ODIL VA MUSTAQIL SUD – YANGI O‘ZBEKISTON POYDEVORI

“Sudyaning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida – poklik bo‘lishi kerak”. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakat sud tizimi vakillari, o‘zbek sudyalari oldiga ana shunday haqqoniy talabni qo‘ydi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 13 iyunda sudyalar bilan bo‘lib o‘tgan birinchi tarixiy uchrashuvda so‘zlagan nutqida sud tizimini fuqarolarimizning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qiladigan adolat qo‘rg‘oniga aylantirishdek ustuvor maqsad o‘z mujassamini topgan.

Yurtboshimiz 2017 yil 22 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, «Sudlarning asosiy vazifasi adolatni qaror toptirishdan iborat. Buning uchun sud har bir ish yuzasidan qonuniy, asosli va adolatli qaror chiqarishi lozim».

Harakatlar strategiyasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish uchun asos bo‘lib, Asosiy Qonunimizga muhim o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, 2017 yil 6 aprelda Konstitutsiyaning 7 ta moddasiga kiritilgan tuzatishlarda quyidagi 3 ta ustuvor vazifa:

birinchidan, fuqarolarning  huquq  va erkinliklarini  ishonchli  himoya  qilish  huquqiy kafolatlarini  kengaytirish;

ikkinchidan, odil sudlovga erishish darajasini, sud ish yurituvining sifatini oshirish;

uchinchidan, nomzodlarni  tanlash  va  sudyalar  lavozimlariga  tayinlash tizimini yanada takomillashtirish – sud-huquq  islohotlarining muhim yo‘nalishlari sifatida mustahkamlab qo‘yildi.

 

Yangi O‘zbekiston: sud tizimi va xalqaro huquq

 

Mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini, eng avvalo, jinoiy tajovuzlardan himoya qilishning ishonchli kafolatlarini ta’minlashga, shuningdek, inson sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga, qonuniy manfaatlari cheklanishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda bilib-bilmasdan jinoyat yo‘liga kirib qolgan yigit-qizlarimiz yoki bo‘lmasa ayollarimiz ishlari Yoshlar ittifoqi, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash tashkilotlari kafilligi asosida ko‘rib chiqilishi ijobiy natijalarni bermoqda.

Yana bir ahamiyatli jihat: jinoyat ishini qo‘shimcha tergov yuritish uchun qaytarish instituti bekor qilindi va dalillarga baho berish instituti takomillashtirildi. Bu, o‘z navbatida, ish bo‘yicha barcha holatlar sud tomonidan har tomonlama tekshirilib, dalillarga xolisona baho berilgan holda oqlov hukmlari ko‘payishiga asos yaratdi.

Buni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Diego Garsiya-Sayan ham alohida e’tirof etdi.

Odil sudlovni amalga oshirishga qaratilgan xalqaro huquq normalarini bajarish borasida:

birinchidan, sud hokimiyatini demokratlashtirish, barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi, insonparvarlik, adolat tamoyillarini hayotga tatbiq etish, sud hokimiyatining mustaqilligini, aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish, “Xabeas korpus” institutini kengaytirish, sud tizimini mustahkamlash, shuningdek, tergov jarayonida sud nazoratini kuchaytirish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar ko‘rildi;

ikkinchidan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, nizolarni sudgacha hal etish, taraflarni yarashtirishda advokatlarning vakolatlari kengaydi. Sud ishlarining adolatliligi, ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash uchun “elektron adolat” tizimi joriy etildi;

uchinchidan, jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish tizimi yaratildi. Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarini tuzishga yo‘l ochildi. Bugungi kunda tintuv, voqea joyida olingan ko‘rsatmalarni tekshirish, tergov eksperimenti kabi protsessual harakatlarni videotasvirga olish orqali majburiy qayd etish talablari qonun bilan mustahkamlandi;

to‘rtinchidan, ma’muriy, jinoiy, jinoiy-protsessual, jinoiy-ijroiya, fuqarolik va iqtisodiy qonunchilik takomillashtirilmoqda. Jamoat birlashmalari kafolati ostida shaxslarni afv etish va jazodan ozod qilishning mutlaqo yangi tizimi joriy etildi. “Jasliq” ixtisoslashtirilgan koloniyasining yopilishi muhim voqea bo‘ldi;

beshinchidan, fuqarolarimiz huquqlari va manfaatlarini, qaerda bo‘lishlaridan qat’i nazar, himoya qilish va ularning O‘zbekistonga qaytishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Misol sifatida Yaqin Sharq va Afg‘onistondagi qurolli mojarolar hududlaridan 541 nafar fuqaro, asosan, ayollar va bolalarning Vatanimizga qaytarib keltirilganini aytish mumkin.

 

Sud tizimidagi muhim o‘zgarishlar

 

Sud tizimidagi shiddatli o‘zgarishlarni uchta mezon – tizimdagi avvalgi holat, hozirgi holat va erishilgan natijalar asosida tahlil etish lozim.

Birinchi muhim o‘zgarish: tub islohotlar boshlanishiga qadar mamlakatimizda bir-biridan mustaqil bo‘lgan – Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudi faoliyat yuritib kelgan. 2017 yil 1 iyunda Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudi yagona sud hokimiyati – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga birlashtirildi. Natijada yagona sud amaliyoti ta’minlandi, bir-birini takrorlovchi funksiyalar muvofiqlashtirildi.

Ikkinchi muhim o‘zgarish: ilgari ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar fuqarolik va iqtisodiy sudlar tomonidan hal qilingan. Endilikda davlat organlari va mnsubdor shaxslarning qarorlari ustidan keltirilgan shikoyatlarni ko‘radigan maxsus – ma’muriy sudlar tashkil etildi.

Buning natijasida:

  • jismoniy va yuridik shaxslar huquqlarining sud orqali himoya qilinishi yanada kengaytirildi;
  • yagona ma’muriy sud amaliyoti shakllantirildi;
  • Oliy sud Plenumi qarorlari to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, muvofiqlashtirildi.

Uchinchi muhim o‘zgarish: yaqin vaqtlargacha investitsiyaviy nizolar fuqarolik va iqtisodiy sudlar tomonidan barcha sud bosqichlarida hal qilingan. 2021 yil 1 yanvarda Oliy sudda investitsiyaviy nizolar va raqobatga oid maxsus sudlov tarkibi tashkil etildi. Ushbu sudlov tarkibi investorlar huquqlarini himoya qilish bilan bevosita shug‘ullanmoqda.

Shunday qilib, quyidagi uchta muhim natijaga erishildi: investorlar yillab sarson bo‘lishining oldi olindi; nizolar bita sudda hal qilinishi ta’minlandi; mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligi ortdi.

Bundan tashqari, sud-huquq sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirishga ustuvor e’tibor qaratilishi natijasida sudlar mustaqilligi va odil sudlovga bo‘lgan huquqni himoya qilish sohasida xalqaro standartlarni implementatsiya qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar qabul qilindi.

 

Bir sud – bir instansiya

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni sud instansiyalarining kamayishi va nazoratning to‘liq bekor qilinishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Farmon doirasida bir qator muhim natijalarga erishildi.

Birinchidan, sud himoyasini ta’minlashdagi ortiqcha byurokratik to‘siqlar olib tashlanib, sud qarorlarini qayta ko‘rishning bir-birini takrorlovchi bosqichlari 3 tagacha kamaytirildi.

Ikkinchidan, sud ishlarini nazorat tartibida ko‘rish instituti to‘liq tugatildi.

Uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular o‘rinbosarlarining sudning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari hamda qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqi bekor qilindi.

“Bir sud – bir instansiya” tamoyilining joriy etilishi natijasida fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasi oshmoqda.

Ma’lumki, ilgari sudlarda quyidagi 7 ta bosqichda: Birinchi instansiya (tuman, shahar); Apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi (viloyat); Viloyat sudi Rayosati; Oliy sud sudlov hay’ati; Oliy sud nazorat instansiyasi; Oliy sud Rayosati va Oliy sud Plenumi bosqichlarida ishlar ko‘rilgan.

Odil sudlovga oid xalqaro standartlarga mos ravishda uch bosqichli sud tizimi yaratildi. Ya’ni:

  • birinchi instansiya – tuman va shahar sudlari;
  • apellyatsiya instansiyasi – viloyat darajasidagi sudlar;
  • kassatsiya instansiyasi – Oliy suddan iborat bo‘lgan “Bir sud – bir instansiya” tamoyili joriy qilindi.

Islohotlar tufayli quyidagi amaliy natijalarga erishildi:

birinchi natija: fuqarolar ortiqcha ovoragarchiligining oldi olindi;

ikkinchi natija: odil sudlovni amalga oshirish samaradorligi ortdi;

uchinchi natija: bir-birini takrorlovchi instansiyalar qisqartirildi;

to‘rtinchi natija: Oliy sudda 84,8 foiz yakuniy qarorlar qabul qilinishiga erishildi;

beshinchi natija: xalqaro ekspertlar e’tiroziga sabab bo‘layotgan nazorat instansiyasi to‘liq bekor qilindi.

 

Odil sudlov jarayoni: dalillar maqbulligi va taraflar tengligi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 noyabrda qabul qilingan “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni dalillar maqbulligi masalasini aniqlashtirishda muhim qadam bo‘ldi. Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksning 95-moddasiga 2018 yil 4 aprelda dalillarning maqbul emasligiga oid yangi normalar kiritildi.

Endilikda agar dalillar qonunga xilof usullar orqali yoki jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquqlarini cheklash yo‘li bilan yoxud  Jinoyat-protsessual kodeksning talablari buzilgan holda olingan bo‘lsa, shu jumladan:

  • qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llagan holda;
  • ularni soxtalashtirish yo qalbakilashtirish yo‘li bilan;
  • himoyaga bo‘lgan huquqlarni, shuningdek, tarjimon xizmatlaridan foydalanish huquqi buzilgan holda;
  • jinoyat ishi bo‘yicha protsessual harakatning mazkur jinoyat ishini yuritishni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan bajarlishi natijasida;
  • noma’lum manbadan yoxud jinoyat ishini yuritish jarayonida aniqlash mumkin bo‘lmagan manbadan;
  • jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining surishtiruvdagi, dastlabki tergovdagi sudda dalillar majmui bilan o‘z tasdig‘ini topmagan ko‘rsatuvlaridan olingan bo‘lsa, ular dalil sifatida maqbul emas deb topiladi.

Dalillar maqbulligi tamoyilining natijadorligi qanday? So‘nggi besh yilda jami 36 ming 723 nafar shaxsga nisbatan asossiz qo‘yilgan ayblov chiqarilgan bo‘lib, shundan 3 ming 702 nafar shaxs oqlangan. Bu ko‘rsatkichlar 2021 yilda, ayniqsa yaxshilangan. Ya’ni, asossiz qo‘yilgan ayblov chiqarilgan shaxs soni 10 ming 115 nafar ekani aniqlanib, shundan 932 nafari oqlanishiga erishilgan.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida adolatli va qonuniy qarorlarni qabul qilish uchun taraflarning tengligi va tortishuvchanligini amalda ta’minlash mexanizmlarini kengaytirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilandi.

Natijada sud protsessida tortishuvlik prinsipini hamda taraflarning tengligini ta’minlash maqsadida sudlanuvchi, jabrlanuvchi va ularning vakillari tomonidan kassatsiya tartibida berilgan shikoyatning maqomi prokurorning protesti bilan tenglashtirildi. Shu bilan birga, barcha kodekslarga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

 

Sud qarorlari ustidan shikoyatlarning yangicha maqomi

 

Sud qarorlari yuzasidan shikoyat qilish bosqichlari chuqur isloh qilindi. Avvallari tuman sudining hukmi – 7 ta, viloyat sudining hukmi – 6 ta, Oliy sudning hukmi – 5 ta bosqichda ko‘rib chiqilgan. Hozirgi holatda ushbu ko‘rsatkich barcha sud instansiyalarida bir xil, ya’ni 3 tani tashkil etmoqda.

Shuni ham qayd etish joizki, jazoni o‘tash joylaridan shikoyatlar kelishi yo‘lidagi to‘siqlar olib tashlandi. Bu borada, ayniqsa, ikkita muhim natijaga erishildi.

Birinchidan, ilgari mahkum yoki uning advokatining kassatsiya shikoyati Oliy sudning sudyasi tomonidan yakka tartibda o‘rganilgandan keyin protest kiritilgan taqdirdagina sudlov hay’atida ko‘rilgan.

Endilikda sudlangan tomonidan kassatsiya tartibida berilgan shikoyatning maqomi prokurorning protesti bilan tenglashtirildi. Bu, o‘z navbatida, sud protsessida tortishuvlik prinsipini hamda taraflarning tengligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Ikkinchidan, ilgari berilayotgan shikoyatga nisbatan bir qancha talablar mavjud edi. Jumladan, barcha sud qarorlari va javob xatlarini, mahkumga jazoni ijro etish muassasasi tomonidan berilgan tavsiyanomalar, sog‘lig‘i haqidagi ma’lumotnoma kabi hujjatlar taqdim etilmasa, bunday holat shikoyatni ko‘rmasdan qaytarishga asos bo‘lgan.

Hozirda qonunchillikka kiritilgan o‘zgartirishlarga asosan, shikoyat qiluvchi tomonidan sudga faqatgina shikoyatning o‘zi berilishi kifoyadir.

        

Sudlarning shaffofligi va ochiqligi

 

So‘nggi yillarda sudlarning shaffofligi va ochiqligini ta’minlash yo‘lida muhim qadamlar qo‘yildi. Jamoatchilik va matbuot uchun eshiklar keng ochildi.

Ilgari ommaviy axborot vositalari, internet nashrlari va keng jamoatchilik vakillari sudga kiritilmagan. Endilikda ularning sudlarda emin-erkin ishtirok etishi ta’minlanmoqda.

Bu borada Prezidentimizning 2020 yil 24 iyuldagi farmonida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida:

  • sudlarning faoliyati yuzasidan turli brifing, matbuot anjumani va uchrashuvlar o‘tkazish;
  • jamoatchilik e’tiboriga tushgan ishlar sudlarda ko‘rilishida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokini ta’minlash;
  • sud tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, sud faoliyatiga daxldor axborotlar, voqeliklar, turli ma’lumotlarni onlayn rejimda joylashtirish;
  • telegram-bot kanallar ochib, unda aholiga sud faoliyati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan tushuntirishlar berish orqali aholining sudlarga murojaat qilish imkoniyatlari kengaytirildi.

Ayni yo‘nalishda Oliy sud Plenumining “Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Shu asosda qabul qilingan sud hujjati o‘qib eshittirilganidan so‘ng uning mazmun-mohiyatini sud protsessi ishtirokchilariga tushuntirilishi amaliyoti joriy etildi. Sudlar faoliyati to‘g‘risida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini xabardor qilish maqsadida har chorakda viloyat sudlari raislari va ularning o‘rinbosarlari tomonidan brifinglar o‘tkazish, sud ishlarini apellyatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rib chiqish amaliyoti obzorlarini e’lon qilish yo‘lga qo‘yildi.

2021 yilda Oliy sud tomonidan 15 ta matbuot anjumani tashkil etilgan bo‘lsa, viloyat sudlari tomonidan 51 ta brifing o‘tkazilgan. Ommaviy axborot vositalarida yil davomida 15 ming 128 ta huquqiy tushuntirish va sudlar faoliyatiga oid materiallar berib borilgan.

 

Sudlar faoliyatini raqamlashtirish va “Elektron odil sudlov”

 

Mamlakatimiz hayotining boshqa sohalari kabi sud tizimi faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va bu sohani izchil rivojlantirish juda zarur. Bu, jumladan, fuqarolarning sudga murojaat qilish imkoniyatlari kengayishida juda qo‘l keladi.

Davlatimiz rahbarining “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan fuqarolarning sudlarga murojaat qilish va sud majlisida ishtirok etish sohasida odil sudlovga erishish darajasi yanada qulaylashtirildi. Shu maqsadda:

birinchidan, fuqaro va tadbirkorlar masofadan turib sudlarga elektron shaklda murojaat qilish va sud hujjatlarini shu tartibda olish;

ikkinchidan, fuqaroni ovora qilmagan holda sudya tomonidan axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish orqali ish uchun zarur hujjatlarni onlayn tarzda olish;

uchinchidan, dunyoning istalgan nuqtasidan turib sud majlisida mobil videokonferensaloqa tizimi orqali ishtirok etish;

to‘rtinchidan, sud qarorlarini ishtirokchilarga inson omilisiz onlayn taqdim etish;

beshinchidan, fuqaro sudlarda ishlarni ko‘rib chiqish jarayonini onlayn tarzda kuzatib borishiga sharoit yaratish;

oltinchidan, Oliy sudning Interaktiv xizmatlar portali orqali fuqaro sud binosiga tashrif buyurmasdan turib nizosini masofadan hal qila olishiga taalluqli muhim tartiblar joriy etildi.

Bu o‘rinda 2018 yilda “E-XSUD” yagona markazlashtirilgan axborot tizimi joriy etilganini alohida qayd etish zarur. Chunki buning natijasida: ishlarni o‘z vaqtida ko‘rilishi ustidan onlayn monitoring qilish; sudlarda ish yuritishni to‘liq elektronlashtirish;  ish yuritish samaradorligi va tezkorligini oshirish; ma’lumotlarni tizimlashtirish va onlayn hisobini yuritish yo‘lga qo‘yildi.

2018 yil dekabridan sud qarorlari Internet tarmog‘ida e’lon qilinmoqda. Hozirga qadar qariyb 2 mln sud qarori shu tarmoqda e’lon qilingan.

2019 yil yanvaridan Oliy sudning Interaktiv xizmatlar portali ishga tushdi. Bu yerda 48 turdagi elektron xizmat ko‘rsatilmoqda.

Birgina elektron murojaat qilish xizmatini misol keltiradigan bo‘lsak, 2021 yilda jami murojaatlarning qariyb yarmini – 49,5 foizini elektron murojaatlar tashkil etadi.

2019 yil mayidan “Elektron to‘lov tizimi” joriy etildi va u sud xarajatlarini onlayn to‘lash imkonini bermoqda. 2021 yil oktyabridan sud xabarnomalarini elektron taqdim etishga o‘tilgani munosabati bilan sud majlisi sanasi va vaqti haqidagi sud chaqiruv qog‘ozlarini onlayn tarzda olish mumkin bo‘lmoqda. Ijro varaqalarini elektron shaklda ijroga yuborish tartibi tatbiq etildi.

Ishlarni sudyalar o‘rtasida avtomatik tarzda taqsimlash moduli ishga tushirildi. Bu, o‘z navbatida, ishlarni xolislik, adolat va tenglik tamoyillari asosida inson omilisiz taqsimlashga keng yo‘l ochdi.

Sudlarda ishlarni elektron ko‘rinishda shakllantirishga o‘tildi. Da’vo arizasi va ariza namunalarining elektron shakllari o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida Oliy sud portaliga joylandi. Natijada advokatlik xizmatlari uchun sarflanadigan mablag‘lar tejalmoqda.

2020 yil oktyabrida sudlar faoliyatiga mobil videokonferensaloqa tizimi joriy etildi. “Videokonferensaloqa” orqali sud ishtirokchilari dunyoning istalgan nuqtasidan turib, sudda ishtirok etishi mumkin.

Videokonferensaloqa tizimining samaradorligi haqida to‘xtalganda, hozirgacha 401 ta sud  videokonferensaloqa bilan ta’minlangani 41 ming 620 ta sud majlisini videokonferensaloqa yordamida o‘tkazish imkonini berganini ta’kidlash darkor.

Bugungi kunda sudlarning infratuzilmasi izchil rivojlantirilib, barcha sudlar optik tolali aloqa tarmog‘i bilan qamrab olingan. Davlat tashkilotlari bilan idoralararo elektron hamkorlikni ta’minlash borasida 28 ta davlat tashkilotining 38 ta axborot tizimi bilan to‘liq ravishda ma’lumotlar almashinuvi raqamli texnologiyaga o‘tkazildi.

O‘tgan yili mamlakat sud tizimida “Yuzdan ortiq ish ko‘rgan sudyalar” tushunchasi ham shakllanib ulgurdi. Xususan, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda – jami sudyalarning 85 foizi, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda – jami sudyalarning 90 foizi, iqtisodiy sudlarda –jami sudyalarning 38 foizi yuztadan ortiq ishni ko‘rgan.

Oliy sudda 2001-2017 yillarda jami 4 ming 73 nafar shaxsga nisbatan ishlar ko‘rilgan. Birgina 2021 yilning o‘zida esa bu ko‘rsatkich 7 ming 884 nafarga yetgan.

2021 yilda yuqori instansiya sudlari samarador faoliyat olib borganini quyidagi omillar ham tasdiqlaydi:

birinchidan, viloyatda appelyatsiyada ko‘rilgan 11 ming 300 ta ishning 12 foizi Oliy sudda ko‘rilgan;

ikkinchidan, Oliy sud rahbariyati qabulida kelib tushgan arizalarning 60 foizi;

uchinchidan, jazoni ijro etish muassasalaridagi mahkumlardan kelgan arizalarning 28 foizi;,

to‘rtinchidan, bevosita taraflar shikoyati va prokuror protestlarining 6 foizi ham yuqori instansiya sudlarida ko‘rilgan.

 

Yangi O‘zbekiston sudyasi: “30 foiz nazariya – 70 foiz amaliyot”

 

Mamlakatimizda sudyalik lavozimiga nomzodlarni “30 foiz nazariya – 70 foiz amaliyot” tamoyili bo‘yicha tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Bu o‘quv dasturi 4 ta bosqichni o‘zida qamraydi.

Birinchisi – dastlabki nazariy tayyorlov bosqichi. Ikki oyga mo‘ljallangan ushbu bosqichda sudyalik lavozimiga nomzodlarning ixtisoslik bo‘yicha maxsus dastur asosida nazariy bilimlari boyitiladi. Ular sud psixologiyasi maxsus kursi, sud-huquq islohotlari, sudyaning ma’naviy qiyofasini shakllantirish kurslaridan saboq oladi. Amaliy tayyorlov va stajirovkaga yuboriladi.

Ikkinchisi – amaliy stajirovka bosqichi bo‘lib, 9 oy davom etadi. Bunda har qaysi ixtisoslikdagi sudlar bo‘yicha sudyalik lavozimiga nomzodlar uchun alohida stajirovka dasturlari ishlab chiqilgan.

Shuningdek, birinchi instansiya sudida amaliyot o‘tash uchun 140 kunlik muddat ajratilgan. Bunda sudyalik lavozimiga nomzodlar tuman sudlari faoliyati bilan tanishadi. Qolaversa, “E-XSUD” yagona markazlashtirilgan axborot tizimi va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarida ishlash, sud majlislarida ishtirok etish, sud hujjatlari loyihalarini tayyorlash, ariza va shikoyatlarni rasmiylashtirish ishlarini o‘rganadi.

Bundan tashqari, sudyalik lavozimiga nomzodlar apellyatsiya instansiyasida amaliyot o‘tash uchun 40 kun muddatga viloyat sudiga yuboriladi. Bu yerda ular sud hujjatlari loyihalarini tayyorlash, sud majlislarini o‘tkazish, sayyor sudlarda ishtirok etish, shikoyatni o‘rganish ko‘nikmasiga ega bo‘lishi talab etiladi.

Uchinchisi – yakunlovchi nazariy o‘qitish bosqichi. Bu bosqich uchun bir oy ajratilgan bo‘lib, sudyalik lavozimiga nomzodlar o‘qish jarayonida har bir mavzuga individual yondashish,  sud amaliyotida uchraydigan muammoli masalalarga yechim topish, Oliy sud Plenumi va Rayosati qarorlarini tahlil qilish, qonunchilikdagi yangiliklarning mohiyatini yetkazish hamda kasbiy ko‘nikma va qobiliyatlarini takomillashtirish bilan mashg‘ul bo‘ladi.  

To‘rtinchisi – sudyalik lavozimiga tayinlangan kadrlarning professional ko‘nikmalarini shakllantirish bosqichi. Ushbu bosqich uchun uch oy muddat belgilangan. Bu davrda sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, ishlarni tahlil qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga e’tibor qaratiladi. Shuningdek, psixologiya, etika va nutq madaniyati, diplomatiya va ma’muriyatchilik sohalari bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tiladi.

Shuningdek, joylarda sudyalik lavozimiga nomzodlarning shaxsiy va kasbiy fazilatlarini o‘rganish uchun jamoatchilik komissiyalari tashkil etilgan.

 

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi va sud-huquq islohotlari: muammo va istiqbollar

 

Sud va sudyalar faoliyatida yechimini kutayotgan bir qator muammolar mavjud va ularni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Birinchi muammo – sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarishiga taalluqli.

Birinchidan, “Sudyalar hamjamiyati to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish lozim. Qonun asosida avvalo sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish tartibi va shakllari joriy qilinishi kerak. Qonunda, jumladan, Sudyalar s’ezdi, konferensiyasi, kengashi, umumiy yig‘ilishi, malaka hay’ati haqidagi normalar o‘z aksini topgani ma’qul.

Ikkinchidan, Sudyalar oliy kengashi tarkibini shakllantirishning mutlaqo yangi tartibini joriy etish kerak. Natijada Sudyalar oliy kengashi haqiqiy sudyalar hamjamiyati organiga aylanadi. Eng muhimi, Kengash a’zolarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis Senati va Sudyalar s’ezdi tomonidan tayinlash hamda saylash tartibi joriy etilishi maqsadga muvofiq.

Uchinchidan, ko‘p tarkibli tuman (tumanlararo, shahar) sudining raisi va o‘rinbosarlarini shu sud sudyalari tomonidan saylash tartibini amaliyotga kiritish darkor. Bunday yangicha tartib, bir tomondan, sudyalarning mustaqilligini ta’minlashga, ikkinchi tomondan esa, sudyalarga turli xil tazyiqlar o‘tkazishning oldini olishga xizmat qiladi.

Bunda bir va ikki tarkibli sudlar raislarini Sudyalar oliy kengashi tomonidan tayinlash tartibi saqlab qolingani maqbul, albatta. Bu yangilanishlarning barchasi, o‘z navbatida, xalqaro reytinglarda mamlakatimiz o‘rni yanada ko‘tarilishiga olib keladi.

Ikkinchi muammo – hozirga qadar yurtimizda sud-huquq yo‘nalishi bo‘yicha ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalari vakillari yetishmaydi. Shuning uchun O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida sud-huquq yo‘nalishi bo‘yicha maxsus “Yuridik jurnalistika” kafedrasini tashkil etish muhim ahamiyatga ega.

Bunday kafedraning faoliyati yo‘l qo‘yilgach,  ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga doir ma’lumotlarni aholiga malakali tarzda yetkazish imkoniyati tug‘iladi. Shu bilan birga, jurnalistlarning ushbu sohadagi ko‘nikmasini oshirishga yo‘l ochiladi.

Uchinchi muammo – “E-XSUD” yagona markazlashtirilgan axborot tizimini takomillashtirish zaruratidir. Davr talabidan kelib chiqqan holda, hozirgi kunda: fuqaro va tadbirkorlarga interaktiv xizmatlar ko‘rsatish doirasini kengaytirish; sudlarga elektron murojaat va sud hujjatlarini elektron yuborish tartibini soddalashtirish; ma’lumotlarni raqamlashtirish orqali inson omilini 70 foizgacha cheklash; sud axborot tizimlarini yagona platformaga birlashtirish; ma’lumotlar almashinuvini integratsiyaviy platformalar orqali amalga oshirish; sud hujjatlarini avtomatik tarzda shakllantirish; elektron arxivni joriy etish talab etilmoqda.

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi Harakatlar strategiyasining uzviy davomidir. Unda bugungi global o‘zgarishlar, aholi turmush tarzi, hayot talabi va qadriyatlarimizdan kelib chiqqan holda yettita ustuvor yo‘nalishdagi maqsad va vazifalar belgilangan.

      Taraqqiyot strategiyasi 100 ta ustuvor maqsadni o‘zida mujassam etgan bo‘lsa, shundan sud islohotlari bilan bog‘liq bandlar bevosita ikkinchi yo‘nalish doirasida belgilangan.

Xususan, Davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish hamda fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish” nomli 15-maqsadga erishish uchun quyidagi vazifalarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda:

  • ma’muriy sudlarda mansabdor shaxslarning qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish tizimini takomillashtirish orqali sud nazoratini qo‘llash sohasini kengaytirish;
  • “Xabeas korpus” institutini yanada rivojlantirish orqali tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirish;
  • sud protsessida tomonlarning haqiqiy tenglik va tortishuv tamoyillarini ro‘yobga chiqarish;
  • sudlar tizimida “yagona darcha” tamoyilini keng joriy etish maqsadida arizalarni sudga taalluqliligidan qat’iy nazar qabul qilish va vakolatli sudga yuborish hamda muayyan ish doirasida barcha huquqiy oqibatlarni hal qilishni ta’minlash tizimini joriy etish;
  • sud tizimini bosqichma-bosqich raqamlashtirish, byurokratik g‘ov va to‘siqlarni bartaraf etish orqali fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish darajasini tubdan oshirish;
  • nizolarni hal etishning muqobil usullaridan keng foydalanish uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish, yarashuv institutini qo‘llash doirasini yanada kengaytirish;
  • sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlashda sudyalar hamjamiyati organlarining rolini yanada oshirish, sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini keng joriy etish hamda sudyalarga g‘ayriqonuniy tarzda ta’sir o‘tkazishning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan mexanizmlarni yaratish;
  • sudyalar korpusini shakllantirishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, sud tizimidagi rahbarlik lavozimlariga tayinlashda saylanish va hisobdorlik kabi demokratik tamoyillarni joriy etish;
  • Sud tizimini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish ishlarini olib borish.

Ushbu vazifalar hayotimizga tatbiq etilishi natijasida mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladigan “Yangi O‘zbekiston – xalqchil va insonparvar davlat” g‘oyasi amalga oshadi hamda “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyil to‘laqonli ro‘yobga chiqariladi. Jumladan, bunda sud tizimining roli va mas’uliyati yanada kuchayadi.

 

Akmal Saidov,

akademik

Powered by GSpeech