Amina Xon: Termiz muloqoti mintaqa barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi

Bugungi kunda dunyo miqyosida global o‘zgarishlar, geosiyosiy taranglik va iqtisodiy burilishlar kuzatilmoqda. Bunday sharoitda mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, ishonchli muloqotni yo‘lga qo‘yish barqaror taraqqiyot va xavfsizlikni ta’minlaydigan omillardir.

Shu jihatdan Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari hamkorligini mastahkamlash nafaqat mintaqa, balki butun Yevrosiyo makonida farovonlikka erishish uchun muhim hisoblanadi. Ayniqsa, ushbu ikki mintaqa o‘rtasida joylashgan Afg‘onistonning o‘rni va salohiyati bu yo‘nalishda markaziy xalqa vazifasini o‘taydi.

Ma’lumki, bugun “Tinchlik, do‘stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish” mavzusida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqoti birinchi yig‘ilishi boshlandi. Ushbu muhim xalqaro anjuman munosabati bilan O‘zA muxbiri Pokiston Strategik tadqiqotlar instituti (ISSI) huzuridagi Afg‘oniston, Yaqin Sharq va Afrika (CAMEA) markazi direktori Amina Xon bilan qisqa suhbat uyushtirdi.

– Ko‘pchilik ekspertlar fikricha, global inqiroz sharoitida mintaqalar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik, hamkorlik va ishonch mamlakatlar xavfsizligi, barqarorligini ta’minlashning asosiy tayanchiga aylanib bormoqda. Shu nuqtai nazardan Markaziy va Janubiy Osiyo sherikligini mustahkamlash bugun qay darajada muhim, deb o‘ylaysiz?

– Darhaqiqat, shunday murakkab bir davrda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash alohida ahamiyat kasb etadi. Bu jarayonda, ayniqsa, Afg‘oniston masalasi dolzarb. Ikki hudud chorrahasida joylashgan ushbu mamlakat mintaqaviy markaz yoki aylanma yo‘nalish sifatida harakatlanish, hududlarni bog‘lash va sirtqi aloqalarni ham osonlashtirish imkoniga ega.

Bugun mintaqa duch kelayotgan ichki – iqtisodiy qiyinchilikdan energetika inqirozigacha bo‘lgan muammolar girdobida ikki va ko‘p tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish zarurati ortmoqda. Shu asnoda mamlakatlar muloqoti va o‘zaro savdosini kuchaytirish, iqtisodiy zanjir yaratish zarur. Bunday rishtalar barqarorlashtiruvchi kuch sifatida ziddiyatlar ehtimolini kamaytiradi, uzoq muddatli tinchlik, farovonlik o‘rnatishga yordam beradi.

Yaqin hamkorlik Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlarining global va mintaqaviy muammolarni birgalikda hal etish salohiyatini oshiradi.

– Markaziy va Janubiy Osiyo hamkorligini rivojlantirishda Afg‘onistonning o‘rni, imkoniyati qanday?

– Afg‘oniston Janubiy va Markaziy Osiyo chorrahasidagi alohida mavqega ega davlat sifatida iqtisodiy integratsiyani kuchaytirishga munosib hissa qo‘sha oladi. Ushbu davlatning geografik joylashuvi noyob bo‘lib, keng iqtisodiy almashinuvni osonlashtiradi, aloqalarni rag‘batlantiradi.

Yana bir gap. Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida Afg‘oniston ikki asosiy yo‘nalish – Xitoy – Pokiston iqtisodiy chizig‘i (CPEC) va Xitoy – Markaziy Osiyo – G‘arbiy Osiyo yo‘lagi uchun muhim o‘tkazgich vositasiga aylanishi mumkin.

Ushbu loyihalar mintaqaviy savdoni rivojlantirish barobarida keng ko‘lamli iqtisodiy taraqqiyotga xizmat qilishi shubhasiz.

E’tiborli jihati, Afg‘onistonning roli faqat mintaqaviy savdo bilan cheklanib qolmasdan, Pokiston va O‘zbekistonni bog‘laydigan Transafg‘on temir yo‘li, Turkmaniston – Afg‘oniston – Pokiston – Hindiston (TAPI) quvuri kabi ikki va ko‘p tomonlama tashabbuslar orqali mintaqada farovonlikni ta’minlaydigan energetika va infratuzilma loyihalari uchun keng imkoniyat yaratadi.

Fikrimcha, mintaqa manfaati yo‘lida birlashish, umumiy taraqqiyotga turtki berish, maxsus yo‘naltirilgan energetika va savdo yo‘laklariga jiddiy e’tibor qaratish vaqti keldi.

Ushbu yo‘laklar salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda hal qiluvchi zanjir o‘laroq, Afg‘onistonning strategik joylashuvi barcha manfaatdor tomonlarni bog‘laydi. Bu imkoniyatdan farovon kelajakni ta’minlash uchun foydalanish lozim.

Termiz muloqoti global muammolar urchib, beqarorlik kuchayib borayotgan bir sharoitda o‘tkazilayotgani uchun ham dolzarb. Shu ma’noda anjuman mavjud aloqalarni mustahkamlash, barqaror iqtisodiy o‘sish, xavfsizlikni ta’minlash, mintaqaviy barqarorlikni saqlash uchun samarali, o‘xshashi yo‘q platformadir.

O‘tkir Alimov suhbatlashdi.

O‘zA

Powered by GSpeech