98 foiz kiberjinoyatlar bank kartalari bilan bog‘liq

Rivojlangan davlatlar qatorida, mamlakatimizda ham raqamli texnologiyalar hayotning barcha jabhalariga jadal joriy etilmoqda.

Ayniqsa, internet tarmog‘idan foydalanish, ijtimoiy platformalarda axborotlar bilan erkin almashish imkoniyatlari kengayib borayotgani fuqarolar uchun katta qulaylik yaratib bermoqda. Biroq, raqamli makonning shiddat bilan kengayishi o‘z navbatida shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha mas’uliyatni ham yanada oshirishni talab etmoqda.

Xususan, so‘nggi yillarda internet orqali amalga oshirilayotgan firibgarlik va o‘g‘rilik holatlari ko‘payib, fuqarolarga ham moddiy, ham ma’naviy zarar yetkazilmoqda. Ayniqsa, shaxsiy ma’lumotlar va bank kartalari bilan bog‘liq kiberjinoyatlar sonining ortib borayotgani jiddiy xavotir uyg‘otadi.

Joriy yilning 29-may kuni IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi tomonidan o‘tkazilgan Press-turda so‘nggi 5 yilda mamlakatimizda sodir etilgan kiberjinoyatlar va ularning oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan ma’lumot berildi.  

Qayd etilishicha,  so‘nggi 5 yilda mamlakatimizda kiberjinoyatlar soni 68 baravarga, 2024 yilning o‘zida bu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan 9,1 baravarga oshgan. Kiberjinoyatlardan jabrlangan fuqarolarning umumiy moddiy zarari 1 trillion 909 milliard so‘mdan ortgan.

2019 yilda axborot texnologiyalari orqali 863 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 62 turdagi 50 mingdan ortiq jinoyatga yetgan.  

Kiberjinoyatlarning umumiy jinoyatchilikdagi ulushi 50 foizga yaqinlashgan,  ya’ni deyarli har ikkinchi jinoyat axborot texnologiyalari orqali sodir etilmoqda.

Xo‘sh, mazkur kiberhujumlar qay tarzda amalga oshirilmoqda?

Statistik tahlillar kiberjinoyatlarning asosiy qismi, ya’ni — 98 foizi  bank kartalari bilan bog‘liq holatlar tashkil etishini ko‘rsatmoqda.  

Xususan, ular orasida;

•  60% — zararli havolalar va dasturlar orqali qurilmalar yoki bank kartasi ma’lumotlarini o‘zlashtirish;

• 16% — aldov yo‘li bilan SMS orqali tasdiqlash kodini qo‘lga kiritish;

• 11% — onlayn savdo platformalaridagi soxta savdo yoki muomala;

•  9% — firibgarlikning turli sxemalari orqali fuqarolar mablag‘ini o‘zlashtirish hamda 4% — shaxs nomiga onlayn kredit rasmiylashtirish kabi holatlar eng keng tarqalgan usullardir.  

Tadbirda qayd etilishicha, kiberjinoyatchilikning oldini olish uchun qator huquqiy, tashkiliy va texnik choralar ko‘rilmoqda. Shu bilan bir qatorda, bu borada zamonaviy tahdidlarga qarshi samarali kurashish, fuqarolarni ogohlantirish, ularning raqamli savodxonligini oshirish muhim vazifalardan biriga aylangan.  

Qolaversa, kiberxavfsizlik — faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki har bir internet foydalanuvchisining shaxsiy javobgarligi va hushyorligini talab etuvchi dolzarb masaladir.  

Shu bois, fuqarolardan shaxsiy ma’lumotlarini ehtiyot qilish, shubhali havolalarga kirmaslik va firibgarlarga ishonmaslik lozimligi qat’iy ta’kidlandi.  

M.Eshmirzayeva, O‘zA

Powered by GSpeech