22 sentyabr kuni poytaxtimizda Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlari ma'muriy sudlari, jinoyat va fuqarolik ishlari bo'yicha sudlari sud`yalari uchun «O'zbekiston Respublikasi sudlari qarorlarida BMTning inson huquqlari to'g'risidagi xalqaro shartnomalari normalarining qo'llanilishi» mavzuidagi amaliy seminar boshlandi, deyiladi sud.uz sayti xabarida.
Ushbu tadbir O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot dasturining «O'zbekistonda qonun ustuvorligi sohasida hamkorlik» qo'shma loyihasi doirasida hamda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi va YEXHTning O'zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan birgalikda tashkil etildi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Komilov, AQShning O'zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi D.Rozenblyum, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, YEXHTning O'zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi J.MakGregor va BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi doimiy vakili M.Dimovska anjuman ishtirokchilarini qutlab, sudlar tomonidan inson huquqlari to'g'risidagi xalqaro shartnomalar normalarining qo'llanilishi odil sudlovni ta'minlashda juda muhim masala hisoblanishini ta'kidladilar.
Qayd etilganidek, O'zbekistonda inson huquqlarini rag'batlantirish, himoya qilish va ularga rioya qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biridir. 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi doirasida shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni ta'minlash sohasida aniq maqsadga yo'naltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash masalasi xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratib berishga qaratilgan demokratik islohotlarning bosh mezoniga aylanib bormoqda.
Inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlar milliy qonunchilikka va huquqni qo'llash amaliyotiga tizimli hamda bosqichma-bosqich implementatsiya qilinmoqda. Bugungi kunda O'zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan 80 dan ortiq inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro hujjatlar normalari milliy qonunchilikda o'z aksini topmoqda.
Shuningdek, respublikamizda inson huquqlari sohasida amaldagi holatni o'rganish natijalari, shuningdek, BMTning shartnomaviy organlari, O'zbekistonga tashrif buyurgan BMTning maxsus ma'ruzachilari, Universal davriy hisobot va boshqa xalqaro mexanizmlar doirasida berilgan tavsiyalarning tizimli tahlili shuni ko'rsatmoqdaki, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishni ta'minlash maqsadida sohada demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va izchil davom ettirish talab etiladi.
Jumladan, sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan inson huquqlari bo'yicha xalqaro shartnomalar normalarini qo'llash amaliyotini yanada kengaytirish, ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotgan shaxslar huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish tizimini takomillashtirish lozim hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining shaxsiy va siyosiy huquqlarni himoya qilish sohasidagi ustuvor yo'nalishlari belgilangan. Xususan:
xalqaro huquq printsiplari, normalari hamda O'zbekistonning xalqaro shartnomalari sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan keng qo'llanilishi;
xalqaro huquq ustuvorligi printsipini amalga oshirishning samarali mexanizmini yaratish;
sudlarning mustaqilligini va xolisligini ta'minlash maqsadida sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining huquqiy asoslarini shakllantirish;
“Xabeas korpus” institutini yanada takomillashtirish yo'li bilan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlashda sud hokimiyatining rolini oshirish masalalari shular sirasiga kiradi.
Hozirgi kunda O'zbekiston Respublikasi sudlari tomonidan inson huquqlari to'g'risidagi xalqaro shartnomalar normalarining qo'llanilishi bo'yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O'zbekistonda, dunyoning boshqa davlatlarida bo'lgani kabi, sudyalar inson huquqlari himoyasining kafilidir. Ular fuqarolar oldida hisobdor bo'lib, tegishli milliy va xalqaro qonunchilik talablari, shuningdek axloq-adob mezonlari asosida o'z faoliyatida yuksak darajadagi shaffoflikni ta'minlashga majbur.
Seminar ochilishida ta'kidlanganidek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyunda qabul qilingan «Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida»gi farmoni talablariga ko'ra, sud inson huquqlari bo'yicha xalqaro shartnomalar normalarining sudlar amaliyotida qo'llanilishini yanada kengaytirishga qaratilgan barcha zarur choralarni ko'rishi lozim.
So'zga chiqqanlar milliy sudlar tomonidan BMT konventsiyalari normalarini sud hujjatlarida qo'llashga doir samarali mexanizmning joriy etilishi, o'z navbatida, sud tizimi mustaqilligini yanada mustahkamlash va sud hokimiyati nufuzini oshirishga xizmat qiladi, degan yakdil fikrni bildirdilar.
Bu, shuningdek «Sud`yalar xulqiga oid Bangalor printsiplari»ni amalda tatbiq etishda o'ta muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki mazkur xalqaro-huquqiy hujjatga muvofiq, xalqaro qonunchilikdagi, jumladan, xalqaro konventsiyalar va inson huquqlariga taalluqli normalar belgilangan boshqa hujjatlardagi tegishli o'zgarishlardan sud`yalarning o'z vaqtida xabardor bo'lishi – ular o'z faoliyatini talab darajasida amalga oshirishining zarur shartlaridan hisoblanadi.
Uch kun davom etadigan amaliy seminarda asosiy ma'ruzalar BMT Taraqqiyot dasturi eksperti, inson huquqlari bo'yicha xalqaro maslahatchi Aleksandr Vashkevich va BMT Qiynoqlarga qarshi qo'mitasi a'zosi Georgiy Tugushi tomonidan taqdim etiladi. Ma'ruzachilar odil sudlovni amalga oshirishning xalqaro me'yorlarining qisqacha tasnifini beradilar.
A.Vashkevich va G.Tugushi O'zbekiston Respublikasi sudlari tomonidan inson huquqlari to'g'risidagi xalqaro shartnomalar normalarini qo'llash zarurati haqida to'xtalib, xususan, Qiynoqlarga qarshi konventsiya qoidalarini milliy sudlar qarorlarida qo'llash bo'yicha chet el tajribasi bilan o'rtoqlashadi.
Sudlar tomonidan Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to'g'risidagi pakt hamda Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to'g'risidagi konventsiya normalarini qo'llash amaliyoti ham seminar kun tartibida o'rin olgan.
Ekspertlar moderatorligida sud`yalar uchun uchta guruhda «case study» texnologiyasi asosida amaliy mashg'ulotlar o'tkaziladi. Mashg'ulotlar yakunida sud`yalardan tashkil topgan guruhlar «Ruxsat etilmagan tinch yig'ilishlar», «Jinoiy jazoni o'tagan chet el fuqarosini davlatdan chiqarib yuborish» va «Jinsga asoslangan bilvosita kamsitish» mavzulari bo'yicha o'z taqdimotlarini namoyish etadilar.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 22.09.2020
- Ko'rishlar: 3888
- Chop etish