O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 28 fevraldagi 132-son “Transport xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish orqali ko‘rish va harakatlanish bilan bog‘liq kasalliklarga chalingan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ta’lim olish sharoitlarini yaxshilash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga asosan aholini ijtimoiy himoya qilish tizimiga zamonaviy xizmatlarni joriy etish maqsadida ijtimoiy ahamiyatga ega transport xizmatini tashkil etilishi belgilandi.
Endilikda ijtimoiy ahamiyatga ega transport xizmati loyihasi 2025 yil 1 apreldan Toshkent, Andijon va Samarqand shaharlarida pilot loyiha sifatida, 2025 yilning yakuniga qadar esa respublikaning boshqa hududlarida bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Mazkur loyiha doirasida ixtisoslashtirilgan maktab, maktab-internatlari, shu jumladan, ushbu muassasalardagi “G‘amxo‘rlik” guruhlarida, umumta’lim maktablarining inklyuziv sinflarida hamda reabilitatsiya markaziga ega davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim oluvchi ko‘rish va harakatlanish bilan bog‘liq kasalliklarga chalingan bolalarga transport xizmatlari ko‘rsatiladi.
Ijtimoiy ahamiyatga ega transport xizmatidan foydalanganlik uchun umumiy miqdori har bir o‘quvchiga bir oyda bazaviy hisoblash miqdorining 1,2 baravaridan oshmaydigan miqdorda:
Ijtimoiy himoya yagona reyestri yoki Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi o‘quvchilar uchun har bir qatnov to‘lovining 100 foizi;
Ijtimoiy himoya yagona reyestri yoki Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilmagan oilalardagi o‘quvchilar uchun har bir qatnov to‘lovining 60 foizi subsidiya shaklida qoplanadi. Bu Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Qarorda belgilab qo‘yilgan tartibga ko‘ra:
ijtimoiy ahamiyatga ega transport xizmati yo‘nalishsiz taksida yo‘lovchi tashuvchilarga mijozlarni izlash bo‘yicha interaktiv xizmatlarni ko‘rsatuvchi agregatorlar (tadbirkorlik sub’ektlari) tomonidan ko‘rsatiladi;
ijtimoiy ahamiyatga ega transport xizmati faqat Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida elektron shaklda yuritiladigan Transport xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlari reyestriga kiritilgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ko‘rsatiladi;
ijtimoiy ahamiyatga ega transport xizmatidan foydalanish bo‘yicha buyurtmalar Transport xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlari reyestriga kiritilgan tadbirkorlik sub’ektlarining mobil ilovalari orqali beriladi.
Ijtimoiy ahamiyatga ega transport xizmatini ko‘rsatish va ushbu xizmatdan foydalanish xarajatlarini subsidiya shaklida qoplash tartibi ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizom asosida amalga oshiriladi.
X. Bibayev, “Madad” NNT Toshkent shahar
Yunusobod tumani HMB bosh mutaxassisi
- Qo'shildi: 24.03.2025
- Ko'rishlar: 313
- Chop etish