O‘zbekiston taraqqiyotining yangi ustuvor yo‘nalishlari

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Keng jamoatchilik muhokamasi natijasida “Inson qadri uchun” tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan yettita ustuvor yo‘nalishdan iborat Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi va uni 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Farmon bilan ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish belgilab qo‘yilgani bejiz emas. Chunki, ushbu yo‘nalish bo‘yicha:

mulkiy huquqlarning daxlsizligini ishonchli himoya qilish hamda davlat organlarining mulkiy munosabatlarga noqonuniy aralashuvini cheklash;

qonun ustuvorligi va konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlash hamda inson qadrini ushbu jarayonning bosh mezoni sifatida belgilash;

davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish hamda fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish;

jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta’minlash, huquqbuzarliklarning sodir etilishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishning samarali tizimini yaratish;

huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yangi qiyofasini shakllantirish va ularning faoliyatini xalq manfaatlari, qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini samarali himoya etishga xizmat qilishga yo‘naltirish;

sud va boshqa organlar hujjatlarining o‘z vaqtida va to‘liq ijrosini ta’minlash;

advokatura institutining inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdagi salohiyatini tubdan oshirish, shuningdek, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining malakali huquqiy xizmatlarga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish;

faol fuqarolik jamiyatini rivojlantirish hamda fuqarolar o‘rtasida qonunga hurmat va itoat qilish hissini shakllantirish kabi bajarilishi zarur bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Har bir vazifa halqimizni bugungi kunda qiynab kelayotgan masalalar, qonunlarning amaliyotda qo‘llanishi, Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi prinsipi, korrupsiyaga qarshi kurash, jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish, barcha davlat organlari kabi huquqni muhofaza qilish organlarining asosiy faoliyatlari xalq manfaatini himoya qilishga qaratish, bajarilishi majburiy bo‘lgan sud hujjatlari ijrosini to‘liq ta’minlash, inson huquq va erkinliklari himoyasini ta’minlashda sud va advokatura institutining rolini yanada kuchaytirish, qonun ustuvorligiga erishish uchun xizmat qiladi.

Bunda, shuningdek, mamlakatimizni adolatli, demokratik davlatga aylantirishda fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularning qonunlarni hurmat qilishlari va qonunlarga og‘ishmay amal qilishlarini ta’minlash hamda har bir qabul qilinayotgan va kundalik hayotda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan qonun hujjatlarini oddiy tilda yetkazish bo‘yicha ishlar yetarli darajada emasligidan kelib chiqilayotgani ham juda muhim.

Aytaylik, sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, advokatura institutining huquqni qo‘llovchi boshqa organlar bilan tengligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish va boshqa bir qator masalalarda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham vazifalar qo‘yilgan edi.

Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida ushbu masalalar yana joy olgani ularning hali ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmaganligini  ko‘rsatadi. Eng asosiysi, bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘lami keng ekanini anglatadi. 

Farmonga ko‘ra, «Davlat — inson uchun» tamoyili asosida davlat boshqaruvi organlarining hududiy masalalarni hal qilishdagi mas’uliyati va javobgarligini kuchaytirish hamda ularning strategik yo‘nalishlarni rejalashtirishga qaratilgan yangi tizimini yaratish lozim. Bu borada, xususan:

  • mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchilari hamda yoshlar yetakchilari tomonidan doimiy ravishda mahallani o‘rganish va tahlil qilish natijasiga ko‘ra ularni rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritalari»ni ishlab chiqish amaliyotini yo‘lga qo‘yish;
  • barcha bo‘g‘indagi davlat boshqaruvi organlarining bir yillik ish dasturini, shu jumladan jamoatchilik ishtirokida ishlab chiqish, ularning ijro holatini doimiy e’lon qilib borish amaliyotini joriy etish;
  • davlat organlarida murojaatlarni tahlil qilish, ijtimoiy so‘rovlar va jamoatchilik muhokamalarini o‘tkazish natijalaridan kelib chiqib, hududlar – tuman, shahar, qishloq va mahalla kesimida o‘z tuzilmalarining faoliyati bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqish hamda e’lon qilib borish;
  • davlat boshqaruvi organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning ijro etilishi jarayonini jamoatchilik tomonidan kuzatib borish, shu jumladan bu qarorlarni ommaviy axborot vositalarida muntazam e’lon qilib borish tizimini yaratish;
  • har bir tarmoq va hudud bo‘yicha qabul qilingan dasturlar ijrosi yuzasidan rahbarlarning hisobot berish tizimini yo‘lga qo‘yish va Vazirlar Mahkamasiga ayni tizimning samarali faoliyatini ta’minlash yuzasidan qaror ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Xulosa o‘rnida Yangi O‘zbekistoning Taraqqiyot strategiyasida respublikamizda adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga jinoyat ishlari bilan bir qatorda, fuqarolik va ma’muriy ishlar bo‘yicha ham davlat hisobidan bepul yuridik yordam ko‘rsatish tartibi joriy etilishi belgilanganini ta’kidlash lozim.

Bu kabi imtiyozlar amaldagi qonunchiligimizda mavjud emas edi. Mazkur imtiyoz ham mamlakatimizda aholining ijtimoiy adolat siyosatining bir ko‘rinishidir.

 

 

Otabek Norboev,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i

Powered by GSpeech