Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev  2026-yil 14-oktyabr kuni “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Qonun rasmiy e’lon qilindi va kuchga kirdi.

Qonun bilan o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish va unga nisbatan jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish uchun jazo o‘n besh yildan yigirma besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish etib belgilandi.

Voyaga yetmagan bolaga nisbatan javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlardagi qasddan odam o‘ldirish, terrorizm va boshqa ko‘rsatilgan holatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi beriladigan bo‘ldi.

Bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan shartli hukm qilish qo‘llanilmaydi.

Ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar voyaga yetmagan bolaning tarbiyasidagi majburiyatlarini bajarmasa, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha jarimaga tortiladi.

Bolalarning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborot mahsuloti tarqatilganda, axborot mahsuloti musodara qilinib tarqatgan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari, mansabdor shaxslarga esa ellik baravari miqdorida jarima solinadi.

Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalarning qarorini ijro etmaslik yoki ijro etishga to‘sqinlik qilgan fuqarolarga uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravaridan yetti baravarigacha jarima solinadi.

Bolani tarbiyalash va unga ta’lim berish majburiyati yuklatilgan ta’lim tashkiloti xodimi bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgani uchun javobgarlikka tortilsa, bu mehnat shartnomasini bekor qilish uchun qo‘shimcha asos bo‘ladi.

Zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki zo‘ravonlikka guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladi.

Jinsiy zo‘ravonlikka oid ishlarda voyaga yetmagan jabrlanuvchiga davlat hisobidan advokat ishtiroki ta’minlanadi.

 

Ma’lumot uchun: bundan oldin, ya’ni 11-sentyabrda qabul qilingan Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgandi. Unga ko‘ra, jumladan, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan pedagoglar uchun javobgarlik belgilangan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 15.10.2026 Ko'rishlar 41
Ulashish