bermaydi. Buni qiynoq bilan bog‘liq holatlarning ko‘payishi ham ko‘rsatib turibdi.
Ma’lumotlarga qaraganda, 2017 yilda – 7 ta, 2018 yilda – 10 ta, 2019 yilda – 16 ta, 2020 yilda – 15 ta, 2021 yil yanvar-oktyabr oylarida – 11 ta qiynoqqa solish jinoyati qayd qilingan.
Beshinchidan, Qonunning qabul qilinishi O‘zbekistonning xalqaro shartnomalardagi majbiruyatlarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilishga xizmat qiladi.
Zero, 1966 yilgi Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktda ishtirok etuvchi har bir davlat Paktda tan olingan huquqlari va erkinliklari buzilgan har qanday shaxsni, agar bu buzilish rasmiy sifatda harakat qilgan shaxslar tomonidan sodir etilgan bo‘lsa ham, huquqiy himoyaning samarali vositasi bilan ta’minlash majburiyatini o‘z zimmasiga olishi belgilangan.
Bundan tashqari, Qiynoqlarga hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi konvensiyaning 14-moddasida “Har bir ishtirokchi davlat o‘zining huquqiy tizimida qiynoqlarning qurboni tovon olishini va iloji boricha to‘laroq tiklanish uchun mablag‘larni qamrab oluvchi, huquqiy sanksiya bilan to‘ldiriladigan adolatli va muqobil tovon (kompensatsiya) olish huquqiga ega bo‘lish huquqini ta’minlaydi” deb belgilangan.
Shu nuqtai nazardan, Qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sudning qonunga xilof harakatlari tufayli yetkazilgan zarar uchun javobgarlikni belgilovchi 991-moddasiga qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash natijasida yetkazilgan zarar uchun ham javobgarlik kiritilmoqda.
Shuningdek, Fuqarolik kodeksining 1021-moddasi ikkinchi qismiga, ya’ni ma’naviy zarar uni yetkazuvchining aybidan qat’i nazar qoplanishi lozim bo‘lgan holatlarga qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash jinoyati natijasija yetkazilgan zararni ham kiritish taklif etilmoqda.
Ushbu Qonunning qabul qilinishi amaldagi Fuqarolik kodeksining 991-moddasida ko‘zda tutilgan holatlar bilan qiynoqdan jabrlangan shaxslarning huquqlarini kafolatlashga xizmat qiladi.
Jumladan, yetkazilgan zarar huquqni muhofaza qiluvchi organlarining mansabdor shaxslari aybidan qat’i nazar, davlat tomonidan to‘la hajmda to‘lanadi.
Shuningdek, mazkur Qonun qiynoqqa solish oqibatida zarar ko‘rgan jabrlanuvchilarning huquqlarini yanada himoya qilish va tiklashga, ularga yetkazilgan moddiy, ma’naviy va boshqa zararlarning qoplanishiga asos bo‘ladi.
Mirzatilla Tillaboev,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori
- Qo'shildi: 08.01.2022
- Ko'rishlar:
- Chop etish