Jahonning aksariyat mamlakatlarida yozning ilk kuni bolajonlar uchun katta bayram hisoblanadi. Bu yil mazkur sana butun dunyoda 70-marta nishonlanmoqda.
Ma'lumki, 1949 yilda Parijda Xotin-qizlar xalqaro demokratik federatsiyasining kongressi bo'lib o'tgan. Ushbu kongressda bolalarning bardamligi va baxt-saodatining kafolati bo'lgan mustahkam tinchlikni ta'minlash uchun doimiy kurash haqidagi chaqiriq yangragan. Chunki Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda sayyoramizda yashovchi barcha bolalarning sog'ligi va tinch-xotirjam hayotini saqlash dolzarb muammoga aylanib qolgan edi.
Shu tariqa 1950 yildan e'tiboran 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida nishonlana boshladi. Bundan ko'zlangan maqsad bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini har tomonlama ta'minlashga e'tibor qaratishdir.
Joriy yilda dunyo miqyosida, jumladan, O'zbekistonda ham mazkur muhim xalqaro sanaga taallquqli barcha tadbirlar koronavirus pandemiyasi bilan bog'liq murakkab vaziyatni hisobga olgan holda, asosan onlayn tarzda o'tkazilmoqda.
Fursatdan foydalanib, biz ham mazkur sanaga doir milliy va xalqaro hujjatlarning mazmun-mohiyati haqida muxtasar so'z yuritishni lozim topdik. Zero, har qanday ota-ona bolasining huquqlari to'la ta'minlanib, jondek aziz farzandi sog'lom, zehnli, kasb-hunarli va el-yurtiga sodiq bo'lib voyaga yetishini istaydi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek, «Biz uchun jamiyatda begona bola yo'q va bo'lmasligi kerak. Hammasi o'zimizning, O'zbekistonimizning bolalari. Vaqtida mehr ko'rsatsak, ishga, ilmga, kasbu hunarga, ezgu fazilatlarga o'rgatsak, ularning yo'lini ochib bersak, ertaga foydasi o'zimizga, jamiyatimizga tegadi».
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida bola huquqlari mustahkam kafolatlangan. Asosiy Qonunimizning 45-moddasida, jumladan, voyaga yetmaganlarning huquqlari davlat himoyasida ekani belgilab qo'yilgan.
Konstitutsiyaning 64-moddasiga ko'ra: “Ota-onalar o'z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. Davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo'lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o'qitishni ta'minlaydi, bolalarga bag'ishlangan xayriya faoliyatlarni rag'batlantiradi”.
Bosh Qomusimizning 65-moddasiga binoan esa: “Farzandlar ota-onalarning nasl-nasabidan va fuqarolik holatidan qat'i nazar, qonun oldida tengdirlar. Onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi”.
Milliy huquqiy tizimimizda bola huquqlariga oid qonunlar alohida o'rin tutadi. O'zbekistonda ushbu sohada 100 dan ziyod normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Bu borada, ayniqsa, “Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida”gi qonun muhim dasturilamal bo'lmoqda. Mazkur hujjatda, jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning oilaviy muhit va jamiyatga integratsiyalashuvi, uy-joyi, ijtimoiy himoyasi hamda ta'lim olishi bilan bog'liq huquqlari kafolatlangan.
Shuni alohida ta'kidlash lozimki, O'zbekiston mustaqillikka erishgandan so'ng 1992 yil 9 dekabrda o'zbek parlamenti ratifikatsiya qilgan birinchi majburiy xalqaro-huquqiy shartnoma – Bola huquqlari konventsiyasidir. Ushbu Konventsiyani jahon bolalarining o'ziga xos xalqaro Konstitutsiyasi deyish mumkin. Bundan tashqari, O'zbekiston bola huquqlariga oid o'nga yaqin xalqaro shartnomalarga qo'shilgan.
Xususan, O'zbekiston BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi va uning ikkita Fakul`tativ protokoli ishtirokchisi sifatida mazkur hujjatlarning barcha qoidasiga to'liq amal qilib kelmoqda. Ushbu Konventsiya qoidalari milliy qonunchiligimizga hamda davlat va jamoat tashkilotlari faoliyatiga izchillik bilan implementatsiya qilindi.
Mamlakatda onalik va bolalikni qo'llab-quvvatlash, bolalarning ma'naviy va jismoniy rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish hamda BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi talablarini bajarish borasida keng ko'lamli ishlar olib borilmoqda.
2019 yil 7 dekabrda “Bola huquqlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonun matbuotda e'lon qilindi.
Mazkur Qonun bolalar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha faoliyatni ta'minlashning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga qaratilgan. Shu asosda “Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida”gi qonunga va Jinoyat-protsessual kodeksiga o'zgartish hamda qo'shimchalar kiritildi.
Bu borada O'zbekiston Prezidentining 2019 yil 22 aprelda qabul qilingan “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etganini alohida ta'kidlash lozim. Xususan, ushbu qaror bilan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) o'rinbosari – Bola huquqlari bo'yicha vakil lavozimi joriy etildi.
Davlat rahbarining kuni kecha, ya'ni 2020 yil 29 mayda qabul qilingan "Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarori O'zbekistonda bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, bola huquqlarining kafolatlarini ta'minlash va ushbu sohadagi xalqaro majburiyatlarni bajarishning ta'sirchan tizimini yaratish maqsadiga qaratilgani bilan g'oyat ahamiyatlidir. Ushbu qarorda:
birinchidan, Bola huquqlari bo'yicha vakilning asosiy vazifalari va faoliyati yo'nalishlari aniq belgilab berildi;
ikkinchidan, Bola huquqlari bo'yicha vakilning o'z funktsiyalarini bajarishi bilan bog'liq huquq va vakolatlari kafolatlandi;
uchinchidan, bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini monitoring qilish maqsadida Bola huquqlari bo'yicha vakil huzurida Bola huquqlarini himoya qilish bo'yicha jamoatchilik kengashi tashkil etilib, yangi Kengashning asosiy vazifalari belgilandi;
to'rtinchidan, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan birgalikda bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini
himoya qilishni yanada kuchaytirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish tavsiya etildi;
beshinchidan, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakiliga (ombudsmanga) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda xalqaro tajribani inobatga olgan holda “O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) to'g'risida”gi Qonunga mazkur qarordan kelib chiqadigan o'zgartirishlarni kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish hamda belgilangan tartibda kiritilishini ta'minlash vazifasi yuklandi;
oltinchidan, “Davlat boji to'g'risida”gi Qonunga O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) hamda Bola huquqlari bo'yicha vakilni davlat bojini to'lashdan ozod qilinadigan jismoniy va yuridik shaxslarning qat'iy ro'yxatiga qo'shish bo'yicha o'zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqiladigan bo'ldi;
yettinchidan, Bola huquqlari bo'yicha vakilga bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi holatni tanqidiy o'rganish asosida mavjud muammolarni hal etish va sohani takomillashtirish bo'yicha takliflar kiritish yuzasidan aniq muddati ko'rsatilgan topshiriq berildi.
Bularning barchasi mamlakatimizda bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash yo'lida izchil islohotlar amalga oshirilayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu, o'z navbatida, farzandlarimizni har tomonlama munosib vorislar etib tarbiyalash nuqtai nazaridan juda ham muhim.
Zero, Nobel mukofoti sohibi, atoqli ingliz adibi Bernard Shou aytganidek, «Odam mamlakat va insoniyat uchun qilishi mumkin bo'lgan eng katta xizmat – bolalarini tarbiyalashidir».
G'ulom Mirzo
- Qo'shildi: 01.06.2020
- Ko'rishlar: 5009
- Chop etish